Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish 6,5 foizga yetishi kutilmoqda

O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish 6,5 foizga yetishi kutilmoqda

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekistonning 2024 yilgi YaIM prognozini e’lon qildi.

Tadqiqotga ko‘ra, iqtisodiy o‘sish 6,5%ga yetishi kutilmoqda. Prognoz keng qamrovli ma’lumotlar, joriy iqtisodiy tendensiyalar va asosiy tarmoqlarning rivojlanishi bo‘yicha ma’lumotlar tahliliga asoslangan.

2024 yilning uchinchi choragi yakuni bo‘yicha O‘zbekiston iqtisodiyoti barqaror o‘sish sur’atlarini ko‘rsatmoqda. Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilning dastlabki to‘qqiz oyida mamlakat iqtisodiyoti 6,6% o‘sishni ko‘rsatdi.

Joriy yilning oktyabr oyida Markaz tomonidan hisoblangan ishbilarmonlik faolligi indeksi (IFI) o‘tgan oyga nisbatan 17,7% va o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 33,8% ga sezilarli o‘sishni ko‘rsatdi. Noyabr oyida IFIning o‘tgan yilga nisbatan o‘sishi 23,9% bilan yuqori sur’atlarda qolmoqda.

Ma’lumotlarni tahlili va hozirgi iqtisodiy tendensiyalar

Google Trends ma’lumotlari tahliliga ko‘ra, joriy yilning IV choragida faollik sezilarli darajada oshdi. «Avtotransport vositalari» kabi toifalar bo‘yicha so‘rovlar 6,1%ga, «biznes va sanoat» – 10,0%ga, «xaridlar» – 12,8%ga oshdi. Ushbu ko‘rsatkichlar iste’molchilarning qiziqishi va faolligi sezilarli darajada oshganligini ko‘rsatadi.

Umuman olganda, joriy iqtisodiy tendensiyalarni chuqur tahlil qilish, shuningdek, yuqorida qayd etilgan omillarni hisobga olgan holda, O‘zbekiston YaIMning 2024 yilda kutilayotgan o‘sishi 6,5%ni, diapazoni 6,3–6,7%ni tashkil etadi.

Iqtisodiyotning barqaror o‘sishi bir necha asosiy omillarga bog‘liq. Birinchidan, sanoatning jadal rivojlanishi, bu ishlab chiqarish hajmining oshishi va infratuzilmani modernizatsiya qilishda namoyon bo‘lmoqda.

Ikkinchidan, asosiy kapitalga investitsiyalarning o‘sishi, yangi ish o‘rinlari yaratish va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga yordam bermoqda. Uchinchidan, muhim faollik va takliflarning xilma-xilligini namoyish etadigan xizmat ko‘rsatish sohasi jadal rivojlanmoqda.

Yuqoridagi omillar yil yakunida barqaror iqtisodiy o‘sish uchun mustahkam asosni shakllantiradi va ijobiy kutilmalarni (shu jumladan, xalqaro tashkilotlar tomonidan) hosil kiladi.

Xususan, Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) YaIMning 5,6% o‘sishini kutmoqda, Jahon banki (JB) 6,0% va Osiyo taraqqiyot banki (OTB) ham 6,0% o‘sishni prognoz qilmoqda. Bu hisob-kitoblarning barchasi faol investitsiya faoliyati va davom etayotgan tarkibiy islohotlarga asoslangan.

2024 yil uchun O‘zbekiston YaIMning haftalik o‘sishi prognozi

Ma’lumot uchun: Prognoz ikkita yondashuvdan foydalangan holda amalga oshirildi: juda batafsil ma’lumotlar oqimiga asoslangan «Noukasting» va makroiqtisodiy sektorlarning (real, fiskal, tashqi iqtisodiy va pul-kredit) asosiy xususiyatlarini o‘rganuvchi va ularning iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari bilan aloqasini tushuntiruvchi «Moliyaviy dasturlash va siyosat» (FPP).

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring