Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«O‘zbek amaldorlari uch sababga ko‘ra ishdan olinadi...» – Sharof Boshbekov

«O‘zbek amaldorlari uch sababga ko‘ra ishdan olinadi...» – Sharof Boshbekov

Sharof Boshbekov

26-yanvar kuni o‘zbek adabiyot og‘ir judolikka uchradi: taniqli adib, zabardast dramaturg Sharof Boshbekov 71 yoshida vafot etdi. Yaratgan Egam betakror iste’dod ila siylagan yozuvchimizdan ichakuzar komediyalar, jiddiy pesalar, unutilmas hikoyayu kinoqissalar meros bo‘lib qoldi.

Sharof Boshbekov vijdoni uyg‘oq ziyoli sifatida millatimizning og‘riqli muammolari xususida teran publitsistik maqolalar ham yozgan edi. Endilikda boqiy dunyo fuqarosiga aylangan yozuvchining «Tafakkur» jurnalida «Umurtqasiz odam» degan nom bilan chop etilgan essesini e’tiboringizga havola etmoqdamiz. Bu – muallifning vaqtli matbuotda e’lon qilingan so‘nggi maqolalaridan biri bo‘lsa ajab emas.  

O‘zbekistonda keyingi 25-30 yil ichida ro‘y bergan ijtimoiy-siyosiy evrilishlar haqida so‘z ketganda, mening ko‘z oldimga Tanzaniyadagi Serengeti pasttekisligi keladi. Bu tekislik maydoni nihoyatda katta bo‘lib, unga Keniya davlatining Masai-Mara qo‘riqxonasi ham kiradi. Ushbu go‘shada har yili bir marta tabiatning misli ko‘rilmagan mo‘’jizasi ro‘y beradi. Qurg‘oqchilik pallasida millionlab jonivorlar yoppasiga suv qidirib yo‘lga chiqadi. Aks holda suvsizlikdan halok bo‘lishi mumkin... Bu g‘aroyib hodisa fanda «buyuk ko‘chish» deb ataladi.

Mening Vatanimda ham Rossiya, Qozog‘iston, Janubiy Koreya va Amerika tomonlarga «buyuk ko‘chish» sodir bo‘ldi, hamon bo‘layotir. Ehtimol, odamlarni hayvonlar bilan qiyoslash noo‘rindir, lekin mushtarak bir jihat bor: ikkala holatda ham jon saqlab qolish uchun kurash ketyapti. Yalpisiga, ommaviy ko‘chish shu qadar kuchayib ketdiki, ba’zi qishloqlarda hatto tobut ko‘targani to‘rt erkak topilmay qoldi. Baquvvatroq ayollardan biri to‘n ustidan belbog‘ni mahkam bog‘lab, to‘rtinchi bo‘lib tobut ko‘targanini eshitganmiz. Nima bu? Ikkinchi jahon urushi davrida shunaqa bo‘lgan: hamma yumush ayollar, bolalar va qariyalarga qolib ketgan.  Ammo xalqimiz uchun nihoyatda og‘ir bo‘lgan o‘sha  yillarda ham; qimmatchilik, ocharchilik, qahatchilik yillari ham yurtimizda ayollar mardikorlikka chiqmagan!

Bu gaplarni nima uchun aytyapman? Shuning uchunki,  jamiyatda ijtimoiy-siyosiy ahvol qanday bo‘lsa, millatning ma’naviy qiyofasi ham shunga muvofiq bo‘ladi. Zig‘ircha kam ham, ko‘p ham emas.

* * *

Hamma balo o‘shanda boshlandi. Bir kechada kolxoz va sovxoz degan tuzilmalar tarqatib yuborildi. Million-million kolxozchilar ertalab uyg‘onib qarasa, o‘sha kundan e’tiboran hech kim emas ekan! Bir kechada! Kolxoz-sovxoz tizimi moliyaviy, yuridik, ijtimoiy jihatdan to‘liq shakllangan tuzilma bo‘lib, harna, odamlarning kuniga yarab turgan edi. Allaqayoqdan «fermer», «ofis», «supermarket», «shef», «shou» degan millatga yot tushunchalar paydo bo‘ldi. Bu so‘zlar chirib borayotgan kapitalizm dunyosiga mansub deb tushuntirilgan edi-ku bizga! Kolxoz «fermer xo‘jaligi»ga aylantirildi, birinchi sekretar «hokim» deb o‘zgartirildi. Xo‘sh, bu bilan nima o‘zgardi? Hech nima. O‘sha «chirib borayotganlar»ga kulgi bo‘lganimiz qoldi, xolos.

Fermerlik nimaligini oradan taxminan o‘ttiz yil o‘tib, endi-endi sal tushungandek bo‘lyapmiz. Avval-boshda fermerlik – davlat yerlarini puldorlarga sotish bo‘lsa kerak, deb taxmin qildik. Puli ko‘p it ham, bit ham yer ola boshladi. Chayqovchi hokimlar dalalarimizni o‘ngu so‘lga pullayverdi. Natijada poraxo‘rlik, korrupsiya avjga chiqdi, millionlab kolxozchi va sovxoz ishchilari ko‘chada qoldi. «Yer sotgan – er bo‘lmas» degan naqlni unutib, hayot tarzimiz bugungidek tashvishli ahvolga kelib qoldi. Keyin bildikki, fermerlik degani butunlay boshqa narsa ekan. G‘arbga sajda qiluvchilarning ko‘ngli uchun, mayli, kolxoz-sovxoz tizimi bilan baqamti fermer xo‘jaliklari ham ishlayversin edi. Xalqning o‘zi ma’qulini tanlab olardi, axir. O‘shanda «buyuk ko‘chish»lar sodir bo‘lmasmidi deng... Hayronman, birinchi prezidentimiz o‘zi iqtisodchi bo‘laturib nega bunday yo‘l tutdi ekan? Keyin xatosini anglab qolib, «Yangisini qurmay turib eskisini buzmaslik kerak» degan shiorni o‘rtaga tashladi. Ammo endi kech, poyezd allaqachon ketib bo‘lgan edi.

Bu ijtimoiy to‘s-to‘polonda ayniqsa ayollarimizga qiyin bo‘ldi. «Temir xotin»dagi Qumrining ahvoli holva bo‘lib qoldi. Ilgari o‘zbek ayoli deganda ko‘z oldimizga ketmon ko‘targan zaifa obrazi kelardi, endi esa o‘zidan ham katta xo‘jalik sumkasini ko‘targan ayol qiyofasi gavdalanadi. Hozir ayrim odamlar o‘g‘il ko‘rsa sevinmaydigan bo‘lib qoldi, xudodan qiz so‘raydi. Chunki qiz toparmon-tutarmon bo‘ladi, oilasini (erini ham qo‘shib) boqadi. «Boquvchisini yo‘qotgan» deb otasi o‘lgan farzandlarga emas, onasi o‘lganlarga aytiladigan zamon keldi go‘yo. Hozir o‘g‘ilni uylantirmaydilar, boyvachcharoq bir qizga «ilib qo‘yish» payida bo‘ladilar. O‘g‘il bola biron ishning boshini tutib, hechqursa, o‘z qornini to‘yg‘azsa ham katta gap bo‘lib qoldi. Bizning zamonda boshqacha edi, otamiz uylantirib qo‘yardi – tamom, keyin o‘z aravamizni o‘zimiz tortar edik.

Ma’lumotlarga ko‘ra, million-million hamyurtlarimiz tirikchilik vajidan xorijga chiqib ketgan. Ularning har birida ikki-uch farzand bor. Bu yog‘i oddiy arifmetika. Necha million bola otasini ko‘rmay boshi egik, tili qisiq, jur’atsiz bo‘lib o‘syapti?! Bu yoshlardan nima kutamiz? Na o‘qishining tayini bor, na tarbiyasining!

Bir vaqtlar AQSh armiyasiga chaqirilgan yigitlarning ayrimlari ayolsifat qiliqlari, xotinchalish gap-so‘zi bilan qabul komissiyasini lol qoldirgan ekan. Darhol buning sababini qidirishga kirishilibdi. Harbiylarga gap yo‘q – darrov topishibdi. Oilada bolani ona tarbiyalaydi, unga qaraydigan enaga – ayol, bog‘chada ayol tarbiyachi, maktabda ayol o‘qituvchi, oliy o‘quv yurtida ham shu ahvol. Axir, bola umrida otasidan boshqa erkak zotini ko‘rmagan bo‘lsa, unda qat’iyat, mardlik, jasorat kabi xislatlar qanday shakllansin?! AQSh harbiylarining talabiga binoan maktab, hatto bog‘chalarga erkaklar jalb qilina boshladi. Ularga ikki-uch barobar ko‘p maosh belgilandi. Sho‘ro mafkurachilariga xudo berib qoldi-ku: «Ana, kapitalistik mamlakatlarda xotin-qizlar mehnati kamsitilmoqda!»  Ular parvo qilishmadi. Kino va teatrlarda haqiqiy erkak obrazlari paydo bo‘ldi. Arnold Shvarsenegger, Van Damm, Chak Norris, Silvestr Stallone, Stiven Sigal va boshqalarning jangari qahramonlari harbiylar buyurtmasiga binoan dunyoga kelgan.

* * *

Mard, jasur, adolatli odam, hatto u eng katta rahbar bo‘lsa ham, birovni maqtab kun ko‘rishni, bola-chaqa boqishni o‘zi uchun or deb biladi. Afsuski, yoshlarimizning maqta-maqtaga moyil «umurtqasiz» toifasi paydo bo‘ldiki, ko‘rib lol qolasiz. Yoshlarning «umurtqasini to‘g‘rilash» uchun biz ham AQSh harbiylari tutgan yo‘lni tanlasak yomon bo‘lmasdi deb o‘ylayman.

Biz adabiyot va san’atda zamon qahramonini yaratamiz deb chiranib yotibmiz. Lekin sira o‘xshamayapti qurmag‘ur. O‘xshamaydi ham. Chunki biz mo‘ljalni noto‘g‘ri olyapmiz – asarlarimiz binosini maqtash va maqtanish negiziga quryapmiz. Vaholanki, zamonaviy qahramon deganda o‘quvchini (tomoshabinni) ijtimoiy faollikka undaydigan obrazlar tushunilishi kerak.

Tunov kuni televizor ko‘rib o‘tirsam, bir shoir bola kattalarni maqtab she’r o‘qidi. Hali maktabbola bo‘lgan bu yigitchaga maqtovbozlik nimaga kerak bo‘lib qoldi ekan? Axir, hatto Prezidentning o‘zi «Kim meni maqtasa – dushmanim!» deb turibdi-ku. Ammo shunda ham maqtayveramiz! Jag‘imiz tushib qolguncha maqtaymiz! «Bugun sarbonimizni maqtab she’r yozolmadim» deb uxlolmay chiqqan shoirlarimiz qancha! To‘g‘ri, qiyin, xiyla mushkul. Lekin chidash kerak. Buning uchun odamda matonat bo‘lmog‘i lozim. Tishingizni tishingizga qo‘yib sabr qiling, shoir inim, bir uxlab tursangiz ko‘rmaganday bo‘pketasiz!

Maqtayverib-maqtayverib, qay ahvolga keldik? Keyin nolib yuramiz: «Falonchi zulmkor bo‘lib ketdi, ijod erkinligini bo‘g‘ib qo‘ydi!» O‘zimiz shunday qilib qo‘ydik-ku, maqtayverib holi-joniga qo‘ymadik-ku! Nahotki, hali-beri ko‘zimiz ochilmasa?

O‘tgan yil oxirida rejissyor Olimjon Salimov O‘zbek davlat drama teatrida mening «Yer baribir aylanaveradi» degan pesamni sahnalashtirdi. Asar nima haqida? O‘zbek amaldorlari uchta masalada obro‘si bir pul bo‘lib, ishdan olinadi. Birinchisi hammaga ma’lum illat – poraxo‘rlik. Ikkinchisi – ayollar masalasi (chiroyli-chiroyli kotiba qizlar). Uchinchisi – farzandlar tufayli. Ma’lumki, katta amaldorning bolasiga hech kim e’tiroz qilolmaydi. O‘g‘li yoki qizi bosar-tusarini bilmay yuraveradi, chunki uning mushugini «pisht» deydigan mard anqoga shafe.

Men mazkur asarni yozish asnosida to‘rtinchi sababni ham kashf etdim. Bu – maqtov balosi ekan. Maqtov radiatsiyaday gap: hidi yo‘q, ta’mi yo‘q, rangi yo‘q, hujayra va to‘qimalarga singib borib, odamni shaxs sifatida ich-ichidan yemiradi, xarob qiladi. Maqtalayotgan kishi tashqaridan odamga o‘xshaydi, xolos, aslida, ichi chirib-irib ketgan bo‘ladi. Eng dahshatlisi – buni o‘zi sezmaydi.

Namangan viloyatida «Temir xotin» filmini suratga olib yuribmiz. Xalq artisti Nabi Rahimov keladigan bo‘lib qoldi. Kichkinagina roli bor edi. Nabi akaning tashrifidan xabar topgan viloyat, tuman rahbarlari tipirchilab qolishdi-ku! Hali u yoqqa uchrashuvga olib ketib qolishadi, hali bu yoqqa ziyofatga. Rejissyorimiz jig‘ibiyron. Shunday uchrashuvlardan navbatdagisi tuman tug‘ruqxonasida bo‘ldi. Tumonat odam yig‘ilgan. Tug‘ruqxona bosh vrachi, ko‘hlikkina ayol uchrashuvni ochib berdi:

– O‘rtoqlar! Bizning tug‘ruqxonamizda hamma sharoitlar muhayyo: chet eldan zamonaviy jihozlar, asbob-uskunalar olib kelib o‘rnatdik. O‘tgan yili 85 nafar chaqaloq dunyoga kelgan bo‘lsa, bu yil hovim buvamizning sharofatlari bilan 120  nafar chaqaloq tug‘ildi!

Gap kelganda otasini ham ayamaydigan Nabi aka luqma tashladi:

– Bu gapdan chaqaloqlarning otalari xabardormi?..

Gurra kulgi ko‘tarildi. Bosh shifokor qizarib, rahbarlarning rangi bo‘zardi...

* * *

Qishlog‘imizda Ko‘li bova degan chol bo‘lardi. Shu deparada birinchi bo‘lib shapka kiyganlardan. Partiya a’zosimi-yo‘qmi – menga qorong‘i, lekin o‘zbek bo‘lsa ham millati kommunist edi. Nihoyatda gapga chechan, zo‘r notiq, to‘y-ma’rakalarda doim o‘rtada – gapini hech kimga bermaydigan odam edi. Shahardagi qanaqadir texnikumni bitirib kelgan. Otamning sakkiz sinf ma’lumoti bilan maktabga direktorlik qilganiga qaraganda, texnikumni bitirgan mutaxassis bizning qishloq o‘lchovida akademik darajasidagi odam hisoblangan bo‘lsa kerak. Urushdan keyingi yillar kadrlar masalasi eng dolzarb muammo edi-da.

Qish. Dala-dashtni, bel barobar desam lofdir, tizza bo‘yi qor qoplagan. Ko‘li bova to‘ydan qaytyapti. Ziyofat quyuq bo‘lgan ko‘rinadi – kayf joyida. Bir payt zahar tang qilib, «yozilmoqchi» bo‘ladi. U yoq-bu yoqqa qaraydi: hech zog‘ yo‘q. Oppoq qorga sap-sariq bo‘lib tushayotgan «yozuv» bova gandiraklab turgani uchun «P»ga o‘xshab ketadi. Kommunistlik qonda bor emasmi, darrov «P»ni «PARTIYa»ga aylantirib yuboradi... Buni uzoqdan bir cho‘pon kuzatib turgan ekan. Yaqin kelib qarasa, haligi ahvol. Zudlik bilan selsovetga yuguradi. Selsovet raisi ikkita melisa bilan yetib kelib ko‘rsaki, partiya «xor bo‘lib» yotibdi! Bunday «bedodlik»ka chiday olmagan rais Ko‘li bovani uxlab yotgan joyidan to‘ppa-to‘g‘ri Kolimaga, surgunga jo‘natib yuboradi.

Yo‘q, men zamonning telbavor ekaniga hayron bo‘lmayman, meni boshqa narsa ajablantiradi. Haligi cho‘ponning psixologiyasini qarang. Qordagi yozuvni tayog‘i bilan o‘chirib tashlasa bo‘lardi-ku. Harqalay, bir qishloqning odami – ertaga ko‘z ko‘zga tushadi. Xo‘sh, bu bilan nimaga erishdi u? Orden oldimi? Yo lavozimi ko‘tarildimi? Keyin anglab yetdimki, bu ham maqtovning bir ko‘rinishi ekan.

Ko‘li bova surgunda ko‘p bo‘lmadi, Stalinning vafotidan so‘ng oqlanib keldi. Biz, yoshlar u kishidan qamalishining sababini so‘raganimizda, miyig‘ida kulimsiragancha «PARTIYa»ning o‘rniga «STALIN» deb yozsam bo‘lar ekan» der edi. Eh, soddagina bovam-a... Ko‘li bova men ikkinchi kursda o‘qiyotganimda vafot qildi. Bola-chaqayu nevara-chevaraning oldida, hamma bilan rozi-rizolik qilib, izzat-ikromda. Janozada tumonat odam yig‘ildi. Viloyatdan, tumandan, hatto Toshkentdan yuzlab shogirdlari hozir bo‘lishdi. Bizning qishloq qishloq bo‘lganidan buyon bunaqa ko‘p yengil mashina ko‘rmagan bo‘lsa kerak...

Otamning aytishicha, «siyosiy hushyor» cho‘pon qishloqda bosh ko‘tarolmaydigan bo‘lib qolibdi. Hamma «Ko‘li bovaning qamalishiga shu aybdor!» deya barmog‘i bilan ko‘rsatadigan bo‘libdi. Qismati ham nihoyatda ayanchli yakun topgan ekan – bo‘ri yeb ketibdi. Qarindosh-urug‘ qolgan-qutgan suyaklarini yig‘ishtirib, imi-jimida ko‘mib kelgan ekan... O‘shandan beri birovning sha’niga hamdu sano o‘qiyotgan odamni ko‘rsam, «Ehtiyot bo‘l, bo‘ri yeb ketmasin!» deb qo‘yaman.

Yana «Yer baribir aylanaveradi» spektakliga qaytamiz. Mansabning mazasini ham, azasini ham tatib ko‘rgan sobiq amaldor bunday deydi: «Nega menga hech kim «yo‘q» demaydi? Gapimni inkor qilib, qarshi chiqsa nima bo‘ladi? Osmon uzilib yerga tushadimi, yo Yer aylanishdan to‘xtab qoladimi? Axir, hech nima bo‘lmaydi-ku! Voy, xudoyim-ey, ijod ahlining ahvoli bu, ilm ziyolilarining ahvoli u – boshingni qaysi toshga urishni bilmaysan! Maqtov va laganbardorlik chidab bo‘lmas darajaga yetdi! Qurvaqani bossang «vaq» deydi, bularni bossang «xo‘p» deydi! E, odamning har nima bo‘lgani yaxshi!..»

Ha, laganbardorlik – maqtovning davomi. Bizdan bitta narsa talab qilinadi – u ham bo‘lsa farzandlarimizni yurtimizda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarning yaxshisidan quvonib, yomonidan uyalib yashashga; eng muhimi, maqtashga emas, faxrlanishga o‘rgatmog‘imiz lozim.

Gohida aksar millatdoshlarim tomirida haligi cho‘ponning bir tomchi qoni qo‘shilib oqmayaptimikan, deb o‘ylab qolaman. Aks holda Cho‘lpon, Usmon Nosir, Qodiriylar juvonmarg bo‘lib ketmasmi edi?! Televizorda she’r o‘qiyotgan haligi shoir bolaning, tug‘ruqxona bosh vrachi – do‘xtir opamizning, otasiz va jur’atsiz bo‘lib o‘sayotgan bolalarimizning qoni tozamikan degan xayollar o‘rtaydi... Doim ham shunday bo‘lib qolmas, deb o‘zimni yupataman. Bir kun kelib «bo‘ri yeb ketmaydigan»lar avlodi yetishib chiqishiga juda-juda ishongim keladi...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring