O‘rtamizdagi dunyo – Sizningcha g‘olib bo‘lish muhimmi yoki baxtli?
Makston Xoll – O‘rtamizdagi dunyo seriali, uning bunday nomlanishi bir qarashda sirli bo‘lib tuyulishi tabiiy. Ammo, serialni ko‘rganingizda o‘ziga ishongan Rubi Bell bilan mol dunyosi va nufuziga ishongan Jeyms Biufortning o‘rtasidagi dunyo sizni o‘z domiga tortadi.
Makston Xoll – oddiy maktab emas, balki millionerlarning kichik bir dunyosidir. «Besh qo‘l barobar emas» – zodagonlar maktabida Rubi Bell kabi stipendiya olish uchun oylab tayyorlanadigan o‘quvchilar ham tahsil oladi. O‘smirlar hayoti, ularning ichki kechinmalari, hissiyotlarini o‘ziga qamrab olgan Makston Xoll maktabiga kirish men uchun ham juda qiziq bo‘ldi.
Ikki dunyoqarashning bir manzildagi to‘qnashuvi
Bu serialda Rubi Bellni qahramon qilib olishingiz turgan gap. Negaki uning orzulari va tamoyillari boshqalardan ajralib turadi. Film avvalida aytgan fikr ham buning yorqin isboti: «Har bir kishi bu hayotda o‘zi hohlagandek yashashi mumkin. Lekin bunga faqat bir joyda erishish mumkin – Oksford Universitetida. Uni bitiruvchilar uchun hamma eshiklar ochiq bo‘ladi. Agar shu o‘quv choragini muvaffaqiyatli tamomlasam, 365 kundan so‘ng Oksford Universitetida bo‘laman. Makston Xoll bu mening imkoniyatim!»
O‘zimizda ham OTMlarga kirishni orzu qilayotgan har bir abituriyentning qalbidan o‘tadigan gaplar emasmi bular?
Rubi Bellga o‘xshagan o‘smirlarda orzuga erishish uchun o‘ziga bo‘lgan ishonchning yuqoriligi tomoshabinni hayratga soladi, albatta. Ammo qanchadan qancha orzularing bo‘lmasin yo‘lingda uchraydigan to‘siqlar ham yetarlicha.
Aslzoda
Boshida Rubi uchun muammolarni keltirib chiqargan, lekin keyinchalik uni butun maktabga tanitgan, Jeyms Biufort ham serialdagi bosh qahramonlardan biri. Jeyms mo‘jazgina tikuvchilik fabrikasidan xalqaro kompaniya darajasiga erishgan Biufortlar sulolasining davomchisi. (Biufort ingliz zodagonlari uslubidagi qadimiy brend, ularning kolleksiyasi bir necha yuz yillar mobaynida jamlangan)
Shuning uchun bo‘lsa kerak, uning qarashlari ko‘proq aslzodalarga mos keladi. U hayotni shaxmat donalaridek ya’ni «Piyodalar bir umr qirol bo‘lish uchun kurashishi mumkin, ammo faqat qirol bo‘lib tug‘ilganlargina nufuz nima ekanligini tushuna oladi», deb tasavvur qiladi. Chunki uning otasi Mortimer Biufort yoshlikdan qo‘lingda hokimyat bo‘lsa, hayotda g‘oliblar qatorida bo‘lasan qurolingni tashlagan kuning mag‘lub bo‘lasan, deya o‘rgatib kelgan. U hayotdagi odamlarni g‘oliblar va mag‘lublarga ajratishni bilardi halos.
Pul va mol dunyo esa ular o‘rtasidagi eng katta tafovut.
Begona boylik
Bu ikki xil dunyoqarash insonlar o‘rtasida doim bahs va munozaralar keltirib chiqaradi. Bir kuni darsda Rubi achchiq bo‘lsada Jeymsga bor haqiqatni aytadi: «O‘zing hech qanday hissa qo‘shmagan boyligingni ko‘z-ko‘z qilib yashamoqchimisan? Behisob mol-dunyo bo‘lganda g‘oya va orzularni keragi bo‘lmay qoladi. Meros ham hech narsaga arzimaydi. O‘zing ham hech kim emassan shu sababdan hech kim senga jiddiy qiziqish bildirmaydi, faqat pulingga qiziqishadi».
Bu hayotdagi ayni haqiqat. Ba’zi boy oilada tug‘ilgan bolalar doim ota-onasidan mag‘rurlanishadi va o‘zidan quyi tabaqadagi odamlarga past nazar bilan qarashadi. Tanganing ikkinchi tomonida esa, oddiy oila farzandlari boy oilalarning imkoniyatlari cheksiz va har qanday holatda ular uchun barchasi muhayyo deb o‘ylashadi. Ammo, eng katta g‘oyalar va orzular, imkonsiz paytlarda tug‘ilishini bilishmaydi. Sababi inson doim o‘zida yo‘q narsalarni qidiradi. Ularga erishish uchun bor kuchi bilan karakat qiladi, xuddi Rubi Bell kabi…
Romantik hisoblangan bu serialda, Rubi va Jeyms o‘rtasida boshlangan nafrat keyinchalik chin muhabbatga aylanganini ko‘rishingiz mumkin. Aslida, serial Mone Kastenning «Meni qutqar» romaniga asoslanib suratga olingan. Jeyms qanchalik mol-dunyo va imkoniyatlari ko‘p bo‘lmasin, hayotda o‘ziga eng yaxshi yo‘l ko‘rsatuvchi sifatida Rubini tanlaydi. Hech kim uni eshitishni xohlamaganda ham Rubi unga yordam beradi.
Dialog
Jeyms:
- Men matbuat anjumaniga borishni ham Biufortni boshqarishni ham xohlamayman. Hatto, Oksfordga kirishni ham unchalik hohlamayman.
Rubi:
- Rostanmi?
Jeyms:
- Tayyorlov kursida haq gapni aytganding, ismim bo‘lmasa men hech kimman. Qog‘ozda ko‘plab imtiyozlarim, imkoniyatlarim bor. Lekin, hayot borasida o‘zim qaror qabul qila olmayman.
Rubi:
- O‘zing nimani xohlaysan? Agar tanlash imkoning bo‘lganda nima seni baxtli qilgan bo‘lardi?
Jeyms:
- Buni bilmayman to‘grisi.
Rubi:
- O‘ylashimcha, hammada bu dunyoni unutadigan lahzalar bo‘ladi. Har bir qadami fikridan shubhalanmaydi. Shunchaki, hislariga tayanib olg‘a yuradi shunday hissiyotlarga erk berishni o‘zi hayot deb o‘ylayman. Aslida nima bilan shug‘ullanishga ishtiyoqing borligini bilishing kerak!
Baxt hamma uchun bir xil emas…
Baxt — ma’naviy-axloqiy tushuncha. Kishi o‘z faoliyati natijalaridan, hayotda qo‘lga kiritgan yutuqlaridan to‘la qoniqish, yashash tarzidan mamnunlik, muayyan maqsadga yetganlik, orzu-umidga yetish, armonlar ushalishi sifatida namoyon bo‘ladi. Baxtni qanday ma’noda tushunish shaxsning ijtimoiy o‘rniga, bilimi, yoshi, dunyoqarashiga bog‘liq.
Baxt uchun hamma insonda turli xil ta’riflar bor. Men uchun hozirgi yoshimdan kelib chiqadigan bo‘lsak, xuddi Rubi Bell kabi orzuyimdagi universitetga kirish baxtdir. Ammo Jeyms uchun buning mutlaqo aksi.
Dialog
Onasi:
- Har bir katta qadam oldidan hayajon bo‘ladi. Kelgusi yil universitet binosi ichida turib bu hayajonlar ustidan kulasan. Oksford senga yoqadi.
Jeyms:
- Mobodo yoqmasachi? Bu bilan biror narsa o‘zgararmidi.
Onasi:
- Nimalar deyapsan?
Jeyms:
- Agar o‘sha universitetni yoqtirmasamchi yoki tashlab ketmoqchi bo‘lsamchi, yosh Biufortning yuzi bo‘lishni xohlamasamchi, kompaniya ishiga qiziqmasamchi u holda nima bo‘ladi?
Onasi:
- Dunyoning eng yaxshi universitetlaridan biriga kirish imkoniyating bor. Yana mamlakatning eng nufuzli kompaniyalaridan birini boshqarish imkoni hammaga ham nasib qilavermaydi. Eng zo‘rlaridan biri bo‘lishing uchun imkoniyat bu. Qanchalik omadli ekanligingni tushunmayapsan.
Jeyms:
- Baxt hamma uchun bir hil emas buni o‘zingiz aytgansiz oyi…
Onasi:
- Yaxshi, agar buni xohlamasang, nimani xohlaysan?
Jeyms:
- Kimligimni bilish imkoniga ega bo‘lishni istayman!
Serialning so‘ngigacha, Jeymsning ota-onasi Biufortlar kompaniyasini boshqarish uchun uni munosib nomzod sifatida tayyorlashadi. Hattoki ota bu kompaniyani uning xohish va istaklaridan ham ustun qo‘yadi. Ana shu vaziyatda, Jeyms haq gapni aytdi: «Har doim biz hohlagandan ham ko‘ra muhimroq nimadir bo‘laveradi, toki o‘zimiz nima muhimroq ekanligi bilmagunimizcha». To‘g‘ri, bu hayotda har kim o‘z o‘rnida bo‘lmas ekan, hayot sekin-asta o‘z ma’nosini yo‘qotadi. Jeyms ham otasi aytgandek doim g‘olib bo‘lishni tanladi. Ammo, yakunda baxtsizlikka uchradi va onasini bir umrga yo‘qotib qo‘yganini bilmay qoldi. Shu lahzada, na kompaniya, na Oksford va na mol-mulk uning ko‘ziga ko‘rindi. Aksincha, barchasi o‘z ma’nosini yo‘qotdi, hatto, bularni unga o‘rgatgan otasi ham…
Rubiga esa orzusidagi Oksford universitetining eshiklari ochildi. Shu sahnada u hayotdagi baxt asli nimada ekanligini anglab yetdi. «Kelajak sari shoshilish yoki o‘tmishga qarashni hohlamayman men hozir shu yerda bo‘lishni istayman. Orzularni ro‘yobga chiqarish, o‘zi xohlagandek inson bo‘lish, xohlagan insonini sevish… Kelajagimni har qachongidan ham aniqroq ko‘ryapman. Nihoyat bosh qotirmaning hamma qismlari o‘z joyiga tushdi. Biz uchun hamma eshiklar ochildi faqatgina ichkariga kirsak bo‘lgani».
Avvallari Rubi yosh o‘smirlardek qachonki orzuyimga erishsam, Oksfordga kirsam baxtli bo‘laman deb o‘ylardi. Endi esa, Baxt Oksforda emas o‘z qo‘lida ya’ni baxtiyor oilasi bag‘rida ekanligini tushundi.
Serialni ko‘rib bo‘lganimdan so‘ng menda bir savol tug‘ildi: «Men ham bu hayotda Rubi kabi baxtli bo‘lishga urinyapmanmi yoki Jeymsdek g‘olib bo‘lishgami?»
Bu savolga sizda javob bormi?
Malikabonu Muhammedova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter