Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Odamlar nega tabibga boradi, «sehrli shifo»ning siri nimada?

Odamlar nega tabibga boradi, «sehrli shifo»ning siri nimada?

Issiq jonning isitmasi bor deganlaridek, inson biror dardga chalinsa undan tezroq forig‘ bo‘lishni istaydi va davolanishning eng oson usulini tanlashga intiladi. Bunda odamlar ko‘pincha xalq tabobati usullariga yoki ilohiy shifoga murojaat qiladi. Nega deysizmi?

Avvalo, poliklinikadagi shifokor bilan, tabiblarning bemorga individual yondashuvi farq qiladi. Oq xalatga bolalikdanoq qo‘rquv uyg‘otiladi. Qolaversa, jiddiy qiyofadagi meditsina vakili bemorni tekshirarkan, oldindan biror umidli gap aytmaydi. Uning dardini sovuqqonlik bilan tinglash barobarida, e’tiborini tibbiy varaqalarini to‘ldirishga qaratadi. Kamiga bemorni qon va boshqa tahlillarga, har xil uskunalar tekshiruviga yuboradi... Shu tarzda oylik maoshga ishlab, bemordan ataganini oladigan shifokordan farqli ravishda, aytganini dangal oladigan tabiblar mijoz bilan xushmuomalada bo‘ladi, ishontiradi, umidlantiradi. «Ixlos qilsang cho‘pdan», deganlaridek, ularning «mo‘’jizali muolajasi» ba’zilarga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Qanday deysizmi?

Ularga qatnovchi «ixlosmand»larning ko‘pchiligini sodda kishilarni tashkil etadi va bu jarayonda bionur yoki boshqa bir ilohiyot «sohibi»ning ishonch bilan bajargan muolajasi, «uch kunda tuzalib ketasiz, turing endi sog‘lomsiz...» kabi undashlari, bemorning markaziy asab tizimiga «ishonch» signali bo‘lib boradi va shu orqali vaqtincha o‘zini yengil seza boshlaydi. Shu tarzda «tabib»ga bo‘lgan ixlos-e’tiqodlari yanada kuchaya boradi. Darhol o‘sha «tabib»ning «qo‘li yengil»ligi haqida lof ura boshlaydilar va noodatiy yo‘llar bilan davolashga da’vogarlik qilayotgan firibgar-tabiblarning qabuli «gullashiga» sababchi bo‘lishadi. Ammo vaqt o‘tib, bu «mo‘’jizali muolaja»ning puchligi ma’lum bo‘ladi.

Kasallikni davolashdagi eng muhim omil bu — avvalo to‘g‘ri tashxis qo‘yish. Kasalliklar turli bo‘lib, ularning muolajasi bir-biridan farqlanadi. Haqiqiy tabib bu jarayonda – bemorning tomir urishini tekshiradi, tananing tegishli qismini qo‘l bilan paypaslab ko‘radi, tashxis qo‘yadi, keyin bemorning mijozidan kelib chiqib davolash usullarini qo‘llaydi. Shunday ekan, qanday qilib, dardi har xil bemorlarning barchasini bir xilda belini silab-siltab davolash mumkin?

Ko‘plab shov-shuvlarga sabab bo‘lgan qo‘qonlik tabibning muolaja seanslarida asosan shu tarzdagi xatti-harakatlar kuzatiladi. Shuningdek, bir safar O‘zbekistonga kelgan kurdistonlik «tabib» Mulla Mahmud Hasanning ham qabuliga minglab bemorlar mushtoq bo‘lgan edi. Biroq uning «mo‘’jizali muolaja»si ham vaqtinchalik ekanligi ma’lum bo‘lgandi.

Aslida tabobat ilmi amaliyotining 70-80 foizi dorivor o‘simliklar, dorivor jonivorlar va tabiiy ma’danlar orqali qo‘llaniladi. Biz yuqorida nomini keltirgan «tabib»lar esa bu unsurlardan hech birini qo‘llamagan. Balki inson ruhiyati orqali, gipnoz va ekstrasenslik qobiliyatlaridan foydalanish orqali davolashga uringan.

Tabib — tabiat ato etgan ne’matlardan foydalanib, biror kasallikni davolaydigan shaxs. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi belgilab qo‘ygan normaga ko‘ra, u o‘simlik, hayvon va ma’dandan foydalangan holdagina tabobat bilan shug‘ullanishi mumkin va diniy marosim, sehr-jodu tabobat deb atalmasligi alohida ta’kidlangan. Demak, aholining ishonchi va e’tiqodidan foydalanib, noodatiy yo‘llar bilan davolovchi bu soxta tabiblarning «muolajasi» belgilangan normalarga to‘g‘ri kelmaydi.

Bugun xalq xizmatida yana bir turdagi tabiblar: «shirin yolg‘on effekti» asosida davolovchilar ham ko‘p uchrab turibdi. Ular bemorga ta’sirsiz, ammo «mo‘’jizaviy» deb ishontirgan malhamni berib, platsibo effektini qo‘llaydi: bunda bemorni ishontirish, ong osti bilan ishlash kabi mexanizmlardan foydalanadi va ba’zi kasalliklarda bu vaqtinchalik foyda berishi mumkin. Ammo jarrohlik va boshqa shoshlinch amaliyot talab etadigan kasallarga bu aks ta’sir ko‘rsatadi.

Shunga ko‘ra, davolashning samarali, arzon va bezararini tanlashda avvalambor insonning o‘zida tibbiy madaniyat shakllangan bo‘lishi lozim. Bunda zamonaviy tibbiyotning ilmiy asoslangan va klinik amaliyotda o‘z tasdig‘ini topgan muolajasini tanlashadimi yoki xalq tabobati tajribasiga tayanishadimi o‘zlari hal qilishlari lozim. Ammo aslo soddalik bilan noan’anaviy tarzda «sehrli muolaja» taklif etuvchilarga bormasligi, ulardan ehtiyot bo‘lmoqlari lozim. Zero, bugun — meditsina zamoni.

Tug‘ilganimizdanoq shu muhitga tushamiz, paxta, bint bilan tanishamiz, turli kasalliklarga qarshi emlanamiz. Istaymizmi-yo‘qmi, atrof-muhit, ekologiya buzilishi, sun’iy taomlar, zararli odatlar tanamizni ancha «erinchoq» qilib qo‘ygan. Viruslar mutatsiyaga uchramoqda, mikroblarning yashovchanligi kuchaymoqda va bu holatda yuqorida ta’kidlangan birorta «sehrli muolaja»ning kor qilishi amrimahol.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring