Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sochi uzun «o‘zbek kelini»ning kutilmagan «evolyusiya»si

Sochi uzun «o‘zbek kelini»ning kutilmagan «evolyusiya»si

Butun dunyo kino sanoatida shafqatsiz qoida bor. Kechagi sevimlilar – bir kun unutilishga mahkum, agar ijoddan to‘xtab qolsa. Rejissyorlar yangi qiyofalarni kashf etadi, yangi yulduzlar porlaydi, avvalgilari esa ularning soyasida qolishi mumkin... Yillab tanaffusdan keyin yana qayta ijod boshlash, yangi rollar olish esa, kino olamida anchayin qiyin masala.

Aktrisa Nilufar Hamidova ilk bor serialda uzun sochlari bilan tanilgan bo‘lsa, keyin «kalta ko‘ylagi» bilan qaytadan tanildi. Aktrisaning «Tutash taqdirlar» serialidagi birinchi roli judayam ko‘pchilikka manzur bo‘lgan, u o‘sha obrazda haqiqiy o‘zbek kelini timsolini ifodalagan edi... Ammo o‘sha uzun sochli kelin timsoli tomoshobin ko‘z oldidan ketmay turib, kutilmaganda «ochiq» kiyimlarda namoyon bo‘la boshladi. Chiqishlaridagi mavzular ham o‘sha imidjda mos, bir safar intim munosabatlardan «dars» bersa, boshqa safar ko‘rsatuvda janjal ko‘taradi. Hatto bir safar «Million» jamoasi konsertida ochiq libosda sahnaga chiqqanligi uchun «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi tomonidan ogohlantirildi ham. Ammo bu ogohlantirish «chivin chaqqan»chalik ta’sir etmadi. Shu-shu ochiq-sochiq kiyimlar aktrisaning tashrif qog‘oziga aylanib qoldi.

Ijtimoiy tarmoqlar uning suratlari, videolari, shov-shuvli «tomoshalari» bilan g‘ij-g‘ij to‘ldi. Natija ham shunga yarasha bo‘ldi, «soqqa» qiladigan xizmatlar (to‘ylar) ko‘paydi. Rejissyorlar uni «san’ati»ga mos rollarga chaqira boshladi, aksariyati 18+ toifasida.

Nilufarxonim tanaffusdan qaytganidan so‘ng uning «ijodi» go‘yoki «yonyapti». Ha, buning uchun o‘ziga xos taktika zarur va aktrisa buni xunuk yo‘l bilan «eplayapti». Nazarimda, u endi hayotda ham rolga kirishib ketdi. O‘ziga shunaqa obraz yaratib olib, omma e’tiborini tortishga harakat qilyapti. Ammo bu obrazining umri uzoq deb bo‘lmaydi.

Aktrisa chiqishlaridan birida «men romantik aktrisaman» deydi, lekin o‘sha «romantik» rollarini deb o‘zbek oilalari bir dasturxon atrofida televizorni yoqa olmay qolyapti. Qaysidir bir rolida «jiyanim» deb, xushtorini uyiga mehmonga chaqiradi, «mehmon» bilan qaynona-qaynotali uyda ishqiy munosabatda bo‘ladi... Bunaqa «romantik» obrazlar o‘zbek filmlariga nega kerak? Kimlar uchun ular?

Bunaqa rollar, chiqishlar ayrim toifa tomoshabinlarni bir qiziqtiradi, ikki qiziqtiradi. Yuz qotgandan keyin kalta kuylak ham «jozibasi»ni yo‘qotadi.

Kino muxlislari suyuklilaridan o‘zgacha rollar kutadi. Bir vaqtlar ekranlarda haqiqiy o‘zbek kelini siymosi bo‘lgansiz. O‘zingiz fayz bag‘ishlagan oilalar davrasini endi «romantik» rollar bilan sovutmang. Balki, endi (kalta) etakni yig‘ishtirib, yana ijod qilish payti kelgandir. Yoki haqiqiy san’atda raqobatdan shunchalik qo‘rqasizmi?!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring