Netanyahu sud qora kursisida

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu 4-mart kuni so‘roq berish uchun Tel-Aviv okrug sudiga keldi. O‘n beshinchi eshituv davomida poraxo‘rlik, firibgarlik va vakolatni suiiste’mol qilishga oid jinoyat ishining navbatdagi epizodlari muhokama qilindi.
Netanyahu jinoyat ishida ayblanuvchi sifatida jalb etilgan ilk amaldagi hukumat rahbari sanaladi.
Aslida, unga qarshi jinoyat ishi 2020-yilda qo‘zg‘atilgan. Ammo yahudiy davlati hamda HAMAS o‘rtasidagi urush sabab mahkama jarayoni ortga surilgandi. 2024-yil dekabr oyida sud qayta boshlangan.
Besh yildan buyon cho‘zilib kelayotgan jinoyat ishi doirasida yana kamida 9 ta sud majlisi bo‘lishi kutilmoqda.
Netanyahu noqonuniy ravishda sovg‘a olish va ikki yirik OAVni sotib olishga urinishda ayblanmoqda.
Tergov idorasiga ko‘ra, Netanyahu milliarder va kinoprodyuser Arnon Milchandan uning tijoriy ishlariga ko‘mak berish evaziga bir necha o‘n ming dollarlik sovg‘alar olgan.
Bundan tashqari, u Walla yangiliklar saytiga egalik qiluvchi Bezeq telekommunikatsiya shirkatiga 475 ming yevrolik tartibga solish xizmatini taqdim etgan. Prokurorlar qaydicha, buning evaziga shirkatga qarashli OAV Netanyahu va uning xotini haqida maqtov ruhidagi materiallar e’lon qilgan.
Bosh vazir «Yediot Axronot» nashri bilan ham shunday munosabatga kirishishda ayblanmoqda.
Netanyahuning o‘zi ayblovlarni rad etmoqda.
Isroil qonunchiligida poraxo‘rlik uchun o‘n yilga qadar, firibgarlik va vakolatni suiiste’mol qilish uchun esa uch yilga qadar qamoq jazosi belgilangan.
Netanyahuni Xalqaro jinoyat sudi ham og‘ir jinoyatlar uchun ta’qib qilmoqda.
Avval xabar berganimizdek, 2024-yil 21-noyabr kuni Xalqaro jinoyat sudi G‘azo sektorida insoniyatga qarshi va urush jinoyatlari sodir etgani uchun Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantni hibsga olishga order bergan.
Ushbu ikki shaxsga G‘azo sektoridagi tinch aholini yashash uchun zarur bo‘lgan suv, dori-darmon, oziq-ovqat, tibbiy jihozlar, yoqilg‘i va elektr energiyasidan qasddan mahrum qilish aybi ham ilgari surilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter