Milliy gvardiyaning ayrim bo‘limlari Ichki ishlar vazirligi tuzilmasiga o‘tkazilgan

Joriy yil 18-mart kuni Bosh prokuraturada Prezident maslahatchisi D.Qodirov boshchiligida idoralararo yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Videoselektor tarzida o‘tkazilgan mazkur yig‘ilishda Prezidentning PQ-110-son hamda PQ-111-son qarorlari mazmun va mohiyati to‘liq yoritilib, kriminogen vaziyatni kundalik tahlil qilish va manzilli nazorat tadbirlarini amalga oshirish orqali mahallalarda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishni ta’minlash, bu borada «mahallabay» manzilli choralar natijadorligini oshirishning yangicha mexanizmlari ko‘rsatib o‘tildi.
Tanqidiy ruhda o‘tkazilgan yig‘ilishda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishda yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar aniq raqamlar hamda misollarda ko‘rsatib o‘tilib, galdagi vazifalar belgilab olindi.
Jumladan, jinoyatlar og‘irlik darajasi va toifasiga asosan «respublika–viloyat–tuman» darajasi tamoyili asosida so‘rov, muvofiqlashtirish va qat’iy nazorat tizimi yo‘lga qo‘yilishi ta’kidlanib, mas’ullarga bu borada aniq topshiriqlar berildi.
Bundan tashqari, Milliy gvardiyaning voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlar lavozimlari va 2 000 ta shtat birligini Ichki ishlar vazirligi tuzilmasiga o‘tkazilganligi ma’lum qilinib, ichki ishlar organlari tomonidan voyaga yetmaganlar bilan «Oila – mahalla – maktab» tamoyili asosida manzilli ishlash yo‘nalishida aniq vazifalar belgilab berildi.
Tadbir davomida hududlar hamda respublika idora va vazirliklarning rahbarlari, mas’ul xodimlari tushuntirish va axborotlari eshitildi.
Eslatib o‘tamiz, bir muddat oldin ijtimoiy tarmoqlarda Milliy gvardiyaning Qo‘riqlash xizmati Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Qo‘riqlash departamentiga aylantirilgani haqidagi xabarlar tarqalgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter