Innovatsiya vazirligi qariyb 30 mln. so‘m evaziga aholidan qadimiy kitoblar sotib oldi (foto)
Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan aholida saqlanayotgan noyob qo‘lyozma, toshbosma kitoblar va tarixiy hujjatlar xarid qilindi, deb xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.
Bu milliy o‘zlikni anglash, tarixiy xotira davomiyligini ta’minlash, ulkan yozma merosni asrab-avaylash, boyitib borish va tadqiq qilish hamda madaniy va ma’naviy qadriyatlarni ommalashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targ‘ib qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra amalga oshirildi.
Jamg‘arma ijro etuvchi direksiyasi, Fanlar Akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti va noyob hujjatlar egasi bo‘lgan jismoniy shaxslar o‘rtasida o‘rnatilgan tartibda shartnomalar tuzildi hamda 29,2 mln. so‘m mablag‘ noyob hujjatlar egalariga o‘tkazib berildi.
Xarid qilingan 38 turdagi kitoblar, qo‘lyozmalar tarixiy, badiiy, adabiy, diniy va ilmiy ahamiyatga oid manbalar hisoblanadi.
«Aholidan noyob kitoblar, tarixiy hujjatlar sotib olinarkan, ularni ilmiy muomalaga kiritish maqsad qilib qo‘yilgan. Yosh tadqiqotchilarga tadqiqot manbai sifatida xizmat qilishi mumkin bo‘lgan bu tarixiy ashyolar aholi qo‘lida qolib yo‘qolib ketishi yoki yaroqsiz holga kelishining oldi ham olinadi. Bundan tashqari, qo‘lyozmalarni zarur shart-sharoitlarda saqlanishi, restavratsiya qilinishi ta’minlanadi», deyiladi vazirlik xabarida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter