Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Nurbek Alimov

Oz narsani qurbon qilgan odam, oz narsaga erishadi. Ko‘p narsani xohlagan odam esa ko‘proq narsadan voz kechishi kerakligini biladi.

Hokimlar va bo‘lajak deputatlik saylovlari

Hokimlar va bo‘lajak deputatlik saylovlari

Foto: law-lider.ru

Menga shu sohaga aloqador insonning yozishicha, bu yilgi saylovlarni demokratik ochiq oshkora o‘tishidan umid yo‘q. Hozirdan hokimlar (viloyat, tuman va shahar hokimlari) deputatlikka faqat o‘zi tanlagan odamlarini qo‘yishga harakatni boshlashgan.

Saylov kodeksining yangi tahririga binoan endi hokimlar shahar, tuman, viloyat Kengashlariga rahbarlik qila olishmaydi (eski tartib bo‘yicha ular deputat sifatida saylanib, Kengashlarga apriori rahbarlik qilishar edi).

Endi agar deputatlar hokimlikdan mustaqil bo‘lib, ularni nazorat qilishsa, hokimlarning ularga tishi o‘tmay qolishidan qo‘rqishmoqda, shunga tayyorgarlik, deydi suhbatdosh.

Hozir saylovlarga nomzodlarni hokimiyat nazoratidagi tashkiliy bo‘lim ko‘rib chiqmoqda. Masalan, Farg‘ona viloyat hokimi Oliy Majlisga hech kimni qo‘ymayapti. Ishonsangiz, tumanlardan biridan nomzodi ilgari surilgan partiya siyosiy kengashida bo‘lim boshlig‘i lavozimida ishlayotgan nomzodni ham 2-3 marta inkor qilibdi. Nomzodlikka asosan viloyat hokimiga sodiq odamlar, yoki jinoiy o‘tmishi bor, boshqarish oson kishilar qabul qilinyapti. Xullas, Toshkentni bilmadim, viloyatlarda yana eski vaziyat. Siyosiy kengashning ham tishi o‘tmayapti, qoida bo‘yicha siyosiy kengash taqdim qilgani bilan, viloyat tashkiliy bo‘limi tasdiqlashi lozim ekan.

Bu faktlar, ya’ni tashkiliy bo‘limdan qaytarilayotgani, partiya siyosiy kengashi doirasidagi aniq va tarqatilmagan ma’lumot. Partiya imkon qadar kelishishga majbur ekan, deya fikrini yakunlaydi suhbatdosh.

O‘zbekistonda bir yozilmagan qoida bor, tuman, shahar va viloyatlardagi har bir tashkilot hokimiyatga bo‘ysunadi. Eng qizig‘i, beshta siyosiy partiyaning hammasi norasmiy ravishda hokimliklarga bo‘ysunib, uni aytganini qilib ishlaydi. 

Ex. Men bo‘lsa, endi hokimlarni ham saylash payti kelmadimikin deb yuribman. Avval siyosiy partiyalarni ularning changalidan qutqarish kerak ekanku. Siyosiy partiyalarni hokimlar qaramligiga sabab esa oddiy: ularga qo‘yilayotgan a’zolik badallari, obuna kabi ishlarni ularni ruxsatisiz bajara olishmaydi, chunki partiyalarda 50 foizi «o‘lik» a’zolar. Qolgani o‘zi partiyadaligini ham bilmaydigan budjet tashkilotlari ishchilaridan tashkil topgan. Shuning uchun hokimiyatning qosh qovog‘iga qarab o‘tirishadi.

Endi qarang, siyosiy partiyalarga, ya’ni mustaqil siyosiy kuchga ega bo‘lib, ertaga deputatlarini saylab, qonunlar chiqaradigan shu tashkilotlarni ustidan, o‘sha qonunlar ijrosini bajaruvchi ijro hokimiyati boshliq bo‘lib olgan. Bu xuddiki supermarketdagi sotuvchi, o‘sha supermarket direktorini ota onasiga nima ish qilishni buyurayotganday gap. Shu darajada absurd tizimni ko‘rganmisiz?

Hurmatli hokimbuvalar, shundoq ham ishingiz ko‘p, shu partiyalarni o‘z holiga qo‘yib, saylovlarni demokratik ruhda, haqiqiy shu ishga loyiq odamlarni saylab o‘tkazaylik. Shundoq ham xalq deputatlarini tanimaydi, ertangi fuqarolik jamiyati qurishimizga ozgina hissangizni qo‘shing.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring