Fuqarolarning «organ xodimlari»ni foto, videoga olish va uni tarqatish huquqi saqlab qolindi

24 yanvar, juma kuni bo‘lib o‘tgan Senatning uchinchi yalpi majlisida «Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida»gi Qonun ham ko‘rib chiqildi.
Qayd etilishicha, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilayotgan yangi 195-2-moddasi ham to‘liq qayta ishlandi. Jumladan, fuqarolarning huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini foto, video tasvirga tushirish va tasvirlarni tarqatish huquqi saqlab qolindi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati to‘liq saqlanib qolmoqda. Oldingi tahrirdan farqli ravishda bor narsani ijtimoiy tarmoqqa qo‘yganlik uchun javobgarlik belgilanmayapti.
Qonunda faqat xodimlarning tasvirini ularni obro‘sizlantirishga olib keladigan tarzda buzib tarqatmaslik, ya’ni xodimning harakatlari, so‘zlari va yuz bergan holatni buzmaslik, shu maqsadda montaj qilmaslik talab etilmoqda.
Mazkur modda sanksiyasida belgilangan jarima miqdorlari ham qaytadan ko‘rib chiqildi. Jumladan, qat’iy belgilangan BHMning 50 barobari miqdoridagi jarima 20 baravardan 50 baravargacha etib, qat’iy belgilangan 15 sutka muddatga ma’muriy qamoqqa olish 10 sutkagacha qisqartirilmoqda, ya’ni holatdan kelib chiqib, sudya undan ham kamroq muddat belgilashi mumkin.
Shundan kelib chiqib, ushbu moddada «huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha xizmat vazifalarini bajarayotgan paytda olingan foto – va (yoki) videotasvirni ularni obro‘sizlantirishga olib keladigan tarzda buzib tarqatish, shu jumladan Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish» uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.
Senatorlarning fikricha, mazkur Qonunning qabul qilinishi, yo‘l harakati ishtirokchilarini yo‘llarda harakatlanish madaniyatini oshirishga, yo‘l harakati ishtirokchilari harakat davomida belgilangan qoidalarga amal qilishini ta’minlashga, pirovardida yo‘l-transport hodisalari soni kamayishiga xizmat qiladi.
Muhokamadan so‘ng Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter