Endi «Chiyal yaxna go‘shti» nomidan ham ruxsatsiz foydalanib bo‘lmaydi
Qashqadaryo viloyat adliya boshqarmasining ko‘magi bilan joriy yilning 13-yanvar kuni Ko‘kdala tumanida tayyorlanadigan «Chiyal yaxna go‘shti» geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Bu haqda tuman hokimligi axborot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, «Geografik ko‘rsatkichlar to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra tovarni muayyan geografik ob’yekt hududidan kelib chiqqan tovar sifatida identifikatsiyalovchi belgi geografik ko‘rsatkich deb e’tirof etilib, unda tovarning sifati, nom qozonganligi yoki boshqa xususiyatlari uning geografik jihatdan kelib chiqishiga sezilarli darajada bog‘liq bo‘ladi.
Adliya vazirligi geografik ko‘rsatkichlarni huquqiy jihatdan muhofaza qilish sohasidagi vakolatli organ hisoblanadi.
Ayni paytda Respublika bo‘yicha jami 11 ta hudud geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
Geografik ko‘rsatkichlar sonining oshishi hududlarga turistik oqimning ko‘payishiga, «gastronomik turizm»ning rivojlanishiga va umuman, hududlar turistik jozibadorligini oshirishga yordam berishi aytiladi.
Eslatib o‘tamiz, 2023-yilning yanvarida «G‘uzor tandir go‘shti», avgustida esa «G‘ijduvon shashlik» geografik ko‘rsatkich sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani xabar qilingan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter