Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Elektromobillar tannarxini pasaytirish masalasi ko‘rildi

Elektromobillar tannarxini pasaytirish masalasi ko‘rildi

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 5 dekabr kuni avtomobil sanoatida 2025 yil uchun ustuvor vazifalarga oid taqdimot bilan tanishdi.

Bu masala o‘tgan oyda muhokama qilingan, mutasaddilarga rejalarni tanqidiy ko‘rib chiqish topshirilgan edi. Bu galgi taqdimotda Prezident ko‘rsatmalari asosida takomillashtirilgan chora-tadbirlar bayon qilindi.

Avvalo, ishlab chiqarish hajmi va sifatiga e’tibor qaratiladi. Hozir yiliga 400 mingdan ziyod avtomobil sotilayapti. Aholi jon boshiga daromad oshayotgani bois bu tendensiya keyingi yillarda ham saqlanib qoladi. Bundan foydalanib, talabga yarasha mahsulot ishlab chiqariladi.

Qolaversa, O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi kutilmoqda. U holda, bozorda mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun raqobat yanada kuchayadi. Shuning uchun sifat ustida ishlash, mahalliylashtirish darajasini oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Xususan, 2025 yilda “BYD” avtomobillarining 60 ta detalini mahalliylashtirish hisobiga elektromobil tannarxini pasaytirish mumkin. Ushbu kompaniya rahbariyati ham yurtimizdagi tarmoq korxonalari salohiyatini yuqori baholagan. Shu bois Mahalliylashtirishga ko‘maklashish markazi imkoniyatlarini ishga solib, hududiy korxonalar bilan kooperatsiya hajmini 2 karra oshirish vazifasi qo‘yildi.

Yana bir muhim masala – eksport. So‘nggi yillarda qo‘shni davlatlarda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani natijasida 40 mingdan ortiq avtokomplekt sotilgan. Kelgusi yil eksportni 700 million dollardan oshirish maqsad qilingan. Shu bilan birga, Samarqanddagi avtobus va yuk transporti korxonalarini ham tashqi bozorlarga olib chiqish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Davlat rahbari tarmoqning iqtisodiy va ijtimoiy ahamiyatiga alohida to‘xtaldi. Zamon talablariga moslashib, ishlab chiqarishni barqaror qilish, marketing va sifat bo‘yicha har kuni izlanish zarurligi ta’kidlandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring