Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Damas»da o‘quvchi bor, to‘xtating!

«Damas»da o‘quvchi bor, to‘xtating!

Kasb taqozosi bilan bir necha oy ilgari Buxoro viloyati, Jondor tumanidagi mahallalardan biridan kelib tushgan murojaat yuzasidan manzilda bo‘lgan edik. Aholini qiynab kelayotgan masalalar yuzasidan ko‘plab odamlar bilan suhbatda bo‘ldik. Mutasaddilar bilan muammolarning yechimi yuzasidan va’dalar «oldik». To masala natijali bo‘lguncha, o‘sha manzildga yana bir necha marotaba bordik.

2025 yilda bitishi rejalashtirilgan bu dolzarb muammo tuman hokimi va’dasiga ko‘ra, oradan roppa-rosa 2 oy o‘tgach, oxirlay boshladi. Ko‘psonli aholini qiynab kelayotgan muammoning tez fursatda kutilgan yechimga ega bo‘layotganidan aholi ham mamnunligini bildirdi.  Yechimning nechog‘li haqiqatga yaqinligini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rish uchun holat sodir bo‘lgan manzilga yana bordik. Va mavzu bo‘yicha keyingi materialni tayyorlash uchun o‘pirilgan ko‘prik qayta tiklanayotgan manzillarni, shuningdek, aynan shag‘al yotqizilish ishlari amalga oshirilayotgan qumli, changli yo‘llarni «Damas»da  kezdik.

Jurnalistik surishtiruv ishlari yakunlangach, shu «Damas»da shaharga qatnov bekatigacha borishni lozim topdik. «Damas»da aholi yashash xonadonlari oralab o‘tdik. Keng dala, yaylovlarda o‘tlab yurgan suruvlarni ko‘rdik. Mol, qo‘y boqish bahonasida to‘p tepib yurgan bolalarni uchratdik. Sal o‘tmay, boshiga o‘zidan katta ro‘mollarni tashlab, yuzlarini berkitib, paxta dalasida enkayib ishlayotgan xotin-xalajlarga qo‘l silkidik.

Xullas, o‘nqir-cho‘nqir, chang-tor ko‘chalarni bosib, qishloq hayotidan zavq olgan ko‘yi atrofni tomosha qilib, katta yo‘lga chiqib qolganimizni sezmabmiz. Shundoq katta yo‘l muyulishida yo‘l harakati inspektori tayoqchasini o‘ngga yo‘naltirib, bizga yo‘l ochiqligini ishora qildi.  Shu payt «Damas»chi kulib: «Opa, siz «hormanglar» deb qo‘l silkigan ayollardan biri sizni chaqirdi-yov»,-deb qoldi. «Biz sezmabmiz» deb, hamrohim bilan «Damas»chiga qo‘shilishib kuldik. «Damas»chining jiddiy tortib, buni rostligini tasdiqlaganidan keyin ko‘nglimiz behuzur bo‘ldi. Balki nimadir dardi, tashvishi bordir. Vaholanki, bu manzilga aholini qiynab kelayotgan tashvish yuzasidan bir necha marta kelib ketdik, balki tanib qolishgandir. Biz esa shunchaki qo‘l silkib o‘tib ketibmiz, degan o‘yda qiynaldik. «Damas»chi esa ortga qaytishga vaqti yo‘qligini bir og‘izda tushuntirib qo‘ya qoldi. Nimayam derdik...

Yo‘lda yana davom eta boshladik. Oradan bir necha daqiqa o‘tmay, ortimizdan haligi yo‘l harakati inspektorining o‘z xizmat mashinasidan turib, ovoz uzaytirgich orqali «Damas»ni to‘xtatishi yuzasidan ogohlantiruvi eshitildi. Hayron qoldik. «Damas»chi xunob tortib, tezlikni oshirmaganini, yo‘l harakati qoidasini buzmaganini bizga bildirayapti. Yo‘l harakati inspektori ovoz kuchaytirgich orqali yana ogohlantirayapti: «Hurmatli haydovchi, avtomashinangizni yo‘l chetida to‘xtatishingizni so‘raymiz.  «Damas»da o‘quvchi bor, to‘xtating!»

Biz dong qotdik. Haydovchi shoshilinchda yo‘l chetiga to‘xtatdi. Bu orada yo‘l harakati inspektori o‘z xizmat mashinasida shundoq ortimizdan yetib kelgan. Inspektor mashinasini to‘xtatib-to‘xtatmay, ichidan ro‘molga o‘ranib olgan, to‘ladan kelgan ayol tushib, biz tomonga qarab, halpillab chopib kelayapti. Inspektor «to‘xtang, opa, to‘xtang, o‘quvchini cho‘chitib yubormang!» Biz gap nimadaligini bilolmay, dong qotganmiz. Qanaqa o‘quvchi, «Damas»da o‘quvchi bo‘lmasa... Hammamiz «Damas»dan tushdik.

Shu  top ayol yugurib, menga qarab, bag‘ir ochib kelayapti. «Qizim, qizim, shaddotim, ana mani o‘quvchim, jonim bolam, uch martadan beri seni ushlolmayman, oxiri, chidolmadim, sen ketayotgan mashinani ortidan yugurdim», — deya quchoqlab oldi. Ayol yuzining oftob tig‘ida kuymasligi uchun ro‘mol bilan o‘rab olgan, ro‘molining bir uchi yelkasi oralab to‘zg‘igan. Tanimadim. Ammo, bag‘irga bag‘ir bilan javob berdim. Ko‘nglimdan kechgani: meni kimgadir o‘xshatyapti...

Ayol bir kulib, bir ko‘z yosh to‘kkan ko‘yi yuzlarini ochdi. Yuragim gursillab ketdi. Keksaygan, sochlari oqargan, ancha to‘lishgan, ammo, chehrasida menga tanish nimadir siyrat bor: o‘qituvchim! Maktabni tugatganimga 34 yil bo‘lgan. Shundan buyon ko‘rmaganman. Esim og‘ib qolay, dedi. Miya ag‘dar-to‘ntar: hatto, o‘qituvchimning ism-sharifini eslolmayapman. Qaltirayapman. Ichimda nimadir yonyapti, ammo, eslolmayapman.

— Meni tanimadingmi, o‘qituvchingman, seni ko‘p izladim.., —  dedi u ismimni aytib.

— Tanidim, esladim, ustoz (ammo, qaysi fandan dars bergani tugul, ismi sharifini ham eslolmaganim rost).., — dedim.

Shu topda yo‘l harakati inspektori biroz asabiylashgan ko‘yi yonimizga keldi va ayolga qarab: «Onaxon, bu nima qilganingiz?! «Damas»da o‘quvchim bor, to‘xtating», — deb vajohat bilan kelganingizda, biz ham noxush voqea bo‘libdimi, deb «Damas» uzoqlashib ketmasin uchun «uchib» kelibmiz... haytovur, tinchlik ekan...» — dedi hafsalasi pir bo‘lib.

— Ha, bolam, rostdan «Damas»da o‘quvchim bor edi-da, mana, ko‘ryapsiz-ku, borlaringga shukur, bolam... bir keksa o‘qituvchini kechiring, shunaqa bo‘lib qoldi-da, o‘zim ham shoshib qoldim.., —  uzuq-yuluq so‘zladi ustoz va, — o‘quvchimni «tutib» berganlaringiz uchun rahmat!

Yo‘l harakati inspektori ayolning gapidan so‘ng ancha vazmin tortdi. Uning yelkasi uzra qo‘l tashlab:

— Ammo, shu yoshingizda egatlar ichidan halloslab chiqib, bizning oldimizgacha yugurib kelganingiz qoyil qolarli, onaxon. Hurmatli o‘quvchi, bunday o‘qituvchingizni e’zozlang! (menga qarata) Mayli, xizmatchilik, bizga ruxsat, — deya kulib xayrlashdi.

Inspektor bilan xayrlashdik. Uning «Hurmatli o‘quvchi, bunday o‘qituvchingizni e’zozlang!» — degan gapidan vijdonim kuyindi. 34 yildan beri shu o‘qituvchimni eslash tugul, hatto, bugun ham uning ismi-sharifini eslolmayotganimni qanday izohlash mumkin?!

Turli manzillarga borib, ko‘plab aholining dardu tashvishi, muammolarini yechishga yelka tutamizu, birgina saboq bergan o‘qituvchimizni yo‘qlab bormaymiz. Kazo-kazolar davrasida soatlab o‘tirib, kasbu-korimizga bildirilgan yaxshi tilaklarni huzurbaxsh qabul qilamizu, harf tanitgan ustozlar ismi sharifini yodga ham olmaymiz. Kechagina tanigan va «do‘st-dugona» deb bilganimizga, eng qimmatbaho sovg‘a-salomlarni hadya etamizu, saboq bergan ustozlarga bir donagina gul olib borishga vaqt ajratmaymiz.

Meni bag‘irlab, qo‘yvorgisi kelmayotgan va yillar selida a-ancha begona tuyulayotgan chamasi, 70 yoshlarga yaqinlashgan bu ayol egatlar osha sakrab o‘tayoganda, huuv, o‘nqir-cho‘nqir yo‘l va katta yo‘l kesishmasida turgan ariqdan hatlab o‘tayotganda, yuzlarini berkitgan ro‘moli yelkasi uzra shilvirab tushganda nimalarni xayolidan o‘tkazgan bo‘lishi mumkin: «o‘quvchim meniyam men kabi sog‘ingan, meniyam men kabi bag‘riga bosadi», — deya xayollangan bo‘lishi mumkinmi?!

O‘z xayollarim osha beixtiyor ayolni quchdim, mahkam, juda mahkam quchdim. Undan kelayotgan achimsiq hid xuddi atirdek dimog‘imga bo‘y taratdi go‘yo. Qabariq kaftlari kaftlarimga nafis gulmonand botdi. Ko‘zlarimdan durqillab yosh chiqqanini sezyapman, ammo bu vijdon azobimi, yoki menga saboq bergan bir fan o‘qituvchisining yillar osha shu qadar talpinishimi?! Bilolmasdim.

— Iya, senam yig‘layapsanmi?

— Ha, ustoz... sizni sog‘inibman (yolg‘on gapirayotgandim, axir shu paytgacha sog‘inish tugul, hatto, eslab ham qo‘ymaganman)

— ...

— to‘g‘rirog‘i, endi shu sog‘inch hissini tuyyapman... Ammo, kechiring, bir marta ham yo‘qlamabman...

—Ishing ko‘p-da, qizim. Mahallamizdagi shunaqa katta muammoni yechimiga bosh-qosh bo‘lding, ko‘pning duosini olding, bolam. «Bu mani o‘quvchim», deb qancha quvonganimni bilasanmi?

— ...

— Aslida, seni men ko‘p izladim. Taqdirning charxpalagi meni ne ko‘ylarga soldi. Chekmagan azobim, tortmagan dardim qolmadi... Qismat ekan, maktabni sizlar tugatgan yilingiz ro‘zg‘orim buzildi. Oradan bir necha yil o‘tgach, taqdir taqozosi bilan qo‘shni tumanga kelin bo‘lib tushdim. Shu tumandagi bir maktabda yana biologiya fanidan o‘qituvchilikni davom ettirdim...

Shu topda miyamga xotiralar tokdek urildi. Ha, biologiya fani o‘qituvchimiz. Eng chiroyli, eng xushmuomala, eng tajribali o‘qituvchi edi. Doim meni yordamga chaqirar, doim meni alqar, doim meni qo‘llardi...

Kutilmaganda «Damas»ning bezovta signal chalgani xayollarimizni buzdi, suhbatimizni bo‘ldi. Suhbatlashgim, eslashgim kelardiyu, ammo, kun ohista ortga chekinayotgan palla edi. Telefonlarni almashdik. O‘zim ustozni izlab topishim, tez kunda oldiga kelishimni aytdim. Uzoq suhbat qurishimizni bildirdim. Xayrlashdik. Qayta-qayta bag‘irlashdik.  Ustozning ko‘zi ko‘rinmay ketgunimizcha, «Damas» izlarida qoldi. Mening ko‘zlarim ustozning yelkasi uzra sirg‘anib tushgan ro‘moliyu, uning silkib qolgan qo‘llarida qoldi. Yuragimning bir burchida armon yemirildi. Ko‘nglimning bir chekkasida singan ko‘zgu bo‘lagi qoldi. O‘zimga nisbat bir nafrat qoldi, ichimda bir dard qoldi, dilimda og‘riq qoldi. Tilimning uchida ustozning men eslab-eslolmagan ismi qoldi...

Qo‘limda ismi sharifi emas, «Ustoz» deb telefon raqami yozib qo‘yilgan qog‘ozni kaftimga qisgancha pichirladim: «Meni kechiring, yoningizga qaytaman, ustoz».

Mavzuga qaytaman.

Laylo Hayitova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring