«Arafa va hayit kunlarida jarrohlik bo‘limiga ko‘proq qassoblar murojaat qilishdi» — Toshkent shahar tez tibbiy yordam klinik shifoxonasidan reportaj
Qurbon hayiti munosabati bilan e’lon qilingan 4 kunlik dam olish kuni, tabiiyki, tez tibbiy yordam ko‘rsatish muassasalari xodimlariga (har holda aksariga) daxli yo‘q.
Dard bayramda dam olayapsanmi, ishdamisan, deb so‘ramaydi albatta. Lekin, tez tibbiy yordamga murojaatlarda aynan ayyom munosabati bilan bog‘liq holatlar bor.
10 iyul. Soat 11.50. Toshkent shahar tez tibbiy yordam klinik shifoxonasi qabul bo‘limidamiz. Yo‘lakda har bir ixtisosdagi shifokor xonasi oldida navbat bor. Birida ozroq, boshqasida ko‘proq. Jarrohlik xonasiga kirish uchun navbatda turgan yigit o‘zini Azim Nizomov deb tanishtirdi. Azim 34 yoshda.
«Qo‘limga zirapcha kirib qoluvdi, shuni chiqaraman deb turuvdim, shu payt qo‘yimni so‘yaman deb qassob keb qoldi, qo‘limdagi ninani og‘zimga tishlab turib qassobga qarashayotgan edim, bir mahal qarasam nina yo‘q-da, jajjigina igna-tugma edi. Yutvordimmi, tashavordimmi, bilmay yuribman hali».
Yigitning hamrohi xonadondagi hamma marosimlarni tashlab, Kelesdan uchganday 16 shifoxonaga kelganlari, u yerda jarrohlik bo‘limi ishlamayotgani sabab «Jukovskiy»ga yo‘l olganlarini aytadi.
Yigitga rentgen buyurildi. Har tugul rentgen yigitning badanida yot jism yo‘qligini ko‘rsatdi. Qizig‘i, bu orada murojaat qilgan keyingi bemor ham igna-tugma yutganini aytdi. Ayolning aytishicha, ro‘mol to‘g‘nog‘ichini og‘ziga solib hozirlanayotganda nimanidir so‘rashgan, u gapirmoqchi bo‘lganida igna-tugma ichiga ketib qolgan. «O‘zimning ehtiyotsizligimdan» deydi u. Rentgen xonasidagi daftarda bu gal yot jism haqida qayd yozildi.
Navbatchi vrach Abdulaziz Turg‘unpo‘latov igna yoki shunga o‘xshash buyumlar yutgani gumoni bilan kelgan bemorlarning tekshirish yo‘li faqat rentgen ekanligini ta’kidlaydi. Vaziyat aniq-tiniq bo‘lgach, yechim izlanadi deydi u.
«Agar yot jism yaqin soatlar ichida yutilgan, bemor shundan keyin qanaqadir ovqat mahsuloti yemagan bo‘lsa, endoskopik yo‘l bilan olish mumkin. Birinchi bemorimizda yot jism aniqlanmadi. Javob berdik, lekin nazoratda bo‘lishi kerak.
Ikkinchi bemorimiz ayolda nina aniqlandi. Igna joylashgan soha katta ehtimol bilan me’dada deb belgilandi va endoskopik xirurgga yuborildi. Zont orqali, endoskopiya usulida yot jism olib tashlanadi».
Bunday mutaxassis hozircha shahar tez tibbiy yordam klinik shifoxonasida yo‘q ekan. Shu sababli bemor «Yangi ToshMI»ga yo‘llandi.
Shifokorning ma’lum qilishicha, igna yutish yoki kirib qolishi tajribada muntazam uchraydigan holat emas.
«Bugun tasodif tufayli keta-ket ikki kishi shu arz bilan kelishdi. Onda-sonda bo‘lsa ham, asosan, yerga tushgan ignani bosib olishdan kirib ketgan, gohida sinig‘i ichkarida qolgan va mixni bosib olish holatlari uchraydi. Ma’lum bo‘lishicha, 7 iyun kunida 18 yoshli yigitcha qo‘lining bilakdan yuqoriroq qismida tir o‘qi to‘liq kirib ketgani rentgenda qayd etilgan.
Abdulaziz Turg‘unpo‘latov har bitta bemor holatiga ko‘ra individual yondashilishini aytadi. «Yot jism olish imkoniyatini bo‘lsa olib tashlanadi. Agar yot jism joylashgan soha ichkarida va murakkab bo‘lsa, mikrojarrohga yuboriladi».
Bayramga xos kasalliklar ham bo‘ladimi, so‘rayman shifokordan.
«Kecha, bugun qassoblar ko‘proq murojaat qildi. Qassoblar har doimdagidek, o‘zining ehtiyotsizligi tufayli qo‘liga yoki oyog‘iga pichoq kirib ketadi yoki kesib qoladi» deydi jarroh. Murojaat qilgan qassoblarga birinchi yordam ko‘rsatilgan, lozim bo‘lganda qon to‘xtatilgan, kesilgan joylar tikilgan, jarohatga ishlov berilgan.
Qabul bo‘limida bir emas, ikki emas, biryo‘la uch nafar jarroh navbatchilikka qo‘yilgan.
Ikrom Turg‘unov ko‘zlari kirtaygan, tundagi navbatchilikdan so‘ng faoliyatini davom ettirayapti. U Abdulazizning fikrini davom ettiradi: «Eng ko‘p oshqozon ichak trakti bilan bog‘liq shikoyatlar bilan kelishayapti. Ayniqsa, parhezda bo‘lishi kerak bo‘lgan kishilar shu kunlarda o‘zlarining surunkali xastaligi borligini unutib qo‘yishadi. Mana bu bemorimiz oshqozonida yarasi aniqlangan va shu tufayli qat’iy parhezda bo‘lishi kerak bo‘lgan».
Bemor, 35 yoshli Sodiqjon Abdunabiyev oshqozonida yara borligini anchadan buyon biladi.
«Kecha qurbonlikka qo‘y so‘yilgan ekan, shundan jiz-biz qilib yedik. Nimadanligini o‘zim ham bilmayman, bukib tashladi-da. Rentgen qilishdi, UZI qilishdi. Analiz topshirdim. Ukoldan keyin hozir biroz qo‘yib yubordi», deydi Sodiqjon. Keyin «go‘sht yedim, lekin ichmayman» deb qo‘shib ham qo‘ydi.
Shifokorlar, Sodiqjonning rengent va UZI xulosalarida vahimali narsa yo‘qligi, ichak teshilib qolishi yoki o‘t qopida toshlar tiqilib qolishi kuzatilmayotganini unga tushuntiradilar.
Ayni vaqtda, shifoxona operatsiya xonasida, ertalab kelgan bemor – 53 yoshli ayolning o‘t qopini olib tashlash jarrohlik amaliyoti boshlangan edi. Ayolning uch farzandi operatsiya tugashini intiq kutayapti. Kenja o‘g‘il Farrux Mehmonov xurujdan avvalgi vaziyatni gapirib beradi.
«Qo‘yliqdanmiz. O‘zi 3-4 kundan buyon ko‘ngillari ko‘tarilib, o‘zlarini noxush his etayotgan edilar. Kecha oqshom qo‘shnilar chaqirishgan, u yerda jigar qovurib yeyishgan. O‘t qoplarida tosh og‘riq berib turardi. Lekin tundagi xurujdagi hollarini hech qachon ko‘rmaganmiz...»
Shu payt ichkaridan o‘rta yoshlardagi jarroh chiqib keladi va Farruxning qo‘liga yelim xaltachani tutqazadi. O‘t qopi ichidan olingan toshlar. Moshdek keladigan, lekin qora toshlar. «30 tadan oshsa kerak» deydi Farrux.
Qaytar ekanman, «Toshkent shahar tez tibbiy yordam klinik shifoxonasi» degan yozuv ostidagi darvoza lang ochiq qolayotganiga e’tibor beraman. «Tez yordam» mashinalari bir kirib, bir chiqayapti.
Yo‘lakda «Ambulans» mashinasi oynasini artayotgan haydovchining «Birorta bayramda uyda bo‘lmaganman» degan gapi qulog‘imga chalinadi...
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter