Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

1 million kishini ish bilan ta’minlashga qaratilgan loyiha (foto)

1 million kishini ish bilan ta’minlashga qaratilgan loyiha (foto)

Foto: Xabar.uz

Bir guruh OAV vakillari ishtirokida “Mikrokreditbank” tomonidan moliyalashtirilgan Toshkent viloyatidagi "Umid" MChJga press-tur tashkil etildi.

Hozirgi kunda mamlakatimizda parrandachilik sohasiga katta e’tibor qaratilmoqda. Chunki bu tarmoq aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi va qishloq joylarda ish o‘rinlarini yaratishga hissa qo‘shadi.

Prezidentning 2025 yil 30 yanvardagi qaroriga muvofiq, parrandachilik sohasida aholi xonadonlari bilan kooperatsiya asosida ishlash tizimini moliyalashtirish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining 50 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘lari “Mikrokreditbank” ATBning ustav kapitalini oshirishga yo‘naltirilgan. Bu mablag‘lar hisobiga respublika bo‘ylab go‘sht va tuxum yo‘nalishida kooperatsiya tizimi asosida 1 million nafar aholini ish bilan ta’minlashga qaratilgan "Parranda boqish — daromad topish" loyihasi amalga oshiriladi.

Loyiha doirasida kam quvvatda ishlayotgan korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish, tijorat banklari balansidagi xo‘jaliklarni yirik korxonalarga biriktirish, ishlab chiqarish va qayta ishlash tarmoqlari o‘rtasida kooperatsiya tizimini shakllantirish hamda yangi loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

Shu munosabat bilan "Mikrokreditbank" ATB tomonidan moliyalashtirilgan Toshkent viloyatidagi "Umid" MChJ faoliyatini keng yoritish maqsadida press-tur tashkil etildi. Unda ishtirokchilar korxonada parrandachilik mahsulotlari ishlab chiqarish jarayoni bilan yaqindan tanishdi.

Yangiyo‘l tumanida joylashgan ushbu korxonada 56 ta parranda boqish binolari mavjud bo‘lib, yillik quvvati 7,5 million bosh broylerni tashkil etadi. Bu yerda yiliga 9 ming tonna parranda go‘shti yetishtiriladi va ichki bozorlarga yetkazib beriladi. Shuningdek, korxona ozuqa ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lib, yiliga 12,5 ming tonna ozuqa tayyorlanadi. Tovuq so‘yish kompleksi esa soatiga 4 ming bosh parrandalarni qayta ishlash imkoniyatiga ega.

Korxonada 157 ming bosh naslli parranda boqilib, yiliga 19 million dona inkubatsion tuxum va 12 million bosh bir kunlik broyler jo‘jalar yetishtiriladi. Shuningdek, mahsulotlarni saqlash uchun 1,2 ming tonna sig‘imga ega muzlatkich mavjud.

Korxonaning parrandachilik faoliyatini rivojlantirish loyihasiga "Mikrokreditbank" ATB tomonidan 75 milliard so‘m miqdorida kredit mablag‘lari ajratilgan.

Shu bilan birga, korxona viloyatdagi past quvvatda ishlayotgan parrandachilik xo‘jaliklari bilan kooperatsiya asosida hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda. Hozirda korxonada 100 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.

Ma’lumot uchun, "Mikrokreditbank" ATB tomonidan joriy yil boshidan buyon tadbirkorlik sub’yektlarining investitsion loyihalarini moliyalashtirish uchun 8 ta loyihaga 63 milliard so‘mdan ortiq kredit mablag‘lari ajratildi. 2025 yilda mamlakatimizda 10,4 milliard dona tuxum va 850 ming tonna tirik vaznda parranda go‘shti yetishtirish rejalashtirilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring