Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Mustahkam Tangriyorova

Oqqan daryo oqaveradi. 

«Tiriklik muborak, Hasan aka!» – qulagan uy oldidagi o‘ylar

«Tiriklik muborak, Hasan aka!» – qulagan uy oldidagi o‘ylar

Foto: Xabar.uz

Pastdarg‘om Samarqand shahri bilan tutashgan tuman. Markazi — Juma shaharchasigacha 25 km. Shaharchada uy-joylar yirik shaharlarimiz mahallalariniki kabi. Bir qavatlisi ham, bir yarim, ikki qavatli imoratlar ham oqlangan, pardozlangan.   

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda aylangan videoda, ko‘z o‘ngimizda qulagan bino ham ikki qavatli bo‘lgan.

Qanday ro‘y berdi?

Atrofi o‘rab olingan ulkan handaq yon-atrofida bugun quruvchilar ko‘rinmaydi. Uyum tuproqqa aylanib qolgan uy-joy yaqinida xonadon egalarini jurnalistlar savolga tutmoqda. Bu yerda hamma bir-birini ogohlikka chaqiradi. «Ehtiyot bo‘ling, u yoqqa o‘tmang, qolgani ham qulab tushishi mumkin». «Oyoq ostiga qarang, tuproq uvalanib ketayapti». Bir chekkada, chamasi 70-80 yoshlardagi otaxon, boshini eggancha sukutga cho‘mgan, miq etmaydi, hech kimga qaramaydi ham. U kishi uyi buzilgan Hasan Murodullayevning otasi.  

Bizni kutib olgan Hasan akaning ukasi Jamshid avvaliga shunday deydi: «3-4 yil davomida qurilib, ichiga kirganiga hali ko‘p bo‘lmagandi. Lekin, shu uy uchun bir umr ishlagan. Eski uyini buzib, bir amal qilib bitkazgan edi. Bu dunyoda orttirgan bor bisoti mana shu uy. Fermer bo‘lib ishlar edi, qo‘lida borini mana shu imoratga tikkan, hozir ishsiz».

Jamshid Murodullayev o‘sha kuni akasi: uyimiz negadir qimirlayapti, deb qo‘ng‘iroq qilganda kelib voqeaga guvoh bo‘lgan.

«Kelganimda, uyning bir tomoni 15 santimetrcha yerga kirib turgan holatda edi. Akamlar, hammasi ichkarida edi, ularni chiqardik. Chiqishdiki, oradan 3-4 daqiqa o‘tib, uy quladi. Aslida  3-4 daqiqada emas, uyning mustahkamligi evaziga 5-6 soat turgan, tagidagi tuproq oqib ketganidan keyin qulagan», deydi u.

Hasan aka bir xo‘rsinib qo‘yib gapiradi: «Biz uyda o‘tiruvdik, o‘g‘ilcha tashqaridan uyga kirib kelib, dada darvozamiz yopilmayapti deb aytdi. Tashqariga chiqdik. Qarasak, uy jadal yorilishni boshladi, qasir-qusur tovush chiqarib. Besh daqiqaga ham bormadi-da, uy qulab tushdi. Yashaymiz deb qurgan edik, to‘ylar qilmoqchi edik shu uyda. Uncha-munchaga qulamaydigan imorat edi».

Hasan aka, qulagan uyning egasi. Foto: Xabar.uz

Juma shahar, Samarqand ko‘chasi, 26-manzilda handaq qazish ishlari uch kun davom etgan. Uchinchi kunda qo‘shni bino qulab tushgan. Bino qulashi oldidan handaq ichida 6 nafar ishchi bo‘lgan. «O‘zim quruvchiman. Bo‘ladigan holatni ilg‘adim. Ishchilarni handaqdan chiqarishim bilan bino temir konstruksiyalari ham sina boshladi», deydi Jamshid. Tarqatilgan videoga diqqat qilsangiz, taq-taq ovozlarni eshitasiz. Bu ikki qavatli binodagi armaturalar sinishi ovozi ekan.

Ma’lum bo‘lishicha, handaqdan chiqarilgan ishchilar va KamAZ haydovchilari telefonlarida videoni tasvirga olishgan va ijtimoiy tarmoqlarda tarqatishgan.  

«Yer meniki, qanday qurishni o‘zim bilaman»

Hasan aka qo‘shni hovlini kimdir sotib olgani va qandaydir savdo majmuasi qurishi haqida eshitganda mahalla qo‘mitasi raisiga uchraganini aytadi. Qurilishni kelishuvsiz boshlamasin deb so‘ragan ekan: «Qurilish boshlayotgan kuni mahalla chaqirib ketdi. Sardor degan yigit kelgan ekan, vodiydanmi, qayerdandir. Qurilishni boshlayapmiz dedi. Men, qurilishni davlatni chiqargan qonun-qoidasiga binoan qilinglar. Uyni orasi ikki metr bo‘ladimi, olti metrmi, shunga qarab qilinglar, dedim. U yigit, «Aka men bu yerni sotib olganman, xohlasam 35 metr kavlayman, bu mening ishim» dedi. Shu gapni mahallamiz raisi ham, inspektor ham eshitib turishdi, hech kim hech narsa demadi. Men ham u yigitga boshqa gap gapirmadim».

Hasan akaning aytishicha, qo‘shni uchastkada prorabni ham ko‘rishmagan, biror bosh-qosh bo‘lib turgan insonni ham. «Ko‘chadan olib kelingan kishilar ishlashdi» deydi u. Hasan aka,  qurilishning haqiqiy egasi kim ekanini hamon bilmaydi. Qurilishga oid biror hujjat bilan ham tanishmagan. Lekin, bir necha marta hokimiyatga borgan.

«Voqea bo‘lmasidan oldin shu masala bo‘yicha bir hafta hokimning oldiga bordim. Lekin, kiritishmadi. Qabulxonada u deyishdi, bu deyishdi, xullas, uchrashtirishmadi».  Shunday bo‘lsa ham Hasan aka har kuni quruvchilarga uning uyiga masofa saqlab kavlashlarini o‘tingan, aks holda uyi qulashi haqida aytgan. Baribir, yangi imoratining shundoqqina poydevoriga tutash kavlangan kotlavan o‘z ishini qildi.

Rasmiylar nima deydi?

Qurilish va uy joy kommunal xo‘jaligi vazirligi Past Darg‘omda hovlidagi bino qulashi haqida shunday rasmiy munosabat bildirdi:

«Fuqaro B.Isroilovga tegishli bo‘lgan Samarqand viloyati, Past Darg‘om tumani, Juma shahri, «Samarqand» mahallasi, Samarqand ko‘chasidagi 26-uyni rekonstruksiya qilish hamda o‘z hududidan qo‘shimcha bino va inshootlarni qurishga Past Darg‘om tumani qurilish va kommunal xo‘jaligi bo‘limining 2024 yil 20 yanvardagi ruxsatnomasi berilgan.

Mazkur hujjatga asosan Samarqand viloyati qurilish va uy joy kommmunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi tomonidan 2024 yil 2 fevralda arxitektura rejalashtirish topshirig‘i ishlab chiqilgan.

«MEZANA PROYEKT» MCHJ tashkiloti tomonidan ishlab chiqilgan loyiha hujjati Samarqand viloyati qurilish va uy joy kommunal xo‘jaligi boshqarmasi loyiha smeta hujjatlarini kelishish bo‘yicha arxitektura va shaharsozlik Kengashi ishchi organining 2024 yil 4 martdagi xulosasi bilan kelishib berilgan.

«MEZANA PROYEKT» MCHJ ishlab chiqqan loyiha hujjati «Shaharsozlik hujjatlarini eskpertiza qilish» respublika markazi Samarqand viloyati filiali tomonidan ko‘rib chiqilib, 2024 yil 26 martda eskpertiza xulosasi olingan.

Samarqand viloyati qurilish va uy joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasidan ob’yektda qurilish montaj ishlarini boshlash uchun ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

O‘rganish jarayonida fuqaro B.Isroilov tomonidan o‘zboshimchalik bilan «MEZANA PROYEKT» MCHJ tomonidan ishlab chiqilgan loyiha hujjatlariga amal qilmasdan, poydevor quyish uchun yer qazish ishlarini olib borganligi sababli qo‘shni xonadon poydevori ostidagi tuproqning cho‘kishi natijasida turarjoyning bir qismi qulab tushganligi aniqlandi».

Nomutanosiblik

Rasmiy munosabatga yuzaki bir ko‘z yugurtirib chiqqaningizda, barcha mas’ul idoralar ishini risoladagidek bajarganu, faqat tadbirkor o‘zboshimchaligidan qo‘shni uyi qulagandek taassurot qoldiradi. Ammo, ayrim jihatlar e’tiborga loyiqdek.

Xo‘sh, loyiha «MEZANA PROYEKT» MChJ tomonidan ishlab chiqilibdi. Qurilish ob’yektiga tutash qo‘shnilar ruxsatnomasi bo‘lmagan holda tayyorlangan loyiha qonunga xilof hisoblanmaydimi?

Tag‘in yozilishicha, tuman  Qurilish va kommunal xo‘jaligi bo‘limi 2024 yil 20 yanvarda ruxsatnoma bergan. 20 yanvar dam olish kuni edi. Yana-chi, rekonstruksiya deyilayapti. Borib ko‘rganimizda, savdo majmuasi qurilishi joyida rekonstruksiya qilinadigan narsaning o‘zi qolmagan. Ulkan handaqda faqat yangitdan qurilish boshlash mumkin edi...

Ana shu o‘ylar bilan Samarqand viloyat qurilish boshqarmasi matbuot kotibidan, munosabatda qayd qilingan, qurilishga oid ruxsatnoma, loyiha, loyiha eskpertizasi nusxalarini so‘radik. Vaholanki, qator savollar javobsiz qolmoqda. Masalan, qaysidir manba loyihada yerto‘la yo‘q deydi. Jamshid Murodullayev esa loyihada yerto‘la minus uch deb ko‘rsatilganini ta’kidlaydi. «Ya’ni 3 metr chuqurlikdagi imorat bo‘lishi kerak edi. Bular hozir qazigani 5 metr chuqurlikda» ta’kidlaydi jabr ko‘rgan oila yaqini. Har holda ishni o‘rganishda asqatadigan hujjatlar bizga berilmadi.  

Juma shahrida 14 may oqshomida handaq qazish jarayonida qo‘shni xonadoni qulatilishi ortidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bunda ish, ya’ni mulkni atrofdagilar uchun xavfli usulda qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish jinoyati bilan ifodalanadigan JKning 173- moddasi 2 qismi «v» bandi bilan ko‘rilmoqda. Da’vogar arizasida 300 ming AQSh dollari miqdorida zarar ko‘rganini qayd qilgan.

Foto: Xabar.uz

Huquq-tartibot  idoralari ishni qay darajada o‘rganadi, buni vaqt ko‘rsatadi. Jabr ko‘rgan tomon ishni o‘rganish uchun Samarqanddan borgan mutaxassislar, zarar yetkazgan tomonning qurilishga oid hujjatlari asosan xususiy firmalar tomonidan berilganiga e’tibor qaratishadi. «Geologiya xulosasi ham xususiy tashkilotdan olingan. Lekin, geologiya analizlarini oladigan texnika katta mashina bo‘ladi.  Mahallaga unaqa texnika umuman kelgan emas. Biroq, xulosasi qo‘lida», deydi Jamshid Murodullayev.

Ma’lumot uchun: Handaq qazilishi ko‘zda tutilganda, qurilishga ruxsat olgandan so‘ng, birinchi navbatda, tuproqning geologik xulosasi olinadi. Bunda ob’yekt egasi geologik tadqiqotlar bajaradigan tashkilotlarga ariza bilan chiqadi. Ular o‘z navbatida maxsus texnika bilan kelib tuproqni tahlil qilishadi, sifatini to‘liq tekshirib, shunga ko‘ra xulosa beriladi.

Tuproqning geologik xususiyati bir tomon, noturarjoy sifatida qurilayotgan bino va xususiy xonadon orasida ma’lum masofa saqlanishi kerak, shart ekani ShNK normalarida aniq-tiniq qilib yozib qo‘yilgan. Yana bir ilg‘aganimiz, handaqdagi kavlanish tikka va 90 gradusli burchak hosil qilgan. Talablarga ko‘ra esa, chuqurlik 45 gradusli qilib qazilishi  belgilangan.

Ko‘nglim-a, ko‘nglim...

Har tong ko‘zingni ochib, dunyoga boqadigan dargoh bu uying, Vatan ichra Vataning! Hasan aka bir necha daqiqa ichida ana shu Vatanidan mosuvo bo‘ldi. Shundanmi, mahzun ko‘rindi. Uning boshqa uyi yo‘q!

Hasan akaning uyi qulashi ular uchun faqat iqtisodiy ziyon keltirmagani, balki ruhiyatiga ham ma’lum darajada ta’sir o‘tkazayotganini sezish qiyin emasdi. Garchi qon-qarindoshlar, qo‘shni, mahalladoshlar oqibatli bo‘lishsa-da, uni bir lahza ham xoli qoldirishmayotgan bo‘lsa-da, mumkin qadar taskin so‘zlar aytayotsa-da... Voqea yarim tunda sodir bo‘lgandami... 7 nafar jon ana shu binoda uxlardi. Aytishlaricha, qator xonalardan tashqari bu binoda oshxona, hammom va hojatxona bo‘lgan. Videoni ko‘rganlar guvoh, bino qurilishga tutash xonalari bo‘y-basti bilan quladi. Binoning bir qismi quladi degani bilan qiyshayib qolgan qismi ham qulagandek yaroqsiz ahvolda. Rezonans degan tushuncha bor, endi bu qismning ham zilzilabardoshlik kafolati yo‘q, yerning relfi buzildi...

Foto: Xabar.uz

Yaqinlarining aytishicha, Hasan aka tunda ko‘chada yurib chiqayapti ekan. Jigarlari oilani bag‘irlariga olishgan bo‘lsa-da, u o‘z uyida uxlagisi keladi, o‘z uyida yuvinsam deydi. Undan ahvol so‘rab kelgan har bir odamni hurmat bilan tilga oladi. Lekin, qurilish egalari uzr so‘rash tugul, hali ko‘rinish bergani ham yo‘q. Tuman hokimligi esa qulagan uydan bir necha daqiqalik yo‘l.  

«Past Darg‘om tumanida yashab mana shu voqea bo‘lganidan beri tumanimiz kattakonlarini ham men ko‘rganim yo‘q. Hech kim xabar olgani yo‘q, holimni so‘ragani ham yo‘q», deydi Hasan aka.

Samarqandda «handaqchilar» kam emas

So‘nggi yillarda Samarqandda yuqoridagi kabi handaq qazib qo‘shni xonadonga zarar yetkazish hollari yetarlicha. Samarqand shahri «Afrosiyob» mahallasidagi holatlarning birida uy ichidagi odami bilan birgalikda qulagan. Tasodif tufayli shu inson omon qoldi. O‘tgan yili «Toshkandi» mahallasida, bir haftadan keyin kelin tushirilishi kerak bo‘lgan xonadonda xuddi yuqoridagi holat kuzatilgan.

Qo‘shnining aybi bilan uy qulaganda ikki tomon o‘zaro kelishilgan hollar kuzatiladi. Lekin, hamma vaqt ham emas.

Qo‘shnining uyi qulatilmagan, ammo, avariya holatiga keltirilgan holatlar ham ko‘plab uchramoqda. Bir tomonga og‘gan, ko‘plab yoriqlar vaqt o‘tgan sayin kengayib borayotgani bilan zarar qoplanmay, odamlar o‘sha holatda yashayotgan qator holatlar ma’lum. Tahlilimizga ko‘ra, bunday holatlarning aksariyatida quruvchilar qurilish arxitektura nazorati inspeksiyasi ro‘yxatidan o‘tmagan bo‘ladi.

Foto: Xabar.uz

«Xabar.uz» o‘rgangan holatlarning birida qo‘shni xonadon bilan belgilangan masofa saqlamasdan qazila boshlangan 10 metrlik handaqning hali 3 metri qazilganda, viloyat qurilish boshqarmasi, Samarqand shahar arxitektura bo‘limi, qurilish nazorati inspeksiyasi va qator huquq-tarbibot organlariga murojaat qilinganiga qaramay, 2 qavatli yerto‘la va yer ustida ikki qavatli savdo majmuasi qurib bitkazilishiga imkon berilgan. Qurilish tomi yopilgandan keyin bitta jarima bilan qurilishni ro‘yxatdan ham o‘tkazib qo‘yishgan. Lekin, ro‘yxatdan qayddan o‘tish, bu buzilgan qator normalarni tuzatib qo‘ymaydi. Kamiga, tadbirkorning qurilishi zilzilabardoshligi savol ostiga olingan hujjat bizda saqlanmoqda. Qo‘shni xonadonda ahvol esa... Biz bu mavzuga batafsil qaytamiz.

Yana shuni ham aytib o‘tish kerak, 1 apreldan boshlab qurilish nazorati inspeksiyasidan ro‘yxatdan o‘tmagan qurilish egasini ma’muriy javobgarlikka tortib jarima undirib, shundan so‘ng ro‘yxatdan o‘tkazish amaliyoti batamom to‘xtatildi. Yaxshi tadbir. Lekin, bu tadbir korrupsiyaning yangi shakllariga yo‘l ham ochib bermaydimi? Deylik, qovun tushirilgan vaqtda rasmiylashtirilmagan hujjatlarni bir kechada taxlash ham tadbirkorni, ham qurilish mas’ul tashkilotlarini anchayin qutqarishi aytiladi. Xohlasam, 35 metr kavlayman, deydigan va bila turib qonunni buzadigan boyvachchalar buncha kuchni qayerdan oladi, degan savol ana shunday gumonga olib boradi.

Yaqinda Samarqand viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Bino va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirish hamda seysmik xavfni monitoring qilish faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risi»dagi 2024 yil 17 apreldagi qarori bilan bog‘liq foydali bir tadbir o‘tkazdi. Unda ko‘proq ko‘p qavatli uylarning zilzilabardoshlik holatiga e’tibor qaratildi. Lekin, bugun shaharsozlik normalarini buzayotgan 2 yoki 3 qavatli qurilish egalari, ertangi 10 qavatli binolar egasi bo‘lib chiqishi mumkin. Qolaversa, bir qavatli bo‘lsin, qo‘shni xonadonlarda ham odamlar yashaydi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning seysmik xavfdan holi bo‘lmagan hududlari sirasiga Samarqand ham kiradi. Shunday ekan, avariya holatiga keltirib qo‘yilganidan ko‘ra, Murodullayevlarning uyi qulagani bir tomondan yaxshi ham bo‘lgandir...

Foto: Xabar.uz

Hasan aka, siz bu gapimdan xafa bo‘lmang. O‘zimning Samarqandda yangidan qurilgan uyim ham noqonuniy qurilishi boshlangan handaqdan og‘a borayapti...

Mustahkam TANGRIYoROVA

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring