Och bola ustida aylanayotgan kalxat yoxud olov ichidagi ayol
1990-yillarda turli kasalliklar va ochlikdan aziyat chekayotgan afrikalik bolalar mavzusi juda dolzarb edi. Mashhur fotograf Kevin Karter BMTning xayriya ishlariga hissa qo‘shish niyatida Sudanga yo‘l oladi. Ya’ni, u yerdagi och bolalarni suratga olish va ommaning ko‘proq e’tiborini qaratish maqsadida. Kevin Sharqiy Afrikaga sayohati davomida dahshatli voqealarga guvoh bo‘ldi va ularni suratga oldi. Ayniqsa, u kadrga muhrlagan ochlikdan sillasi qurigan holda yerga yiqilgan bola va uning o‘limini kutayotgan kalxat fotosurati juda shov-shuv bo‘ldi. Aynan shu surati uchun u xalqaro Pulitser mukofotini oldi. Surat gazetalarda chop etilgandan keyin bolaning taqdiriga qayg‘urganlar xayriya qilishdi. Ammo juda ko‘pchilik suratkashni malomat ham qildi, bolaning taqdiriga befarqlikda ayblashdi. Aslida suratkashga mahalliy aholiga qo‘l bilan teginmaslik, yaqin muloqotda bo‘lmaslik buyurilgan edi, qolaversa, Kevin qushni haydab yuborgan. Lekin suratchi o‘sha mashhur sovrinni qo‘lgan kiritgandan so‘ng 3 oy o‘tib og‘ir depressiya, tushkunlik tufayli o‘z joniga qasd qildi. Keyin ma’lum bo‘lishicha suratdagi bola qiz emas, o‘g‘il bola bo‘lgan. Va u qushning changalida emas, voyaga yetib yuqumli kasallikdan vafot etgan. Ya’ni, o‘sha lahzalarda onasi bolani yerga qo‘yib samolyotda ular uchun jo‘natilgan oziq-ovqat yordamini olish uchun shu yaqin atrofda bo‘lgan. Va o‘sha hududlarda to‘yib ovqatlanmaydigan bolalarning ustidan bahaybat qushlar uchib yurganini hamma joyda uchratish mumkin edi. Lekin Kevin bu dahshatni suratga olgani, bolaga yordam bermagani, odamlarning malomati tufayli chuqur depressiyaga tushadi va o‘zini kechirolmaydi: u oxirgi daqiqalarda shunday yozadi: «Meni o‘lim va o‘liklarning dahshatli xotiralari qiynamoqda, g‘azab va og‘riqlar... ochlik, charchagan bolalar suratlari, ularga yordam berishga ojizman...»
17 dekabr Farg‘ona viloyatida mudhish fojea yuz berdi – yoqilg‘i quyish shaxobchasida gaz portladi. Talafot tufayli odamlar o‘ldi, og‘ir kuyish oqibatida ayni paytda bir nechtasi kasalxonada, undan tashqari, o‘sha atrofdagi aholining orasida ham stressga tushganlari, psixologik va ijtimoiy yordamga muhtojlari bor. Odamlarni juda ta’sirlantirgani kuyib ketgan onaning bolamlayotgani, yonida sochilib yotgan kiyimlar va bolasi... Bu manzara bilan Afrikada och qolgan bolaning surati o‘rtasida qanday farq yoki o‘xshashlik bor? Men ikki suratda ham aybsiz aybdorlarni ko‘rdim. Birida ochlikdan sillasi qurigan bola, ikkinchisida ochlik bo‘lmasa-da kuyib kulga aylangan bola. Ko‘pchilik o‘sha lahzalarni, fojeani suratga olgan odamlarni qoraladi. Lekin Kevin Karter ham o‘z vaqtida o‘sha surat bilan Afrikaning haqiqiy hayotini, korrupsiya, boshboshdoqlik urchigan jamiyatni ko‘rsatdi va bu hozirgacha Afrikadagi bolalarga yordam bermoqda, turli xayriyalar uyushtirilmoqda. Kevin Karterning o‘sha surati afrikalik bolalarning fojeali hayotini ro‘yi-rost ko‘rsatishda haligacha davom etmoqda, butun yer yuzida ularga qo‘l cho‘zadiganlar, kulfatiga sherik bo‘ladiganlar bor...
Agar o‘sha kuni fojeali tarzda vafot etgan ayol va bolalari suratga olinmaganda biz ushbu fojeaning aniq manzarasini his qilaolmasdik. Bizku haligacha bu fojeaning achchiq tutunidan ko‘z yoshlarimizni tiya olmayapmiz, ammo shu voqeaga javobgar bo‘lgan mas’ul shaxslar-chi? Kevin Karterdek vijdon azobidami? Kevin Karter inson ekanki, bu dahshatga chiday olmadi, garchi Afrikadagi bolalarning azobli hayotiga u sababchi bo‘lmasa-da. Lekin bizda bu fojeaning sababchilari bor-ku, aniq-ku. Bugun ular shu suratlarni, shu halokatni, onaning ovozini eshitdimikan? Qulog‘i ostida chinqirig‘i takror-takror bezovta qilmayaptimikan?
Kun uz. sayti jurnalistlari falokatning birinchi kunida reportaj tayyorlashibdi. O‘sha voqeaning bevosita guvohi bo‘lgan odamlar tibbiy yordam olish o‘rniga sarson ko‘chada yuribdi. Biz odamlarni turli ofatlardan saqlash uchun evakuatsiya qilish deganda, issiq va bexavotir joy, oziq-ovqat bilan ta’minlanishini tushunarkanmiz. Ammo bizning evakuatsiyamiz ham o‘ziga xos. O‘sha atrofda yashaydigan yoshu qari, hatto chaqaloqlargacha uyidan baqir-chaqir bilan evakuatsiya qilinibdi, yo‘q balki quvib chiqarilibdi. To‘g‘ri yong‘inda qolmasligi yoki portlamasligi mumkin, ammo qishning chillasida sovuqda ko‘chada qotishi-chi... Ko‘pincha, biz o‘zbekmiz, G‘arbdagidek mehr oqibatsiz emasmiz, deb ko‘ksimizga uramiz. To‘g‘ri, G‘arbda mehr-oqibat yo‘qdir, ammo insoniylik bor, bizdagi bu holat insoniylikning qaysi mezonlariga to‘g‘ri keladi? Nahotki, ularga psixologik yordam uyoqda tursin, issiq ovqat va mehmonxona topilmadi?
Ma’lumotlarga qaraganda o‘sha yerga archa ekilib obod qilinayapti emish, qorlar yog‘ib izlar ko‘milayotganmish, ya’ni tezroq fojeani odamlar unutishi uchun. Lekin tez unutilgan voqea va tez esdan chiqqan xato yana qaytariladi. Bizga bu voqea saboq bo‘lishi kerak emasmi?
Sun’iy intellektdan olov ichida qolgan ona va bolaning suratini yaratib berishni so‘radim. U menga unchalik ham fojeali tuyulmaydigan suratlarni yaratib berdi. Men uning suratidan qoniqmadim, zarra bo‘lsa-da Farg‘onadagi mudhish suratga o‘xshamadi va suratni batafsil tasvirladim. Ishonasizmi, sun’iy intellekt aytdiki: «biz bunday qo‘rqinchli surat yaratolmaymiz». Tasavvur qilayapsizmi, hatto sun’iy intellekt bu fojeani miyasiga joylay olmayapti. Ko‘pincha sun’iy intellekt bizni boshqaradi va bu xavfli degan fikrlarni eshitamiz, biz ulardan emas, bu fojealarga befarq bo‘layotgan tirik odamlardan qo‘rqishimiz kerak aslida.
Egasini kutayotgan Xatiko laqabli kuchukka Yaponiyada haykal o‘rnatilgan, ya’ni hayvonning sadoqatini ko‘rsatish va odamlarda ularga nisbatan shunday xayrixohlikni, mehrni uyg‘otish uchun.
Galveston to‘fonining qanchalar fojeali ekanligini butun dunyoga yetkazishga harakat qilayotgan monument yaratilgan yoki qorda qolib ketgan cho‘pon oilasi, uy egalarini yong‘indan qutqargan mushuk... Natsistlar tomonidan yoqib yuborilgan Xatin qishlog‘i Ikkinchi jahon urushida Belarus xalqining azob-uqubatlarining timsoliga aylandi va qo‘lida bolasini ko‘tarib olovdan chiqayotgan ota timsoli – monument o‘rnatildi.
Foto: bsut.by
Murmanskda uyiga qaytish uchun 2000 km dan ortiq masofani bosib o‘tgan mushuk ham vafodorlik timsoliga aylandi.
Tim Shou o‘zi yaratgan «Olovdagi odam» monumenti haqida shunday deydi: «Urushda sodir bo‘lgan voqea hozir dunyoning boshqa qismlarida minglab odamlar uchun fojeali, kundalik hodisadir. Farqi shundaki, u kengroq miqyosda va katta vayronagarchilik bilan sodir bo‘lmoqda, ayniqsa G‘azo sektori va Ukrainada. «Olovdagi odam» nafaqat frontda jang qilayotgan askarlar, balki butun insoniyat urushning shafqatsiz, abadiy la’natidan qochib qutula olmaydigan – urushayotgan guruhlar o‘rtasida qolib ketgan begunoh tinch aholi haqida».
Foto: © Tim Shou
Yoki bo‘lmasa 2005-yili Portugaliya plyajlarining birida ochilgan «Dengiz fojeasi» monumentini olaylik.
Unda 1947-yilda uchragan kema halokati va beva qolgan ayollar, yetim bolalar tasvirlangan.
Har bir mamlakatda bunday monumentlar, voqea tafsilotini sizga ro‘yi-rost yetkazadi. Vafot etganlar xotirasi tufayli ham Farg‘onaning kuygan bag‘rining bir parchasiga ona va bola monumenti o‘rnatilishi kerakki, toki odamlar umrbod bu voqeani unutmasin.
Toki afrikalik och bollarning fojeasidek ayanchli fojealar to‘q yashayotgan mamlakatlarda ham bo‘lib turishini butun dunyo anglashi va bu xatoni boshqalar takrorlamasligi uchun ham.
Eshityapsizmi, shu voqeaga sababchi bo‘lganlar, ona o‘zi kuyib ketgan bo‘lsa-da bolamlayapti, judayam ayanchli chinqirayapti va unga bugun uyiga kirishga qo‘rqib ko‘chada sovuqda dildirab yurgan chaqaloqlarning yig‘isi qo‘shilyapti.
Och bolaning o‘lishini kutayotgan qush surati bilan Farg‘onadagi gaz quyish shaxobchasidagi portlashning yana bir o‘xshash tomonini aytaymi: Afrikadagi och va yiqilgan bola – o‘tda yonib ketgan bolaga o‘xshaydi, aytingchi, uning ustiga tashlanmoqchi bo‘lgan kalxatdan nima farqingiz bor?
Barno Sultonova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter