Yuqori kuchlanishli simyog‘ochlar tagida dehqonchilik uchun ruxsat beriladi, faqat…

Yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari muhofaza zonalaridagi yer maydonlarida dehqonchilik qilish mumkin. Ya’ni, elektr uzatish tarmoqlariga zarar yetkazmagan holda, tayanch ustunlari osti suv bilan yuvilishiga (yumshatilishiga) yo‘l qo‘ymasdan, tayanch tanasi va tarkibiy qismlariga ta’sir ko‘rsatmay faoliyat yuritilishiga yo‘l qo‘yiladi.
Bu haqda O‘zbekiston Milliy elektr tarmoqlari axborot xizmati rahbari Ulug‘bek Urunov ma’lumot berdi.
«Bunda tayanch ustuni tanasi yoki fundamentidan tashqi tomonga kamida 1,5 metr masofadagi yer maydoni tayanchning doimiy foydalanishga ajratilgan yer maydoni hisoblanib, bu maydonda yerga (tuproqqa) ishlov berish taqiqlanadi. Shuningdek, texnika va boshqa moslamalar bilan ishlaganda elektr uzatish tarmog‘i simlariga yaqinlashish xavfini yoddan chiqarmaslik lozim», – deydi Urunov.
Shuningdek, mutaxassis yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari atrofidagi yer maydonlarida bog‘dorchilik ishlarini olib borishda ayrim cheklovlar borligini ta’kidlaydi.
Unga ko‘ra, amaldagi qoidalarga asosan elektr uzatish tarmoqlarining muhofaza zonasida daraxt va butalarni ekish hamda kesish ushbu tarmoqlarga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotning yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.
Bunda ekin turiga qarab elektr uzatish tarmog‘i simlariga yaqinlashishi chegaralari belgilab beriladi. Daraxt shoxlarining elektr toki o‘tkazuvchi qismlarga yaqinlashishi havo orqali qisqa tutashuvga olib kelishi xavfini tug‘dirishi mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter