O‘quvchini urib tilga tushgan o‘qituvchi yana bir huquqbuzarligi uchun 7 sutkaga qamaldi
Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi 188-sonli umumta’lim maktabda bolani kaltaklagan ayol boshqa bir qancha huquqbuzarliklar sodir etib javobgarlikka tortildi.
Bolalar ombudsmani bergan xabarga ko‘ra, joriy yilning 24-sentyabr kuni 1980-yilda tug‘ilgan R.O. qizi J.R. (2010-yilda tug‘ilgan) tahsil oladigan Yashnobod tumanidagi 204-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga borib, maktab rahbariyati bilan tortishib, maktab direktorining MMIB o‘rinbosari G‘.M. (ayol) ga nisbatan jismoniy kuch ishlatgan. Ayoldan jamoat joyida tartibiga rioya qilishi so‘ralganida, maktab hududida Milliy gvardiya va IIO xodimlariga nisbatan g‘ayriijtimoiy munosabatda bo‘lib, ularning qonuniy talablarini bajarmasdan keskin qarshilik ko‘rsatgan.
Ushbu noqonuniy harakatlarini R.O. ko‘plab maktab o‘quvchilari ko‘z o‘ngida sodir etgan.
25-sentyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudida mazkur ish ko‘rib chiqildi.
R.O. sud tomonidan MJtKning 183-moddasi (Mayda bezorilik), 194-moddasining 1-qismi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) va 197 (5) moddasi (Ta’lim tashkiloti pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish yoki o‘z xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilish) bilan aybdor deb topilib, BHM ning 3 baravari (1 020 000 so‘m) va BHMning 7 baravari (2 380 000) so‘m jarima tayinlandi va uzil-kesil ma’muriy jazo sifatida 7 sutka ma’muriy qamoq jazo chorasi qo‘llanildi.
«Shu bilan birga, R.O. ning Chilonzor tumanidagi 188-sonli umumta’lim maktabda 6-sinf o‘quvchisiga nisbatan sodir etgan harakati yuzasidan hozirda tergovga qadar tekshiriv harakatlari olib borilayotganligini eslatamiz», – deyiladi xabarda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter