Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Mobil aloqa xizmatlari aksiz solig‘idan ozod qilinadi

Mobil aloqa xizmatlari aksiz solig‘idan ozod qilinadi

O‘zbekiston Respublikasining «Soliq va budjet siyosatining 2025-yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi O‘RQ-1014-son qonuni qabul qilindi.

Hujjat bilan mobil aloqa xizmatlarining aksiz solig‘ini solishdan ozod etilishi, noshirlik-matbaa faoliyati, axborot texnologiyalari, ta’lim muassasalarining o‘quvchilarini tadbirkorlarga ishga joylashtirish, yoshlarni avtomobil yo‘llaridagi ko‘chma savdo ob’yektlari orqali tovarlarni realizatsiya qilishga jalb etish, tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan kam ta’minlangan oila a’zolarini ishga qabul qilish orqali ularni qo‘llab-quvvatlash sohasida vaqtinchalik soliq imtiyozlari joriy etilishi, shuningdek qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini o‘rnatgan jismoniy va yuridik shaxslar uchun soliq imtiyozlari berilishi ham nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, Soliq kodeksiga qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh turgan yer uchastkalarini realizatsiya qilish bo‘yicha aylanmaning QQSdan ozod etilishini, shaharlar va shaharchalarning ma’muriy chegaralarida joylashgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari bo‘yicha yer solig‘ini ikki baravar miqdorida hisoblash tartibi bekor qilinishini, YaTT xodimlari tomonidan to‘lanadigan ijtimoiy soliq summasi kamaytirilishini, shuningdek soliq to‘lovchilar bojxona chegarasini kesib o‘tganligini tasdiqlovchi belgi qo‘yilgan tovarning kuzatuv hujjatlarini soliq organlariga taqdim etish majburiyatidan ozod etilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Bundan tashqari tamaki va alkogol mahsulotlari, neft mahsulotlari hamda aksiz to‘lanadigan boshqa tovarlar uchun soliq stavkalari, mol-mulk solig‘i, yer solig‘i, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq, aylanmadan olinadigan soliq bo‘yicha soliq stavkalari o‘zgartirilmoqda.

Shuningdek tovarlarni (xizmatlarni) eksportga realizatsiya qilishdan olingan daromadlarni qo‘llab-quvvatlash uchun beriladigan foyda solig‘i va aylanmadan olinadigan soliq bo‘yicha soliq imtiyozlari bekor qilinmoqda, aylanmadan olinadigan soliqning qat’iy belgilangan stavkalari, soliq stavkasi bo‘yicha soliqni qat’iy belgilangan summada to‘lashning o‘ziga xos xususiyatlari to‘g‘risidagi normalar bekor qilinmoqda.

Budjet kodeksiga budjet tizimi budjetlari daromadlarining kamayishini, soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yoki bekor qilinishini, shuningdek soliq bo‘lmagan tushumlardan budjet tizimi budjetlariga ajratmalarning kamayishini yoki ko‘payishini nazarda tutuvchi qonunchilik normalari keyingi moliya yilining 1-yanvaridan e’tiboran amalga kiritilishi to‘g‘risidagi qoidani belgilovchi o‘zgartirish kiritilmoqda.

Bundan tashqari «Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risida»gi Qonunga qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish sohasida soliq imtiyozlari belgilanishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish kiritilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring