Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shukur Burhonning puli va Erkin Komilov hangomasi

Shukur Burhonning puli va Erkin Komilov hangomasi

Shoir Yong‘in Mirzo bo‘lim mudiri, shoir Otayor va men adabiy xodim edik, Otayor kino san’ati bilan, men teatr san’ati bilan shug‘ullanar edim. Ish jarayonida teatrlar jamoalari bilan yaqinlashib ketdim. Ayniqsa, Hamza nomidagi o‘zbek davlat akademik drama teatri (hozirgi Milliy teatr) san’atkorlari bilan qadrdonlashib qoldim. Ular qayerga gastrolga yo‘l olsa, men ham birga borardim...

Teatr jamoasi 1977-yil aprel oyida Moskvaga gastrolga jo‘nadi. Moskvadagi Maliy teatr sahnasida «Inqilob tongi», «Qiyomat qarz», «Kelinlar qo‘zg‘oloni», «Men Chiliga ishonaman» kabi spektakllar namoyish etildi. Shu voqeaning guvohi sifatida aytamanki, teatrimizning har bir spektakli anshlag bo‘ldi. Bu sovet zamonida milliy teatr uchun katta voqea edi.

Gastrol boshlanishidan oldin va gastrol davomida har kuni material jo‘natib turdim gazetaga. U vaqtlarda hozirgi texnik imkoniyatlar qayoqda deysiz! Uyga xotinimga telefonda aytib turaman, u yozib olib, keyin mashinkada ko‘chiradi. So‘ngra tahririyatga eltib beradi.

Bir kuni tushlikda «Moskva» mehmonxonasining restoraniga ovqatlangani kirdik. Kimdir menga, sizni Shukur aka chaqiryapti, dedi. Qarasam uch-to‘rt stol narida Shukur Burhonov o‘tiribdi, bir o‘zi. Bordim, salom-alik qildik.

– O‘tir, – dedi Shukur aka yonidan joy ko‘rsatib. – O‘lmas akang (O‘lmas Umarbekov) telefon qildi. «Qiyomat qarz» haqida yozgan ekansan. Moskvaning katta-katta olimlarining gapini beribsan. Yaxshi yozibsan. O‘lmas akangga ma’qul bo‘pti. Rahmat aytdi sanga.

Bu gapdan xursand bo‘ldim. Axir yosh muxbirga Shukur Burhonovday ulug‘ aktyor, O‘lmas Umarbekovday yozuvchi va dramaturg yaxshi fikr bildirsa quvonmaydimi? Shukur akaga minnatdorlik bildirib, o‘rnimdan turdim.

– Qayoqqa? – dedi ulug‘ aktyor o‘ziga xos jarangdor ovozda.

– Sheriklarimning oldiga boray.

Shukur aka qo‘lini siltadi.

– O‘tir, birga ovqatlanamiz. Sheriklaring o‘zlari ovqatlanaversin, – dedi.

Noiloj o‘tirdim. Albatta Shukur Burhonovday buyuk aktyor bilan bir stolda o‘tirish, birga ovqatlanish har kim uchun, ayniqsa, men kabi yosh muxbir uchun katta sharaf. Ammo xijolat bo‘ldim, sheriklarim go‘yo meni surbetlik bilan mashhur san’atkorning yoniga o‘tirib oldi, deb o‘ylayotganday tuyuldi. Shu o‘ylarimni sezganday menga taskin berdi Shukur aka:

– Xijolat bo‘lma. Hamma bilib turibdi o‘zing kelmaganingni mening yonimga... Shukur Burhon – narodniy artist SSSR o‘zi chaqirmasa hech kim o‘zicha uning oldiga kelmaydi, tem boleye ovqatga, – guldirak ovozda kuldi.

Ochig‘i, tortinib, iymanib ovqatlandim. U kishining salobati bosdi.

Ovqat yeb bo‘lgach, pul to‘lash uchun cho‘ntagimni kavlayotgan edim, qo‘limni ushladi.

– San jim o‘tir. Shukur Burhonni puli tavaruk.

O‘sha «tavaruk» pulga yegan ovqatim, garchi uncha tatimagan bo‘lsa-da, hammaning havasini keltirgani rost.

 «Ya PROSTILA»

 O‘sha gastrol kunlari xalq artistlari, yoshi katta san’atkorlar «Moskva» mehmonxonasida, yoshlar Moskvaning chekkaroq mavzesidagi «Baltika» mehmonxonasida turdi. Men, televideniyedan borgan Egamberdi Musayev ham yoshlar qatorida edik. Har kun spektakldan keyin maxsus avtobus Maliy teatr oldidan «Baltika» mehmonxonasiga olib boradi.

Bir kuni endi uxlamoqchi bo‘lib yotgan edim, O‘sar (bosh rejissyor Bahodir Yo‘ldoshevning yordamchisi) hovliqib kirib keldi.

– Aka, tez yuring, Erkin akaning mazasi qochib qoldi, – dedi.

– Nimaga mazasi qochadi? Hozir birga keldik, tuppa-tuzuk edi-ku?

– Bilmadim... Tezroq yuring, do‘xtir chaqirish kerak.

O‘sar – jussasi kichkina, bo‘yi bir metrdan sal balandroq, ammo juda chaqqon, har narsadan xabardor, gapga chechan, og‘irning ustidan, yengilning ostidan o‘tadigan uddaburon yigit. U shunday gapirardiki, rostdan ham Erkin Komilovning ahvoli og‘ir degan xayolga borardi har qanday odam.

Apil-tapil kiyinib, Erkinning xonasiga yugurdim. Kirsam Erkin yalang‘och yotibdi karavotda. Butun badani qizarib ketgan, ba’zi joylari shishganga ham o‘xshaydi. O‘sar mendan oldin boshqalarni ham chaqirgan shekilli, uch-to‘rt kishi o‘tirardi yonida. Qo‘rqib ketdim.

– Nima bo‘ldi? Do‘xtir chaqirdilaringmi?

Egamberdi Musayev ham shu yerda ekan.

– «Tez yordam»ga qo‘ng‘iroq qildik, – dedi Egamberdi. – Hozir kelib qoladi.

Ma’lum bo‘lishicha, spektakl boshlanishidan oldin Erkin o‘zini sal lohas sezibdi, shamolladim deb qandaydir dori ichibdi. Dori reaksiya berib, allergiyasini qo‘zitib yuboribdi. O‘sha kuni «Kelinlar qo‘zg‘oloni» edi. Bu spektaklda Erkin muxbir rolini ijro etardi.

Erkin og‘ir bemor kabi inqillab gapirdi:

– Spektaklni bazo‘r o‘ynadim... Rolim tugashi bilan chiqib ketdim. E’tibor bergan bo‘lsang, poklonga ham chiqolmadim.

Erkin Komilov bilan bir vaqtda o‘qiganmiz: men Toshkent davlat universitetida, u Teatr va rassomlik san’at institutida. Qachon, qayerda, qanday tanishganmiz esimda yo‘q. Ammo xuddi bolalikdan tanishlarday, sinfdosh jo‘ralarday qadrdon bo‘lib ketganmiz, oilaviy bordi-keldilarimiz bor. Shu tufayli bir-birimizga sensirab murojaat qilamiz.

«Tez yordam» keldi. Vrach yoshgina, kelishgan, istarasi issiq juvon ekan. Erkinni ko‘rishi bilan «Boje moy, kakaya silnaya allergiya» dedi. Qon bosimini o‘lchadi, fonendoskopini qo‘yib, yurak urishini eshitdi. Nima bo‘ldi, deb so‘radi.

– Ya prostila, – dedi Erkin. – Potom...

Hamma kulib yubordi. Vrach ham o‘zini tutolmadi. Erkin bular nimaga kuladi, deb hayron. Egamberdi bo‘lgan voqeani tushuntirib berdi. Vrach «ponyatna» dedi-da, birga kelgan sherigiga qanaqa dorilardan ukol qilishni buyurdi. Qarab turibman, Erkinning ikki ko‘zi vrachda. Avvaliga undan madad kutib ko‘z uzmayapti, deb o‘yladim. Shu mahal nima deydi deng:

– Mamatqul, qara, ko‘zlari juda chiroyli ekan-a... Kulishi ham yoqimli, – desa bo‘ladimi!

Yana hamma kulib yubordi. Bu safar vrach hayron: bular nega kulyapti, deb. Hatto bir oz qizardi ham. Buni ko‘rib Erkinning kasali ham esidan chiqdimi yoki ukol darrov ta’sir qildimi, sayray boshladi:

– Yuzlarini qara, naqsh olmaday.

– E, o‘chir, – dedim. – Kasalmisan yo hammani laqillatib yotibsanmi?

Ukolning ta’sirini kuzatib o‘tirgan vrach Erkindan so‘radi:

– Kak vi sebya chuvstvuyte? Legche?

Erkin ko‘zlari o‘ynoqlab mendan so‘radi:

– Nima deyapti?

Hazil qilgim keldi:

– Jim yotmasang o‘lasan, deyapti.

Erkin hingir-hingir kuldi, ko‘zini vrachdan uzmaydi.

– Ja gapni opqochasan-da jurnalistman, deb. Ahvolingiz qalay, deyapti-ku, – dedi.

– Tushunayotgan ekansan, nimaga mendan so‘raysan?

– Sen ham tushunayapsanmi-yo‘qmi, bilmoqchi bo‘ldim-da, – dedi yana hiringlab.

Men o‘zimni jahli chiqqan kabi ko‘rsatib, O‘sarga qaradim.

– Shuncha odamni uyqudan qoldirib, nimaga vahima qilib yuribsan? – dedim. – Buni balo ham urmaydi. Bu qip-qizil artist-ku.

Erkin endi baralla kuldi:

– Muxbir rolini o‘ynasam muxbir bo‘lib qolarmidim?.. Men aktyorman, bildingmi, zo‘r aktyorman. Shukur Burhonning shogirdiman.

– Shukur aka senga o‘xshagan maynavozchimas, – dedim.

«Tez yordam» ketdi. Biz ham tarqaldik.

Mamatqul Hazratqulov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring