Saudiya vaziri Haj va Umraga doir raqamlarga aniqlik kiritdi

Joriy yilgi Haj mavsumida ham O‘zbekistonga 15 mingta kvota ajratilishi kutilmoqda. Bu haqda Saudiya Arabistoni Haj va Umra vaziri Tavfiq bin Favzon Rabia 18-fevral kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
“Imom Buxoriy, Xorazmiy, Imom Muslim va yana boshqa o‘nlab allomalar vatani bo‘lgan O‘zbekistonga har gal kelganimda o‘zgacha kayfiyatni his etaman. Saudiya Arabistoni podshohligi boshqa o‘lkalardan kelayotgan musulmonlar qatori o‘zbekistonlik ziyoratchilarga ham ibodatlarni har tomonlama to‘kis ado etishlari uchun shart-sharoit yaratishda davom etadi. Bu yil O‘zbekistonga Haj uchun 15 mingta kvota ajratilishiga kelishdik. Bizni mamnun etayotgan jihat, o‘zbekistonlik Umra ziyoratchilari soni ham oshib bormoqda. Masalan, 2024-yilda O‘zbekistondan qariyb yarim million nafar kishi Umra amallarini ado etdi”, – dedi vazir Tavfiq bin Favzon Rabia.
Qayd etilishicha, 2024-yilda dunyo bo‘ylab 18 milliondan ziyod musulmon Haj va Umra arkonlarini bajarish baxtiga musharraf bo‘ldi. Bundan 2 milliondan ziyodini Haj, 16 milliondan ziyodini esa Umra ziyoratiga borganlar tashkil etadi.
Saudiya Arabistoni vaziri ziyoratchilarga qulaylik yaratish maqsadida O‘zbekiston vakolatli idoralari bilan yaqin hamkorlik olib borilayotganini qayd etdi.
Saudiyalik yuqori martabali mehmonga ko‘ra, uning tashrifi podshohlikning umrachilar rohati va salomatligi yo‘lida O‘zbekiston bilan hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlarini hamda Ikki muqaddas masjid ziyoratchilariga xizmat ko‘rsatishdagi yetakchilik o‘rnini aks ettiradi.
Avval xabar berganimizdek, poytaxtimizdagi Simpoziumlar saroyida Saudiya Arabistoni Haj va Umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon Rabia boshchiligidagi delegatsiya bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev va boshqa mutasaddilar ishtirokida muloqot bo‘lib o‘tdi.
Ikki kunlik tashrif mobaynida Rahmon mehmonlariga yuqori darajada xizmat ko‘rsatish, Umra tizimini takomillashtirish, ziyorat xizmatini tashkil etuvchi shirkatlar ishini yaxshilash, saudiyalik aviatashuvchilarni qo‘llab-quvvatlash va o‘zbek bozoridagi faolligini kengaytirish kabi masalalar muhokama etiladi.
Ma’lumot o‘rnida, Saudiya Haj va Umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon Rabia 2022 yil sentyabr oyida ham yurtimizda mehmon bo‘lgan, yuqori martabali mehmonni prezident Shavkat Mirziyoyev qabul qilgan edi.
O‘shanda Saudiya vaziri podshohlikda ham O‘zbekistondagi tarixiy maskanlarni ziyorat qilishga qiziqish oshib borayotganini ta’kidlagandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter