O‘zbekiston Umra ziyoratchilari soni bo‘yicha dunyoda 10-o‘rinni egalladi

2024 yilda qariyb 461,5 ming nafar o‘zbekistonlik Umra amallarini ado etdi. Shu tariqa O‘zbekiston Saudiya Arabistoniga boruvchi ziyoratchilar soni bo‘yicha dunyo miqyosida 10-o‘rinni egalladi. Bu haqda Saudiya Arabistonining Toshkentdagi elchixonasi Xabar.uz’ga ma’lum qildi.
Mazkur ko‘rsatkich 2023 yil bilan solishtirganda, 10 foizga kamaygan bo‘lsa-da, O‘zbekiston umrachilar soniga ko‘ra Markaziy Osiyoda birinchi o‘rinni band etdi. Tahlillarga qaraganda, o‘zbekistonlik umrachilar soni mamlakatda yashovchi musulmonlarning 1,4 foizini tashkil etmoqda.
«Yuqoridagi raqamlar o‘zbek xalqining Ikki muqaddas masjid bilan qanchalik chuqur bog‘liqligini aks ettiradi. Bu o‘z navbatida podshohlik hukumati tomonidan Umraning uzluksiz va to‘liqligini ta’minlash yo‘lida xizmatlar, yengilliklarning to‘la-to‘kis tizimini yaratish borasidagi sa’y-harakatlarni ko‘rsatib beradi», deyiladi elchixona xabarnomasida.
Qayd etilishicha, «Rahmon mehmonlari», ya’ni ziyoratchiarga yuqori darajadagi xizmatlar ko‘rsatilishi borasida podshohlik va O‘zbekiston hukumatlari o‘z majburiyatlaridan kelib chiqib, shirkatlar belgilanishiga ustuvor masala sifatida qaramoqda.
Saudiya Arabistoni podshohligi Haj va Umra vazirligi o‘z ishlarini O‘zbekistondagi vakolatli tomonlar bilan muvofiqlashtirgan holda amalga oshiradi. Bunda Umra shirkatlari ziyoratchilarga munosib tarzda yashash joylari va naqliyot vositalari kabi xizmatlarni ko‘rsatishi qat’iy nazorat qilib boriladi.
Umrachilar safarini yengillashtirish uchun podshohlik texnologik taraqqiyot doirasida raqamlashtish borasida bir qator tashabbuslarni ilgari surdi. Ularning eng muhimi «Nusuk» platformasi bo‘lib, u umrachilarga osonlik bilan o‘z safarlarini avvaldan tashkillashtirish imkonini beradi. Bu jarayon vizalar olishdan tortib naqliyot va yashash joylariga buyurtma berish, hatto manosiklarni ado etish vaqtlarini belgilashga qadar qamrab oladi. Shu tariqa ibodatlarni uzluksiz va yengillik bilan ado etish kafolatlanadi.
Bundan tashqari, «Haramayn» tezyurar poyezdi Makkai mukarrama va Madinai munavvara orasidagi masofani tez bosib o‘tish, omonlik va rohatda Umra manosiklarini ado etish va Payg‘ambarimiz masjidlarini ziyorat qilish imkoniyatini yaratdi.
Haj va Umra manosiklarini ado etishga talab oshib borayotgani uchun Ikki muqaddas masjid hududlarini kengaytirishga qaratilgan ulkan loyihalar amalga oshirildi. Shu doirada tavof va sa’y qilinadigan hududlar yaxshilandi. Infrastruktura, shifoxonalar va salomatlik markazlari kabi yordamchi xizmatlar rivojlantirildi.
Saudiyaning «Nigoh–2030» strategiyasida ham Ikki muqaddas masjidda qulay shart-sharoitlarni takomillashtishga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, ekologiyani asraydigan suv va tiklanadigan energiya tizimlari, sun’iy aql texnologiyalari asosida ziyoratchilarning katta guruhlari to‘planishini boshqarish va qator tillarda (ular orasida o‘zbek tili ham bor) ko‘rsatmalarni yetkazish tizimi ishga tushirildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter