1-sentabrdan nimalar o‘zgaradi?
2023-yil 1-sentabrdan kuchga kiradigan milliy qonunchilikdagi asosiy o‘zgarishlar sharhi Norma.uz portali tomonidan taqdim etildi.
Paxta sanoatida AKT joriy etiladi
Hududlar va klasterlar kesimida paxta xomashyosini yig‘ib olish bilan bog‘liq ma’lumotlar shakllantiriladigan axborot tizimi ishga tushiriladi, 2023-yil 15-sentabrdan boshlab esa u «Agroplatforma» axborot tizimiga integratsiya qilinadi.
«Yong‘indan ogohlik» umummilliy kampaniyasi amalga oshiriladi
Uning doirasida:
- ta’lim tashkilotlarida yong‘inlarning oldini olish va yong‘in sodir bo‘lgan vaziyatda harakat qilish bo‘yicha batafsil uslubiy mashg‘ulotlar o‘tkaziladi;
- davlat tashkilotlari, tadbirkorlik sub’yektlari va boshqa tashkilotlarda ish joylarida yong‘in xavfsizligi bo‘yicha o‘qitish tashkil etiladi, jumladan, evakuatsiya rejalari o‘t o‘chirish vositalaridan foydalanish qoidalari bilan tanishtiriladi;
- aholi tarqatma materiallar bilan ta’minlanadi
- OAVda ushbu yo‘nalishdagi maqola, intervyu va ko‘rsatuvlar namoyish etiladi.
Davlat organlari to‘liq elektron ish yurituviga o‘tishadi
«Raqamli hukumat» tizimi doirasida ijro etuvchi hokimiyatning markaziy apparatlari to‘liq elektron hujjat aylanish tizimiga o‘tkaziladi.
Yuridik oliygoh talabalariga ishlashga ruxsat beriladi
Oliy ta’lim muassasalarining bitiruvchi talaba-yuristlariga o‘qishdan bo‘sh vaqtda advokat yordamchisi sifatida faoliyat yuritishga ruxsat beriladi.
Bolalar uchun muzeylarga kirish bepul bo‘ladi
18 yoshgacha bo‘lgan bolalarning madaniy meros ob’yektlariga, jumladan ko‘rgazmalar, tarixiy obidalar va ziyoratgohlar, shuningdek, davlat muzeylariga to‘lovsiz kirish tartibi joriy etilmoqda.
Davlat ishtirokidagi korxonalar depozit uchun banklarni auksion orqali tanlashadi
Davlat ishtirokidagi korxonalarning bo‘sh pul mablag‘larini depozitga joylashtirish bo‘yicha tijorat banklari o‘rtasida foiz oshib borish tarzida bank kapitali yetarliligi, bank kapitalining uning majburiyatlariga nisbati, likvidlilik koeffitsiyenti kabi shartlarni nazarda tutgan holda auksion savdolari o‘tkaziladi.
Ta’lim tizimi islohoti
Tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlarining umumiy o‘rta ta’lim muassasalari faoliyatini tekshirish va ta’lim sifatini baholash bo‘yicha vakolatlari bekor qilinadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida eng tajribali direktorlardan iborat bo‘lgan Direktorlar kengashlari tuziladi.
2023/2024 o‘quv yilidan boshlab:
- maktablarning 1-4-sinf o‘quvchilariga boshlang‘ich, 5-9-sinflarida tayanch hamda 10-11-sinf o‘quvchilarining qiziqish va qobiliyatiga mos bo‘lgan bilimlarni berishga yo‘naltirilgan o‘quv dasturlari joriy etiladi;
- boshlang‘ich sinflarda informatika fani, o‘rta sinflarda esa o‘quvchilarning moliyaviy savodxonligini oshirishga qaratilgan darslar joriy etiladi;
- barcha fanlar bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar ulushi 60%ga yetkaziladi. Bunda, darslardagi mavzular aniq muammoni hal qilish orqali o‘rgatiladi, amaliyot darslari esa loyihani bajarish shaklida o‘tkaziladi.
Budjet tashkilotlari quyosh batareyalari o‘rnatishga majbur bo‘lishadi
Budjet tashkilotlariga quyosh paneli va issiq suv kollektorini o‘rnatish majburiyati yuklatiladi hamda 2026 yilga qadar ularning binolari energiya iste’molining 60 foizi «yashil energiya»ga bosqichma-bosqich o‘tkaziladi.
Haydovchilik guvohnomalari almashtirishning so‘nggi muddati kelmoqda
Xususan haydovchilik guvohnomalari hamda avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomalar:
- 2013–2015 yillarda berilgan bo‘lsa – 2023 yil 30 sentyabrgacha;
- 2015 yildan keyin berilgan bo‘lsa – 2023 yil 31 dekabrgacha almashtirilishi zarur.
Turistik sohada talablar soddalashtirilmoqda
Quyidagi talablar bekor qilinadi:
- turagentlarning elektron to‘lovlar, bron qilish xizmatlarini ko‘rsatadigan kamida ikkita xorijiy tildagi veb-saytga ega bo‘lishi;
- turoperatorlarning elektron to‘lovlar xizmatlarini ko‘rsatadigan veb-saytga ega bo‘lishi.
O‘zboshimchalik bilan qurilgan qurilmalarni o‘rganish boshlanadi
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyalari hokimliklar bilan birgalikda:
- Respublikaning seysmik faol zonasida joylashgan seysmik xavfsizligi III-IV toifaga kiruvchi ko‘p kvartirali uylardagi umumiy foydalaniladigan joylarda (zinapoya yo‘laklari, chordoq va umumiy foydalanishdagi oshxonalarda) o‘zboshimchalik bilan qurilgan konstruksiyalarni;
- ko‘p kvartirali uylarning, shu jumladan ularning yerto‘la va birinchi qavatidagi zilzilabardoshlikka ta’sir qiluvchi konstruksiyalarga o‘zboshimchalik bilan kiritilgan o‘zgartirishlarni aniqlab boradi.
Banklar ustav kapitalining eng kam miqdori oshirilmoqda
Bank ustav kapitalining eng kam miqdori:
- 2023 yil 1 sentyabrdan e’tiboran 200 mlrd so‘mni;
- 2024 yil 1 apreldan e’tiboran 350 mlrd so‘mni;
- 2025 yil 1 yanvardan e’tiboran 500 mlrd so‘mni tashkil etishi kerak.
Tamaki va pivo savdosi sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari soddalashtirilmoqda
Tamaki mahsulotining ulgurji va chakana savdosi, pivo mahsulotining ulgurji savdosini xabardor qilish tartibida amalga oshirishga ruxsat berildi
Investitsiya majburiyatlari bo‘yicha talablar soddalashtirilmoqda
Ko‘chmas mulk ob’yektlari va davlat ulushlari xususiylashtirilganligi to‘g‘risidagi davlat namunasidagi order va sertifikat Davlat xizmatlari markazlari va (yoki) YaIDXP orqali QR-kod qo‘yilgan holda beriladi.
Onlayn auksion savdolarida davlat mulki ob’yektlarini sotib olgan xaridorlar bilan shartnomalar savdo natijasi bo‘yicha bayonnoma asosida «E-auksion» elektron savdo platformasida elektron shaklda (shu jumladan, ERI orqali) rasmiylashtiriladi;
Har chorakda tegishli vazirlik va idoralar xodimlarining joyiga chiqqan holda investitsiya majburiyatlarining bajarilishini oraliq monitoring qilish tartibi bekor qilinadi.
Sudlanganlik muddati o‘tganligi haqida ma’lumot – onlayn tarzda shakllantiriladi
Sudlanganlik muddatining o‘tib ketganligi yoki sudlanganlikning olib tashlanishi haqidagi ma’lumotlar Ichki ishlar vazirligining «Tezkor ma’lumotlar» yagona axborot tizimida avtomatik ravishda onlayn shakllantiriladi;
Sudlanganlik muddatining o‘tib ketganligi yoki sudlanganlikning olib tashlanganligi haqidagi ma’lumotnoma sudlanganlik muddati tugagan yoki sudlanganlik olib tashlangan sananing ertasidan kechiktirmasdan tegishli shaxsning Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi shaxsiy kabinetiga avtomatik ravishda bepul yuboriladi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslardan tibbiy xulosa talab qilinmaydi
Nogironligi bo‘lgan shaxslarni protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan ta’minlashda nogironligi bo‘lgan shaxslardan tibbiy xulosa talab qilish bekor qilinadi. Tibbiy xulosa tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan «Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza» elektron axborot tizimiga kiritiladi.
IIV xodimlari muntazam malaka oshirishadi
Huquqbuzarliklar profilaktikasi, yo‘l-patrul va patrul-post xizmati bo‘linmalari xodimlari ushbu sohalarda xizmatni davom ettirishlari uchun har uch yilda IIV Malaka oshirish institutida malaka oshirishlari lozim bo‘ladi.
Ichki audit xizmati xodimlariga talablar kuchaytirilmoqda
Ichki audit xizmati xodimining malakasi ichki audit milliy malaka sertifikati orqali tasdiqlanadi.
Ichki audit bo‘yicha milliy malaka sertifikatiga ega bo‘lmagan shaxslarni Inspeksiya va ichki audit xizmatlarining xodimi lavozimiga ishga qabul qilishga hamda ularning ushbu tizimlarda faoliyat yuritishiga yo‘l qo‘yilmaydi, bundan xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan shaxslar mustasno.
Qishloq xo‘jaligi ilm bilan bog‘lanadi
Oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik, ilm-fan yutuqlari, innovatsion texnologiyalarni joriy qilish, inson resurslarini rivojlantirish masalalari yangi tashkil etiladigan agroklasterlar, kooperativlar va sohadagi boshqa yirik korxonalar faoliyatini tashkil etishda litsenziya va ruxsat etish tartib-taomillari shartlaridan biri etib belgilanadi.
Ekologiya vazirligining stipendiyasi joriy etilmoqda
Oliy ta’lim muassasalarining «Ekologiya», «Atrof-muhitni muhofaza qilish», «O‘rmonchilik», «Yashil iqtisodiyot» va «Gidrometeorologiya» va boshqa talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlaridagi eng iqtidorli talabalari uchun Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri stipendiyasi ta’sis etiladi.
Ayrim huquqbuzarliklar bo‘yicha xabar berganlik uchun – pul mukofoti
Aholi tomonidan Energetika vazirligining maxsus axborot tizimiga yuborilgan elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar haqidagi fotosuratlar va videoyozuvlar belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi. Huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi fotosuratlar va videoyozuvlarni yuborgan shaxslar pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.
Xususiy sektordagilar qishloq xo‘jaligi texnikalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazishlari mumkin
Xo‘jalik yuritish sub’yektlari – yuridik shaxslarga jismoniy shaxslarning 100 ot kuchigacha quvvatga ega bo‘lgan qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi beriladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter