Kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni internetda tarqatish, reklama qilish, namoyish etish uchun javobgarlik belgilandi
Prezident tomonidan imzolangan Qonun (O‘RQ-971-son, 05.10.2024 y.) bilan ayrim kodekslarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Unga ko‘ra, Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini yoki psixotrop moddalarni telekommunikatsiya tarmoqlaridan va Internetdan foydalanish orqali qonunga xilof ravishda muomalaga kiritganlik, ushbu jinoyatlarni voyaga yetmaganlarni jalb qilgan holda sodir etganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.
Shuningdek giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini yoki psixotrop moddalarni, kuchli ta’sir qiluvchi va zaharli moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda olganlik, saqlaganlik, tashiganlik yoki jo‘natganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.
Jinoyat kodeksiga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki jo‘natish, o‘sha harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, quyidagi jazo choralaridan biri qo‘llanishi belgilandi:
- BHMning 50 baravarigacha miqdorda jarima;
- 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari;
- 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari;
- 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash;
- 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter