Qoraqalpog‘istonda Qizil kitobga kiritilgan Buxoro bug‘ulari ovlandi
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tasarrufidagi Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati xodimlari tomonidan 3 bosh Buxoro bug‘usi ovlanganligi aniqlandi.
Holat Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumani IIB tomonidan o‘rganilganda, bir bosh erkak va ikki bosh urg‘ochi bug‘ular ov miltig‘i bilan o‘ldirilgani ma’lum bo‘lgan.
Hodisa joyi ko‘zdan kechirilganida esa rezervatning zaxira yerlaridan 2 ta ov miltig‘i o‘q dorisining plastik bo‘laklari, qonga o‘xshash qizil dog‘lar va ov miltig‘i topilgan. Ov miltig‘i ashyoviy dalil sifatida olingan.
Qizil kitobga kiritilgan Buxoro bug‘ulari o‘ldirilishi natijasida hayvonot dunyosiga jami 3 mlrd 375 mln so‘mlik moddiy zarar yetkazilgan.
Holat yuzasidan fuqaro M.K. Jinoyat kodeksining 202-moddasi (hayvonot yoki o‘simlik dunyosidan foydalanish tartibini buzish) 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinib, qo‘lga olingan.
Vazirlikka ko‘ra, hozirda hodisa bo‘yicha Beruniy tumani IIB tergov bo‘linmasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter