Janubiy Koreya qiruvchi samolyoti mashg‘ulot paytida aholi manziliga bomba tashlab yubordi

Janubiy Koreya harbiy-havo kuchlarining ikkita KF-16 qiruvchi samolyoti 6-mart kuni mashg‘ulotlar chog‘ida Pocheon shahridagi turar-joy hududiga tasodifan sakkizta MK-82 aviabombasini tashlab yubordi.
Yonhap axborot agentligining harbiylar va o‘t o‘chiruvchilarga tayanib yozishicha, uchuvchilar havo bombalarini soat 10:04 da (Toshkent vaqti bilan 06:04) «g‘ayritabiiy ravishda» mashg‘ulot bo‘lib o‘tayotgan poligon tashqarisiga tashlagan.
Hodisa oqibatida sakkiz kishi jabrlangan va kasalxonaga yotqizilgan. Ikki jabrlanuvchining ahvoli og‘ir deb baholanmoqda. Yaradorlarning aksariyatida suyak sinishi tashxisi qo‘yilgan.
Hodisa oqibatida cherkov va yana oltita bino, shuningdek, yuk mashinasi zarar ko‘rgan, deb xabar beradi Yonhap.
Janubiy Koreya harbiy-havo kuchlari hodisa yuzasidan tekshiruv boshladi. Harbiylar yetkazilgan zarar uchun uzr so‘radi va jabrlanganlarning tezroq sog‘ayib ketishini tiladi.
6 mart kuni Janubiy Koreya va AQSh harbiylari KXDR bilan chegaradan 25 kilometr uzoqlikda joylashgan Pocheon shahridagi poligonda mashg‘ulotlar o‘tkazayotgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter