Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Amnesty International Isroilni dahshatli jinoyatda aybladi

Amnesty International Isroilni dahshatli jinoyatda aybladi

Isroilning G‘azo sektorida sodir etayotgan qilmishlari hamda rasmiylarning bayonotlari Tel-Aviv Falastin yerlarida genotsid (qatliom) qilish niyatida ekanidan dalolat beradi. Bu haqda Amnesty International inson huquqlari tashkiloti hisobotida so‘z boradi.

«Inson ekaning tan olinmasa: Isroilning G‘azodagi falastinliklarni qatliom qilishi» deb atalgan hisobotga ko‘ra, Isroil 2023 yil 7 oktyabrdan buyon mas’uliyatsizlarcha hujum-hamlalar uyushtirib kelmoqda.

Xalqaro tashkilot 2023 yil 7 oktyabrdan 2024 yil iyulga qadar G‘azodagi insoniy talafotlar va vayronagarchiliklar, yahudiy davlati rasmiylarining bayonotlarini o‘rganib, Isroil Falastin xalqiga nisbatan genotsid sodir etmoqda degan xulosaga kelgan.

Qayd etilishicha, Isroil armiyasi HAMAS hujumidan keyin G‘azoning tinch aholisi boshiga ulkan musibatlar yog‘dirib, halokatga giriftor qildi. Isroil hujumlari oqibatida 42 mingdan ziyod falastinlik halok bo‘ldi. G‘azoda so‘nggi bir yil ichida barcha a’zolari qirilib ketgan oilalar ham talaygina.

Bombardimonlar oqibatida G‘azo sektori butunlay vayron bo‘ldi. Shaharlar yakson etildi, diniy, tarixiy va madaniy ob’yektlar yo‘q qilindi. Oqibatda G‘azo sektorining katta qismi yashash va dehqonchilik uchun nobop joyga aylandi.

Hisobotga ko‘ra, Isroil insonparvarlik ko‘magi kirishiga to‘sqinlik qilish orqali G‘azo sektoridagi bir necha yuz ming aholini ochlik, tashnalik va kasalliklar girdobida qoldirdi.

Isroil yuzlab falastinliklarni qiynoqqa soldi va asossiz ravishda qamoqqa tashladi.

«Amnesty International tomonidan o‘rganib chiqilgan ayrim harakatlar xalqaro gumanitar huquq yoki inson huquqlari bo‘yicha xalqaro huquqning jiddiy buzilishi sanaladi. Agar Isroilning butun harbiy kampaniyasi, siyosati va harakatlari yaxlit holda tahlil etilsa, yagona oqilona xulosaga kelish mumkin: maqsad genotsid sodir etishdir», – deyiladi hisobotda. 

Ma’lum bo‘lishicha, Isroilning G‘azodagi urushga mas’ul bo‘lgan yuqori martabali mulozimlari ham 22 holatda genotsidga da’vat qilgan yoki bu mudhish jinoyatni oqlagan. O‘z rahbarlaridan ulgi olgan yahudiy askarlari G‘azoni «yer yuzidan supurib tashlash» niyatida xunrezliklar sodir etgan. Askarlarning vayron bo‘lgan uy, masjid, maktab va universitetlar oldida bayram qilishi ham o‘sha mash’um niyatni tasdiqlaydi.  

G‘azo sektorida yashab kelgan 2,3 million aholining 70 foizi boshpanasidan ayrilib qochqinga aylangan. Mintaqada tinch aholi jon saqlashi uchun xavfsiz joy qolmagan.

Amnesty International tashkiloti bosh kotibi Anes Kallamar xalqaro hamjamiyatning sharmandali harakatsizligi Isroilning xunrezliklarni davom ettirishiga yo‘l ochmoqda deb hisoblaydi.

«Jahon davlatlari shunchaki taassuf va xavotir izhor qilishni bas qilib, qat’iy va izchil choralar ko‘rishi, Isroilning ayrim ittifoqchilari esa qanchalik yoqimsiz bo‘lmasin, genotsid faktini tan olishi kerak. Hisobot xalqaro hamjamiyatga amaliy harakatlar uchun ogohlik qo‘ng‘irog‘i bo‘lmog‘i lozim. Bu genotsid va uni zudlik bilan to‘xtatmoq darkor!» – degan  Amnesty International bosh kotibi.

Xalqaro tashkilot yetakchisi Isroilni qurollantirayotgan AQSh, Germaniya, Buyuk Britaniya va YeIning boshqa davlatlarini genotsid ishtirokchisi bo‘lib qolishdan ogohlantirgan va qirg‘in vositalarini yetkazishni to‘xtatishga undagan.

Isroilning G‘azo sektoridagi xalqaro huquq va insoniylikka zid harakatlarini boshqa xalqaro tuzilmalar ham keskin qoralamoqda.

Avval xabar berganimizdek, 21 noyabr kuni Xalqaro jinoyat sudi G‘azo sektorida insoniyatga qarshi va urush jinoyatlar sodir etgani uchun Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va sobiq mudofaa vaziri Yoav Galantni hibsga olishga order berdi.

Ushbu ikki shaxsga 2023 yil 8 oktyabrdan 2024 yil 20 maygacha bo‘lgan muddatda G‘azo sektoridagi tinch aholini yashash uchun zarur bo‘lgan suv, dori-darmon, oziq-ovqat, tibbiy jihozlar, yoqilg‘i va elektr energiyasidan qasddan mahrum qilish aybi ham ilgari surilgan.

Joriy yil iyun oyida BMT Isroilni bolalar huquqlarini poymol etuvchi va ularga zarar yetkazuvchi davlatlar ro‘yxatiga kiritdi. BMT bosh kotibining bolalar va qurolli ziddiyatlar masalalari bo‘yicha maxsus vakili Virjiniya Gamba tomonidan tuzilgan hisobotda G‘azo sektorida bolalarni o‘ldirish, o‘g‘irlash, kaltaklash, shuningdek, maktab va shifoxonalarga hujum haqida so‘z boradi.

Human Rights Watch (HRW) xalqaro inson huquqlari tashkiloti esa AQSh va Yevropa mamlakatlari Falastin–Isroil ziddiyati borasida ikkiyuzlamachilik qilayotgani haqida bayonot bergan. Ta’kidlanishicha, agar G‘arb davlatlari o‘zlari hamisha bayroq qilgan inson huquqlariga chindan ham sodiq bo‘lsa, Isroilning G‘azodagi harbiy jinoyatlariga ham qarshi chiqishi shart.

Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari Isroil bombardimonlarida minglab falastinlik tinch aholi vakillari o‘ldirilganini qayd etib, yahudiy davlati armiyasini qurollantirayotgan mamlakatlardan qurol-aslaha yetkazishni to‘xtatishni ham talab qilmoqda.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring