Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Dunyoning eng innovatsiyalashgan mamlakati — AQSh va Xitoy emas

Dunyoning eng innovatsiyalashgan mamlakati — AQSh va Xitoy emas

Foto: LinkedIn

Qaysi mamlakat innovatsiyalar bo‘yicha yetakchi? Ko‘pchilik AQSh deb javob beradi. Yana ayrimlarning fikricha, Xitoy peshqadam. Biroq Jahon intellektual mulk tashkiloti e’lon qilgan Innovatsiyalar global indeksida AQSh uchinchi o‘rinda, Xitoy esa bor-yo‘g‘i 11-o‘ringa ilingan (grafikka qarang).

Indeks innovatsiyalar sohasini keng qamrovda ifodalagan. Patentlar, ilmiy maqolalar, yuqori texnologiyali mahsulotlar eksporti kabi «natijalar» (ingl. outputs) hamda tadqiqotlar va ishlanmalarga sarflanayotgan xarajatlar, muhandislik OTM bitiruvchilari soni va venchur kapitalli bitimlar singari «resurslar» (ingl. inputs)ni o‘z ichiga olgan. Indeks texnologiyalarning mamlakatda tatbiq etilishi va foydalanilishi hamda ularning ishlab chiqarilishini ham ko‘zda tutadi. Yuqori texnologiyali mahsulotlarni ko‘p import qilayotgan, xorijiy intellektual mulkka ko‘p pul sarflayotgan mamlakatlar bu indeks bo‘yicha yuqori ball to‘playdi. Ayrim ko‘rsatkichlar noan’anaviy, masalan, mamlakatda ishlab chiqarilayotgan badiiy filmlar soni yoki mamlakatning ma’lumotlar va kod almashinish bo‘yicha ommalashgan GitHub portalida hamkorlikdagi dasturiy loyihalarga kiritayotgan o‘zgarishlari soni shular jumlasiga kiradi.

Ana shunga o‘xshash yuqoridagi ko‘rsatkichlar jamlanganda, Shveysariya indeks yetakchisi hisoblanadi. Uncha katta bo‘lmagan mamlakatlar ilm-fan sohasining AQSh va Xitoy singari ulkan nahanglarini indeksda ortda qoldirishi mumkin, chunki ko‘rsatkichlar mamlakat aholisi soni yoki yalpi ichki mahsulotiga uzviy tarzda masshtablashtiriladi. Masalan, 2022-yilda Shveysariya 5 430 ta xalqaro patent olish uchun ariza topshirgan. Ya’ni AQSh patentlarining o‘ndan biri ham chiqmaydi. Qolaversa, Shveysariya iqtisodiyoti AQShnikidan o‘n baravardan ham ko‘proq kichik, shunga qaramasdan Alp mamlakati innovatsionroq. Nega? Amerikadagi tadqiqotchilar soni Shveysariyadagidan solishtirib bo‘lmas darajada ko‘p, biroq aholi soniga nisbatlanganda ustunlik yevropaliklarda, chunki bu mamlakat aholisi orasida tadqiqotchilarning ulushi baland. Fan-texnologiyalar taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasi AQShnikidan kam bo‘lishi mumkin, biroq baribir Shveysariya nisbatan innovatsiyalashgan mamlakat hisoblanadi.

Indeksda mamlakatning ko‘rsatkichlari yaxshi bo‘lishida uning aholi jon boshiga yalpi ichki mahsuloti yuqoriligi muhim ahamiyatga ega: boy mamlakatlar odatda nisbatan yuqori o‘rinlarni band qiladi. Biroq istisnolar ham uchrab turadi. Masalan, Hindiston 39-o‘rinda. Aholi jon boshiga YaIM ko‘rsatkichi juda past bo‘lgan bu mamlakat birinchi yuzlikka ham kirmasligi kerak edi. Yoki jon boshiga daromad o‘rtachadan yuqori bo‘lgan Xitoy 60-o‘rinlarni emas, 11-o‘rinni band qildi.

So‘nggi besh yilda ushbu reytingda hammadan ko‘proq Indoneziya, Mavrikiy, Saudiya Arabistoni, Qatar, Braziliya va Pokiston yuqoriladi. Umuman olganda, jahon bo‘yicha progress (fan-texnologiyalar taraqqiyoti) barqaror emas. 2020-2022-yillarda dunyo innovatsion portlashni boshdan o‘tkazdi. Biroq, aftidan, bu shiddat yo‘qolgan. 2023-yilda ilmiy maqolalar soni 5 foiz qisqardi. Xalqaro patent uchun arizalar soni 2009-yildan buyon birinchi marta kamaydi. 2023-yilda jahon korporatsiyalarining tadqiqotlar va ishlanmalar uchun xarajatlari 6 foiz o‘sdi, vaholanki 2019–2021-yillarda o‘sish 10-13 foiz bo‘lgandi.

Hatto global reytingda bir pog‘ona ko‘tarilgan Xitoyda ham venchur sanoatiga putur yetgan. Shu yil boshida Xitoy raisi Si Szinpin nega yangi «yakkashoxlar» (qiymati 1 mlrd dollar va undan yuqori startaplar) soni kamayib ketganini surishtirdi. Iyun oyida Davlat kengashi (Xitoy Vazirlar mahkamasi) sarmoyadorlar yangi korxonalarga pul tikishdan cho‘chiyotgani va ularni o‘yindan chiqarib yuborish qiyinligini tan oldi. O‘z navbatida, moliyaviy regulyatorlar davlatning yirik banklariga qarzdor kompaniyalarni qutqarish uchun ilgari qo‘llanilgan mexanizmlar orqali venchur kapital bilan shug‘ullanishga ruxsat berishni taklif qilishdi.

Xitoyning moliyaviy ajdarlari tavakkalchiligi, texnologik zakovati yoki teran tafakkuri bilan tilga tushmagan. Agar ularning venchur kapital bilan shug‘ullanishga urinishi ish bersa, mana bu haqiqiy innovatsiya bo‘ladi.

Manba: economist.com

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring