Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Uch tomonlama sayyora inqirozi – Samarqanddagi forumda muhim masala muhokama qilindi

Uch tomonlama sayyora inqirozi – Samarqanddagi forumda muhim masala muhokama qilindi

Samarqand iqlim forumi doirasida «Markaziy Osiyo uch tomonlama sayyora inqirozi qarshisida» mavzusidagi panel muhokamasi bo‘lib o‘tdi.

Muhokamada O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, Turkmaniston atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri Charigeldi Babaniyazov, Qozog‘iston Respublikasi Ekologiya va tabiiy resurslar vaziri Yerlan Nysanbayev, Tojikiston Respublikasi Hukumati huzuridagi Atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi raisi Bahodur Sheralizoda, Qirg‘iz Respublikasi tabiiy resurslar, ekologiya va texnik nazorat vaziri Meder Mashiyev, Mo‘g‘uliston atrof-muhit va iqlim o‘zgarishi vaziri Saldan Odontuya, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti Bosh direktori yordamchisi va Yevropa hamda Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakili Viorel Gutu ishtirok etdi.

Tadbirda nutq so‘zlagan Aziz Abduhakimov Markaziy Osiyo mintaqasi dolzarb ekologik muammolarga duch kelayotgani va O‘zbekiston tomonidan bu borada bir qancha samarali ishlar amalga oshirilganligini ta’kidladi.

«O‘zbekiston ekologik konvensiya va bitimlarning faol ishtirokchisi sifatida barcha darajalarda: mahalliy, mintaqaviy va global miqyosda atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha qat’iy pozitsiyasini namoyon etmoqda. Samarqand iqlim forumi esa yetakchi xalqaro ekspertlar va hukumat vakillarini birlashtirish, Markaziy Osiyoga global darajada e’tiborni jalb etish va ko‘chib yuruvchi turlarni muhofaza qilish sohasida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash borasida muhim qadamga aylandi», — dedi vazir.

A.Abduhakimov, shuningdek, Markaziy Osiyoning cho‘l va yarim cho‘l mintaqalari ekotizimlarini muhofaza qilish uchun cho‘llanishga qarshi kurashish va degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biri ekanligini qayd etdi.

Sessiyada iqlim o‘zgarishining ekotizimlarga ta’sirini yumshatish, yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan turlar va yashash joylarini saqlash, havo, suv va tuproq ifloslanishining ekotizimlarga salbiy ta’sirining oldini olish, tabiiy resurslarni barqaror boshqarish, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni tashkil etish bo‘yicha mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, xalqaro shartnomalar va boshqa masalalar muhokama qilindi.

Ma’lumot uchun, Markaziy Osiyo iqlim o‘zgarishi, ifloslanish va bioxilma-xillik yo‘qolishi tahdidi ostida bo‘lgan noyob ekotizimlar hududidir. Suv ta’minoti uchun muhim bo‘lgan muzliklarning erishi qishloq xo‘jaligi va energiya ishlab chiqarishga tahdid solmoqda. Xalqaro va mintaqaviy tashabbuslar, jumladan, Samarqanddagi CMS COP 14 va CITES COP 20, Dushanbedagi muzliklarni saqlash bo‘yicha sammit, Ashxoboddagi Iqlim konferensiyasi va boshqa tadbirlarda Markaziy Osiyoning ekologik muammolari tobora ortib borayotgani hamda milliy va xalqaro miqyosda muvofiqlashtirilgan javob choralari zarurligi ta’kidlandi.

Bundan tashqari, joriy yilning noyabr oyida Samarqandda bo‘ladigan CITES COP 20 konferensiyasi, Toshkent shahri mezbonlik qiladigan «Eco-Expo Central Asia» ko‘rgazmasi hamda 2026 yilda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan Global ekologik fond donorlari assambleyasi haqida ma’lumot berildi. Bu sa’y-harakatlar mintaqamiz va sayyoramizning biologik merosini himoya qilish, ekologik xavfsizlik va barqarorlikni muhofaza qilishda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

Uch tomonlama sayyora inqirozini hal qilishning asosiy strategiyasi transchegaraviy muhofaza qilinadigan hududlar va hududiy tabiatni muhofaza qilish dasturlarini yaratishdir. Bioxilma-xillikni saqlash, ifloslanishni bartaraf etish va iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish ekotizimlarning uzoq muddatli barqarorligini ta’minlaydi, hayot uchun zarur vositalarni himoya qiladi va butun mintaqada iqtisodiy barqarorlikni oshiradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring