Shavkat Mirziyoyev Binali Yildirimni qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18-fevral kuni Kuvaytdan Toshkentga qaytgach, shaharsozlik sohasidagi xalqaro tadbirlarda ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar kengashi raisi, taniqli siyosatchi, Turkiya Respublikasining sobiq Bosh vaziri Binali Yildirimni qabul qildi.
Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmon davlatimiz rahbariga Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Ko‘p qirrali hamkorlikni muvofiqlashtirish va ilgari surishda Oqsoqollar kengashining roli va faol ishtiroki ortib borayotganini hisobga olib, tashkilot doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Turkiy davlatlar tashkiloti sammitlari yakunida qabul qilingan dastur va tashabbuslarni amalga oshirish maqsadida amaliy sheriklikni kengaytirish va aloqalarni faollashtirish muhim ekani ta’kidlandi.
TDT doirasidagi bo‘lajak tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlash joizki, Oqsoqollar kengashi Turkiy davlatlar tashkiloti huzuridagi doimiy maslahat organi hisoblanadi.
Turkiy dunyo shaharsozlik kongressi 2002-yilda Anqara shahrida tashkil etilgan Muhandis va me’morlar uyushmasi tomonidan o‘tkaziladi. Uyushma faoliyatida Samarqand va Navoiy shaharlari hokimliklari faol ishtirok etmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter