Xitoy 1978-yildan buyon birinchi marta pensiya yoshini oshirmoqda
Xitoy shu paytgacha pensiya yoshi eng past mamlakatlardan biri bo‘lib kelgan. Biroq tug‘ilishlar soni qisqarib ketishi va aholisining shiddat bilan keksayib borayotgani oqibatida dunyoning ikkinchi iqtisodiyoti ishchi kuchi taqchilligi bilan yuzma-yuz keldi.
«Bir oilaga — bir farzand» siyosatining achchiq mevasi shu bo‘ldiki, oilada yakka-yolg‘iz o‘sgan avlod buyog‘iga ko‘p sonli keksalarni boqishga majbur. 2035-yilga borib 65 yoshga kirganlar va undan kattalar ulushi Xitoy aholisining 30 foizini tashkil etadi (kamida 400 mln kishi!). 2021 yilda shu yoshli qatlam ulushi 14,4 foiz edi.
Ana shu demografik inqiroz oqibatlarini yumshatish maqsadida, XXR parlamenti 1978-yildan buyon pensiya yoshini birinchi marta oshirish rejasini tasdiqladi. Pensiya yoshi barcha erkaklar uchun — 60 dan 63 yoshga, ofisda ishlovchi ayollar uchun — 55 dan 58 yoshga, ishchi ayollar uchun — 50 dan 55 yoshga oshirildi.
Reja bosqichma-bosqich, 15 yil davomida amalga oshiriladi. Bazaviy oylik pensiya olish uchun badal to‘lanadigan minimal muddat ham 15 yildan 20 yilga uzaytirildi.
Yangilik qarsakbozlik, olqish bilan kutib olingani yo‘q, albatta. Norozilar ijtimoiy tarmoqlarni «portlatmoqda». Bir foydalanuvchi ayolning yozganlari: «Men tug‘ilganimda sizlar juda ko‘psizlar deyishgandi. Ishlamoqchi bo‘lsam qarilik qilasiz deyishdi. Endi pensiyaga chiqmoqchi bo‘lib turganimda hali yoshsiz deyishyapti».
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter