Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xalq banki: tadbirkor o‘zidan o‘zi paydo bo‘lmaydi uni yaratish kerak (press tur taassurotlari)

Xalq banki: tadbirkor o‘zidan o‘zi paydo bo‘lmaydi uni yaratish kerak (press tur taassurotlari)

Xalq banki moliyaviy ko‘magida faoliyat yuritayotgan Namangan va Andijon viloyatlaridagi tadbirkorlik sub’yektlari bilan OAV, jurnalist va jamoatchilik faollarini yaqindan tanishtirish maqsadida 13-14 iyun kunlari ushbu viloyatlarga press tur tashkil etildi.

Dastlab press-tur doirasida Namangan viloyatida faoliyat yuritadigan jurnalistlar, axborot xizmati vakillari, jamoatchilik faollari hamda Xalq banki xodimlari uchun seminar-trening bo‘lib o‘tdi.

«Xalq bankida kommunikatsiya qanday yo‘lga qo‘yilgan?» jurnalistlar, jamoatchilik faollari uchun tashkil etilgan seminar treningdagi navbatdagi mavzu ayni shu haqda bo‘ldi.

Unda Xalq banki Axborot xizmati komyuniti menejeri yig‘ilganlarga mavzu doirasida batafsil ma’lumot va savollariga javob berdi.

Interaktiv usulida o‘tkazilgan treningda eng esda qolgani jurnalistlar va bank xodimlarining o‘rin almashgani va savollarga javob bergani bo‘ldi. Xo‘sh, siz jurnalist bo‘lganingizda bank xodimiga qanday savol berardingiz yoki jurnalist aytaylik siz bank xodimisiz mana bu savolga qanday javobingiz bor qabilida... Aynan mana shu o‘rin almashish ikki tomonning bir-birini ko‘proq his qilishiga va kamchiliklarini anglashiga katta yordam berdi.

Ilk manzil «Nam Motor Servis» MChJ

– Bugungi kunda «Nam Motor Servis» savdo belgisi ostida emallangan sim mahsulotlari, katta hajmdagi elektrodvigatel va suv nasoslari ishlab chiqarilmoqda. Mahsulotlar Xitoy va Rossiyadan keltirilgan sifatli xomashyodan tayyorlanadi, – deydi korxona ta’sischisi Baxtiyor Bekmirzayev. – Ushbu loyihaning umumiy qiymati 14.5 mln. dollar. Yillik ishlab chiqarish hajmi 488 mlrd. so‘m. Yillik eksport hajmi esa 25 mln. dollarni tashkil qiladi. Ob’yektning emallangan sim mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasining qiymati 10.5 mln dollar bo‘lib, yillik ishlab chiqarish quvvati 2 200 tonna, yillik eksport hajmi 2 000 tonna.

Katta hajmdagi elektrodvigatellar va suv nasoslari yiliga 1000 dona ishlab chiqarilmoqda.  

foto:Nammotors.uz

Ob’yekt faoliyati 2007-yilda oddiy suv nasoslarini ta’mirlashdan boshlangan. Ta’sischining ma’lumotlariga ko‘ra, dastlab korxona o‘z ishini Xalq bankidan 600 ming dollar, so‘ngra 800 ming dollar, 1 million dollar kredit olib boshlagan va kreditlarni o‘z vaqtida yopib yangi loyihalar uchun hamkorlikni davom ettirmoqda.

Darvoqe, bozor uchun 20 foiz ulush qo‘shayotgan ushbu korxonada energiya tejamkorlik darajasi «IE2», ya’ni xalqaro standartlarga javob beradi.

Oddiy baklashkadan maxsus mato

Keyingi boradigan joyimiz Xalq banki moliyaviy ko‘magidagi «Best Fiber MChJ»  ishlab chiqarish korxonasi bo‘ldi. Garchi bu press-tur rejasiga kiritilmagan bo‘lsa-da eng qiziqarli hamda foydali suhbat va tanishuv shu yerda bo‘ldi. Bu yerda oyiga 300 tonna baklashka qayta ishlab, maxsus mato yaratiladi. Yillik daromadi – 10 mlrd. so‘m. Yaratilgan ishchi o‘rni – 100 ga yaqin. Korxona ta’sischisining ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston hududida yig‘ib kelinayotgan xom ashyo yetmayotgani uchun hattoki Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmanistondan baklashka qabul qilishayapti va uni qayta ishlab yana shu mamlakatlarga eksportga jo‘natishmoqda ekan. Eng qizig‘i oddiy baklashkadan sintepon, gilam, choyshablar, hattoki qishki kurtkalar ishlab chiqarishmoqda. Tasavvur qiling har oy 300 tonna baklashka qayta ishlandi degani 300 tonna baklashkadek chirishi qiyin bo‘lgan chiqindi yer yuzini egallashining oldi olindi.

Maqsad demak faqat daromad ko‘rish emas, mamlakatimiz ekologiyasini asrashga ham salmoqli hissa qo‘shish.

«Namangan navro‘z gullari» ishi gullamoqda

Namangan azaldan gullar makoni. Gullar festivaliga borganimiz alohida mavzu, «Namangan navro‘z gullari» MChJga qarashli issiqxonada yetishtirilayotgan gullar ham shu festivalga albatta o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.

Issiqxonada 23 xil turdan ortiq gullar va manzarali daraxtlar yetishtiriladi.

Xalq bankidan faoliyatini kengaytirish maqsadida olingan moliyaviy ko‘mak – 300 mln so‘mni tashkil qiladi. Maydoni dastlab – 1 sotix, bugungi kunda esa 1 gektarga yaqin. Yillik daromadi – 550 mln. so‘m. Yaratilgan ishchi o‘rni – 50 ga yaqin.

–  So‘ngi 7 yil mobaynida Xalq bankining Namangan tumani filiali tomonidan 2 ta yirik ishlab chiqarish korxonasidan tashqari 80 kishi ishlaydigan trikotaj fabrika, 50 kishi ishlaydigan 3 ta xususiy shifoxona, 15 ta ishchi va 30 dan ortiq usta-shogird tizimida ishlovchi xizmat ko‘rsatish korxonasi va shu singari ko‘plab xususiy korxonalar tashkil etildi. Endigi rejamiz yil yakuniga qadar 100 kishi ishlaydigan zavodni tadbirkor bilan bilan birgalikda Qashqadaryoda ishga tushirish, – deydi Namangan tumani, Toshbuloq Bank xizmatlari markazi rahbari Adhamjon Omallayev.

Hamsuhbatim yana bir fikrni juda ko‘p takrorladi: «Tadbirkor o‘zidan o‘zi paydo bo‘lib qolmaydi, uni kashf qilish, ya’ni topish va yo‘naltirish kerak. Bizning Xalq banki Namangan filialimiz bu masalada har qanday tadbirkorni qo‘llab-quvvatlashga, ularni yaratishga tayyor.»

– «Navro‘z» mahallamizda birorta tadbirkorlik qilmayotgan xonadonni topish qiyin, juda tadbirkor bo‘lmasayam yon-atrofidagi mana shunday issiqxonalarda ishlab daromad topadi, – deydi mahalla raisi Zokirjon Dolimov. – Hatto ishonasizmi, imkoniyati cheklangan mahalladoshlarimiz keladi, bizga tadbirkorlikni o‘rgating, boshlashimizga yordam bering yoki biror ish bilan band qiling, boqimanda bo‘lib qolmaylik, deb. Mahallamizga kirishdagi xonadon egalari ham gulchilik bilan shug‘ullanishni boshladi. Avval uylari chala qurilgan, atrofini bo‘z bilan o‘rab o‘tirgan bo‘lsa, shu gulchilikning orqasidan imoratlarni chiroyli qilib tiklab olishdi. «Odamlarga ma, senga kredit qani biror ishni boshla», deyish emas, ularga kreditdan qanday foydalanishni va ishni qanday yo‘lga qo‘yishni erinmay o‘rgatish kerak. Bu borada Xalq banki doimiy hamkorimiz.

«Magna sport» magnitday o‘ziga tortadi

Xalq banki moliyaviy ko‘magida faoliyat ko‘rsatayotgan yirik ishlab chiqarish ob’yektlaridan yana biri Andijonning Baliqchi tumanidagi  «Magna sport» MChJ. Loyihaning umumiy qiymati – 1,5 mln. dollar, yillik ishlab chiqarish quvvati – 55 mlrd. so‘m.

Bu yerda futbol, boks, kurash, gimnastika va boshqa sport turlari uchun sun’iy charmdan keng tanlovda 40 turga yaqin mahsulotlar ishlab chiqariladi.

Dastgohlarni yangilash va jahon standartlariga javob beradigan sport anjomlarini ishlab chiqarishga ko‘maklashish maqsadida korxonaga Xalq bankidan 840 ming AQSh dollari miqdorida kredit ajratilgan.

–Xitoy va Pokiston sport mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi. Maqsadimiz ana shunday yetakchilar safidan joy olish, – deydi korxona ta’sischisi Jaloliddin Ahmedov. – Bunga imkoniyatimiz yetarli, sababi biz ulardan ko‘ra joylashuv bo‘yicha Yevropaga yaqinroqmiz. Shu maqsadda yaqinda Xalq bankidan kredit oldik. Yevropa standartlariga javob beradigan futbol, basketbol, valeybol to‘plarini ishlab chiqaradigan uskuna sotib olmoqchimiz. Va bu mahsulotlarimizni keyinchalik hatto Amerika, Yevropaga bemalol sota olamiz.

Hamsuhbatimizning aytishicha, tajriba orttirish uchun tez-tez Xitoyga borib turadi. Aslida unga bu ota kasb. «Undanam oldin deydi, Jaloliddin, bu hududda sobiq SSSR davrida sport anjomlari ishlab chiqarilgan, otam o‘sha korxonada ishchi bo‘lgan, keyinchalik  korxona yopilgach uyda kichkinagina to‘p tikadigan sex ochganmiz».

Ana shu kichkina sex bugun 100 ga yaqin ishchilari bor korxonaga aylangan...

Jurnalist uchun mana shunday trening va press-turlar juda muhim. Sababi korxonalarga, turli tashkilotlarga tashrif asnosida juda ko‘p yangiliklardan boxabor bo‘lasiz, keyinchalik katta-katta maqolalar uchun qahramonlar kashf qilasiz...

 Barno Sultonova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring