Turkiyadagi Xalq kutubxonasi – saroylardan a’lo maskan

Turkiya Prezidenti huzuridagi Xalq Kutubxonasi bundan roppa-rossa besh yil avval ochilgan bo‘lib, o‘zining mahobati, boy kitob fondi, konferensiya va trening xonalari hamda xalqaro hamkorliklari bilan Turkiyaning butun dunuyoga ochiq ma’rifat oynasi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Kutubxonaning tantanali ochilish marosimi 2020 yilning 20 fevral kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyyip Erdo‘g‘on mezbonligida va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda 2500 nafar akademik, olim-u yozuvchilar, davlat va jamoat arboblari ishtirokida bo‘lib o‘tdi.
O‘sha kundan e’tiboran Xalq kutubxonasi haftada 7 kun 24 soat davomida turli yoshdagi kitobxon va tashrif buyuruvchilarga xizmat ko‘rsatmoqda.
Kutubxona 2 million 500 ming bosma kitob fondi, 23 ming 400 jurnalga tegishli 2 million 900 ming davriy nashr va jami 5 million 400 ming bosma manbaga ega.
136 mamlakatdan 140 tilda kitoblar mavjud!
Prezidentlik Bosh Kotibiyatining Kutubxonalar bo‘limi boshlig‘i Ayhan Tug‘lu kutubxona tashkil etilganidan buyon davlat rahbarlari, elchilar bilan birga qariyb 7 million ziyoratchi tashrif buyurganini va o‘tgan yili kunlik o‘rtacha 5 ming kishi kelganini bildirdi.
«Hozirda 5,5 million bosma manbaga erishdik. Kutubxonamiz ham dunyoning turli davlatlaridan olingan maxsus kolleksiyalar bilan boyitildi. Jihannuma zalida 136 davlatdan 140 tildagi kitoblar mavjud», dedi Tug‘lu Xalq kutubxonasining Turkiyadagi eng katta kutubxona ekanligini ta’kidlab.
Tug‘lu tadbirlar faoliyatiga to‘xtalar ekan, dam olish kunlarida 4 guruhga mo‘ljallangan «tajriba seminarlari», hafta davomida ASELSAN tomonidan robot yordamida sun’iy intellekt darslari, Raqamli Transformatsiya idorasining sun’iy intellekt, tadbirkorlik va kiberxavfsizlik bo‘yicha o‘tkazayotgan treninglari hamda o‘z imkoniyatlari doirasida tashkil etgan 30ga yaqin o‘quv mashg‘ulotlarining davom etayotgani haqida ma’lumot berdi.
«Kutubxonamiz butun dunyoga tanila boshladi»
Xalq kutubxonasining xorijda ham qiziqish bilan kuzatilayotganini va kutubxonaning, ayniqsa AQShda «Erdo‘g‘an kutubxonasi» sifatida tanilganligligiga e’tibor qaratgan Tug‘lu quyidagilarni qayd etdi:
«Bu joy hozir Turkiyada kutubxonachilikni boshqaradigan markazga aylandi. Prezidentimiz Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning qarashlari tufayli shu darajaga yetdik. Kutubxonamiz dunyo miqyosida tanila boshladi. Yevropaning ko‘plab davlatlari bilan hamkorligimiz bor. Xususan kutubxonamiz Turkiy davlatlardagi ba’zi kutubxonalarga andaza bo‘lib xizmat qildi. Noyabr oyida kutubxonaning 5 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro anjuman o‘tkazishni rejalashtirganmiz».
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter