Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Isroil Rim papasi vafoti yuzasidan ta’ziyasini «qaytarib» oldi

Isroil Rim papasi vafoti yuzasidan ta’ziyasini «qaytarib» oldi

Isroil tashqi ishlar vazirligi Rim papasi Fransiskning vafoti munosabati bilan ijtimoiy tarmoqlarda ta’ziyanoma chop etdi. Nekrologga papaning Quddusdagi Yig‘i devorida ibodat qilayotgani aks etgan surat ham ilova qilingandi.

The Jerusalem Post nashri xabariga ko‘ra, hamdardlik bitigi qisqa muddatdan keyin Isroil TIVning ijtimoiy tarmoqlardagi barcha sahifalaridan o‘chirib tashlangan. 

Isroil TIV vakili ta’ziyanoma xato tufayli chop etilganini bildirgan.

«Tvit va bitiklar xato tufayli chop etilgan. Biz papaning Isroilga va (G‘azo sektoridagi) urushga qarshi bayonotlariga hayotligida javob berganmiz va o‘limidan keyin bunday qilmoqchi emasmiz», – degan Tel-Aviv rasmiysi.

Isroil armiyasi HAMAS harakati hujumiga javoban 2023 yil 7 oktyabr kuni G‘azo sektoriga bostirib kirganidan buyon kamida 51266 nafar falastinlik halok bo‘ldi. Rim papasi Fransisk minglab tinch aholi qirilgan va G‘azo sektori butkul vayron etilgan ushbu urushni qoralab bayonotlar bergan. Jumladan, u Isroilning G‘azo sektoridagi maktablarni bombalashi oqibatida begunoh bolalar nobud bo‘layotganini keskin tanqid qilgan. Katoliklar yetakchisi Isroil harbiylari tomonidan qurolsiz nasroniylarning o‘ldirilishini ham qoralagan.

Tahlilchilarga ko‘ra, Isroil TIV Rim papasi vafoti munosabati bilan bir enlik ta’ziya yo‘llashni lozim topmagani shu jihat bilan asoslanadi. Hozirga qadar Isroil rahbariyatidan faqat prezident Itsxak Gersog papa o‘limi yuzasidan ta’ziya bildirgan. Ammo bosh vazir Binyamin Netanyahu va tashqi ishlar vaziri Gideon Saar hodisaga munosabat bildirmagan.

Isroilning Vatikandagi sobiq elchisi Rafael Shyuts The Jerusalem Post nashriga bergan intervyusida Isroil hukumatining papa o‘limi yuzasidan sukut saqlayotganini xato deb atagan.

«Bu xato qaror deb o‘ylayman. Biz kimningdir o‘limidan keyin bu tariqa hisob-kitob qilishimiz to‘g‘ri emas. Bu o‘rinda gap shunchaki davlat rahbari haqida emas, balki insoniyatning 20 foizi – bir milliarddan ziyod odamning ma’naviy rahnamosi haqida ketmoqda”, – degan Rafael Shyuts.

Avval xabar berganimizdek, katolik olamining yetakchisi Fransisk 21 aprel kuni 88 yoshida vafot etdi.

Dafn marosimi 26 aprel kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring