Toshkentda taniqli polyak rejissyori bilan uchrashuv o‘tkaziladi
Toshkentda IX Yevropa kinofestivali doirasida polshalik taniqli rejissyor Matsey Drigas (Maciej Drygas) bilan ijodiy uchrashuv tashkil etiladi.
15 dekabr kuni soat 15:00 da Milliy kino san’ati saroyida (sobiq «Panorama») o‘tadigan uchrashuvda kino san’atiga qiziquvchilar qatnashishi mumkin.
Uchrashuv Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi moliyaviy ko‘magida FOCUS kinematografiya va teatr san’ati maktabi tomonidan tashkil etilmoqda.
Hujjatli filmlar rejissyori, ssenariynavis va prodyuser sifatida shuhrat qozongan Matsey Drigas ko‘plab xalqaro festivallarda g‘olib bo‘lgan. Ijodkorning «Poyezdlar» («Trains») deb atalgan yangi hujjatli filmi joriy yil noyabr oyida Niderlandiyada o‘tkazilgan jahonning nufuzli xalqaro hujjatli filmlar festivallaridan biri – DFA (International Documentary Film Festival Amsterdam)da gran-prini qo‘lga kiritdi.
Matsey Drigas Polshadagi Leon Shiller nomidagi kinematografiya, televideniye va teatr oliy maktabi professori sifatida saboq berib kelmoqda.
Avval xabar berganimizdek, Toshkentda YeI ko‘magida FOCUS kino va teatr maktabi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Matsey Drigas mazkur san’at maktabining xalqaro hujjatli kino ustaxonasining badiiy rahbari hamdir.
Taniqli rejissyor «Mening nidomga quloq tuting» (1991), «Vaznsizlik holati» (1994), «Umid ovozi» (2002), «Polsha Xalq Respublikasida bir kun» (2006), «Abu Haraz» (2013), «Poyezdlar» (2024) kabi kartinalarni suratga olgan.
Kinorejissyor bilan uchrashuv YeI va O‘zbekiston o‘rtasidagi rasmiy munosabatlarning 30 yilligiga bag‘ishlab tashkil etilgan IX Yevropa kinofestivalining asosiy tadbirlaridan biri sanaladi.
Tashkilotchilarga ko‘ra, Matsey Drigas bilan uchrashuvda qatnashish istagida bo‘lganlar ushbu havola orqali ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter