Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentda «moykachi»ni ushlash uchun qurol ishlatildi

Toshkentda «moykachi»ni ushlash uchun qurol ishlatildi

Foto: IIBB

Bugun, 3 iyul kuni taxminan soat 07.40 larda Mirobod tumani, Qo‘yliq – 4 mavzesida joylashgan avtomobil yuvish shoxobchalarining biridan, shu yerda ishlovchi 1998 yilda tug‘ilgan M.Abdurahimov, 1995 yilda tug‘ilgan Dilmurod K. ga tegishli «GENTRA» rusumli, davlat raqam belgisi 01 Y 758 BC bo‘lgan avtomashinani olib qochgan.

Transport vositasini olib qochgan shaxsni ushlash maqsadida Toshkent shahrida maxsus reja amalga oshirilgan.

Gumonlanuvchi yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzib, transport vositasini katta tezlikda boshqargan va svetoforning taqiqlovchi chirog‘iga hamda yo‘l-patrul xizmati inspektorlarining to‘xtash haqidagi qonuniy talablariga bo‘ysunmagan.

Olingan ma’lumotga asosan transport vositasi Maxtumquli ko‘chasi bo‘ylab Mirzo Ulug‘bek ko‘chasidan «Yangi O‘zbekiston bog‘i» tomonga harakatlanib ketayotganligi aniqlangan.

Soat 09.45 larda Maxtumquli ko‘chasidagi chorrahada Toshkent shahar IIBBYHXB inspektorlari tomonidan yo‘l to‘silib, olib qochilgan transport vositasini to‘xtatish choralari ko‘rilgan.

Biroq gumonlanuvchi YPX inspektorlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmay, to‘xtashdan bosh tortgan hamda transport vositasida fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirib, yo‘lda qarama-qarshi harakatlangan. Natijada 3 ta avtomashinaga qasddan texnik shikast yetkazib, ichki ishlar organi xodimlarining hayotiga xavf tug‘dirgan holda transport vositasini IIO xodimlari tarafga boshqarishda davom etgan.

Ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida, avtomashinani olib qochgan shaxs Toshkent shahar IIBB YHXB xodimlari tomonidan ushlangan.

Jinoyat sodir etgan shaxsni ushlash jarayonida boshqa og‘irroq oqibatlarni oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi Qonuni talablari asosida IIO xodimlari o‘zlariga biriktirilgan o‘qotar qurolni qo‘llaganlar. Qurolni qo‘llash jarayonida hech kimga shikast yetmagan.

Yuqoridagi holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 267-moddasi (Transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumon qilinuvchi protsessual tartibda ushlangan. Tergov davom etmoqda, deyiladi poytaxt IIBB xabarida.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring