Sudan Rossiyaning so‘rovini rad etdi
Sudan Rossiyaning Qizil dengiz sohilida, Port-Sudan hududida harbiy dengiz bazasi tashkil etishga doir so‘rovini rad etdi. Xartum hukumati Rossiya bilan yaqin harbiy hamkorlik ortidan G‘arb davlatlari, xususan, AQSh sanksiyasiga duchor bo‘lishdan xavotir sabab shunday qarorga kelgan.
Rossiya Port-Sudanda harbiy dengiz bazasi tashkil etish borasida 2019 yildan buyon muzokara olib boradi. 2020 yil dekabr oyida bu bo‘yicha bitim ham imzolangan. Ammo Sudan rahbari Umar al-Bashir hokimiyati ag‘darilgach, mamlakatning yangi hukumati Moskva bilan bitimni ratifikatsiya qilmadi.
Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning 2023 yil feval oyida Xartum shahriga tashrifidan keyin tomonlar bitim bo‘yicha yakuniy kelishuvga erishgani xabar qilingandi. Ammo endilikda Sudan Rossiya harbiy bazasidan butkul voz kechgani ayon bo‘lmoqda.
Joriy yil 8 dekabr kuni Suriya prezidenti Bashar Asad hukumatidan ketgach, Rossiyaning Tartus va Xmeymimdagi harbiy bazalari taqdiri noma’lum bo‘lib qolmoqda. Suriyaning yangi ma’muriyati Rossiya bazalarini badarg‘a qilgudek bo‘lsa, Moskva Yaqin Sharqdagi yagona harbiy tayanchidan mahrum bo‘ladi. Shu bois Rossiya o‘z harbiy bazasi uchun Qizil dengiz sohilini maqbul variant deb ko‘rayotgandi.
Ekspertlarga ko‘ra, Qizil dengiz sohilida harbiy flotni joylashtirish Kremlga Hind okeani, shuningdek, Suvaysh kanali yo‘nalishida nazorat imkonini berar edi.
Ma’lum bo‘lishicha, Rossiya Sudan rahbariyatini o‘z taklifiga ko‘ndirish uchun zamonaviy harbiy texnika, jumladan, S-400 zenit raketa tizimini taklif qilgan. Ammo rasmiy Xartum G‘arb bilan munosabatlarga sovuqchilik tushishidan cho‘chib bu taklifni inkor etgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter