Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Soxta amaliyotlar ortidan QQS undirib kelgan soliqchi va uning 29 nafar jinoiy sherigi qamaldi

Soxta amaliyotlar ortidan QQS undirib kelgan soliqchi va uning 29 nafar jinoiy sherigi qamaldi

Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudi 2024 yil dekabr oyining 18 kuni Soliq qo‘mitasi Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi bosh inspektori A. Sotvoldiyev va uning 29 nafar jinoiy sherigiga nisbatan hukm chiqardi.  

Sud tergovida aniqlanishicha, A. Sotvoldiyev 2021-2023 yillarda Soliq qo‘mitasi huzuridagi Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi Tashqi savdo operatsiyalari monitoringi bo‘limi bosh inspektori lavozimida ishlab kelib, boshqa shaxslar bilan oldindan jinoiy til biriktirgan va davlat budjetini talon-toroj qilish yo‘o‘larini o‘ylab topishgan.

Gap shundaki, ular Prezidentning 2021-yil 24-avgustdagi PQ-5231-sonli va Hukumatning 2020-yil 14-avgustdagi 489-sonli qarorlarida belgilangan tartiblar, ya’ni qo‘shilgan qiymat solig‘i bilan sotib olingan xom-ashyodan tayyor mahsulot ishlab chiqarib eksport qiluvchi korxonalarga qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish belgilanganligidan g‘araz maqsadlarda foydalanib, tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatini soxtalashtirib, shuningdek, soxta tadbirkorlik sub’yektlarini tashkil qilib, davlat budjetidan juda ko‘p miqdordagi mablag‘larni o‘zlashtirib kelishgan.

Sud, shuningdek, sudlanuvchilarning jinoiy faoliyat olib borish yo‘lida har biriga alohida vazifalar taqsimlangani sababli ushbu ish «uyushgan guruh» tomonidan sodir etilgan deb topgan.

Jinoiy ish doirasida A. Sotvoldiyevdan tashqari turli MChJlarni tashkil etgan shaxslar, «qo‘g‘irchoq» direktorlar, Andijon viloyati Soliq boshqarmasining mas’ul xodimlari, hisobchilar va boshqalar bor.

Sudda aniqlashicha, jinoiy guruh xatti-harakatlari natijasida qariyb 168 mlrd so‘mlik mablag‘ transport vositalari, ko‘chmas mulk, tadbirkorlik sub’yektlari sotib olish yo‘li bilan legallashtirilgan.

Sudda aniqlangan yuzlab soxta amaliyotlardan birida, jumladan, «Zumrad Textil» MChJning guyoki Qirg‘iz Respublikasiga 185 mln 416,3 ming AQSh dollari miqdoridagi har xil trikotaj va tekstil mahsulotlarini eksport qilingani aytiladi.

Biroq, surishtiruvlarda Qirg‘iz Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Bojxona xizmatining tegishli xatlari olingani va bu xatlarda mamlakatdagi nomlari sanalgan firmalar O‘zbekistondan biror mahsulot import qilmagani, shu bilan birga, ayrim korxonalar faoliyati allaqachon to‘xtatilgani aniqlangan. Sudlanuvchilar esa bu holatda ham tegishli mahsulotlar eksport qilingani haqidagi hujjatlarni soxtalashtirgan va budjetdan QQSni qaytarib olish sxemasini ishlatib kelishgan.

Sud ishni JKning qator moddalari, jumladan, 167-moddasi 3-qismi «a,v» bandlari, 25,167-moddasi 3-qismi «a,v» bandlari, 28,209-moddasi 2-qismi «a,b» bandlari, 211-moddasi 3-qismi «b» bandi, 212-moddasi 3-qismi «v» bandi, 228-moddasi 2-qismi «a,b» bandlari va 243-moddasi bilan ko‘rib chiqqan.

A.Sotvoldiyev esa sud hukmiga ko‘ra, yuqorida ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan va uzil-kesil o‘tash uchun, 3 yil muddatga moddiy va mansabdor shaxs lavozimida ishlash huquqidan mahrum qilib, 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan. Jinoiy guruhning boshqa a’zolari ham turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etilib, ayrimlari shartli jazo olgan.

Hukm qonuniy kuchga kirgandan so‘ng jinoiy guruhning asosiy tashkilotchi va ijrochilari davlatga yetkazilgan qariyb 168 mlrd so‘mlik zararni solidar tartibda qaytarishi belgilangan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring