Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Qurilishni bayramgacha tugatamiz…»  – Uchtepadagi piyoda yo‘laklari nega titilib ketyapti?

«Qurilishni bayramgacha tugatamiz…»  – Uchtepadagi piyoda yo‘laklari nega titilib ketyapti?

«Xabar.uz» tahririyatiga vaqti-vaqti bilan respublikaning turli hududlaridan va turli mavzularda murojaatlar kelib tushadi.

Navbatdagi murojaat Toshkent shahar Uchtepa tumanida yashovchi fuqarodan bo‘ldi.

Unda aytilishicha, 2022 yilning may va dekabr oylarida Prezident tashrifi oldidan «Chilonzor» metro bekati va Uchtepa hokimiyati oralig‘idagi piyodalar yo‘lakchasi mukammal rekonstruksiya qilingan.

Qayta ta’mirlash ishlari esa murojaatchi tili bilan aytganda «Toshkonning kotta-kotta quruvchi firmalari» tomonidan olib borilgan.

Biroq to‘liq qayta ta’mirlab, davlat rahbarining hududga tashrifi uchun tayyorlangan ushbu yo‘laklarning bugungni ahvoli achinarli. Bu murojaatchi ilova qilib tahririyatga yo‘llagan yo‘lakcha suratlaridan ham yaqqol ko‘rinadi. Va, shu o‘rinda, savol ham to‘g‘ri qo‘yilyapti: nima har yili piyodalar yo‘lakchasini qayta quramizmi?

Qurilish yoki qayta ta’mirlash sohasidagi «egasiga yetguncha» uslubida «maromiga» yetkazib qurilgan, bajarilgan ishlar yangilik bo‘lmay qoldi. Ammo bu qachongacha? Biz kimni aldayapmiz?

Maqolani bejiz yuqoridagi sarlavha bilan boshlamadik. Hokimlikning rasmiy Telegram kanaliga 2023 yilning 25 avgustida ayni shu chaqiriq bilan boshlangan kichik post joylashtirilgan. «Sifatli quramiz», «aholiga qulaylik yaratamiz» va yoki boshqacha emas, aynan bayramgacha tugatish tashabbusi ilgari surilgan. Ammo, afsuski bu shior va amaliyot o‘zini oqlamagani uchun allaqachon xalq orasida latifaga aylanib ketgani, davlat rahbari yoki mahalliy hokimiyat vakillarining tashrifi oldidan boshlanadigan qurilishlarga nisbatan qo‘llanib kelinishi ham bor gap. Qiziq, buni hokimiyatdagilar bilarmikan?

«O‘tgan yilidan beri kuzataman. Sement qoplamali piyodalar yo‘lakchasi xarob holga kelib bo‘ldi. Beton tobora titilib, yoz oylarida havoga chang bilan ko‘tarilib ketyapti. Masalan, «Farhod» bozori hamda chorrahadagi bekat atroflari…

Ahvolini ko‘ringlar. Bir yilgayam yetib-yetmay titilib ketdi. Yo‘laklar qurilishi inspeksiya nazoratidan o‘tkaziladimi? Davlat g‘aznasidan pul olayotganda laboratoriya xulosalari, sement markalari tekshirilmasmidi? Yoki oddiy xalqqa bo‘laveradimi? Budjet puli nima bo‘ladi? Endi har yili piyodalar yo‘lakchasini yangilaymizmi? Yoki beton changini yutib yuraveramizmi? Quruvchiga uyat!» deb yozg‘iradi murojaatchi.

Tahririyat vaziyatga oydinlik kiritish uchun Toshkent shahar hokimligi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi Texnik nazorat inspeksiyasining Abdurauf ismli xodimi bilan bog‘landik. Biroq mas’ulning «salomga aligi» o‘zimizni savolga tutishdan boshlandi. Unga tahririyatdan ekanimiz va yuqoridagi masala bo‘yicha ayrim ma’lumotlar olmoqchi ekanimizni aytishimiz bilanoq, u telefon raqamini kimdan olganimizni, bu uning shaxsiy telefon raqami ekani va bu bilan ish yuzasidan gaplashmasligini, guyoki «tushuntirdi» va go‘shakni qo‘yib qo‘ya qoldi. Shu bilan biz u bilan bog‘lana olmadik.

Na iloj. Har doimgiday «balogardon» – tuman hokimligi matbuot xizmati bilan bog‘lanib, bu borada biror mas’ulni topib berishini so‘radik.

Shunday qilib arzimizni tuman hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Abdulla Arziyevga bildiradigan bo‘ldik. Hokim o‘rinbosarining yuqoridagi murojaat bo‘yicha bergan ma’lumotlari ham, afsuski to‘liq bo‘lmadi.

«2022-yilda Uchtepa tumani Farhod ko‘chasining 2,2 km qismida Toshkent shahar hokimligi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi buyurtmasi asosida tender yo‘li bilan aniqlangan quruvchi tashkilot – «Trest-7» MChJ «Yo‘lloyiha» loyihasi bo‘yicha piyodalar va velosiped yo‘lagi qurib bitkazilgan. Loyiha qiymati 8,4 mlrd so‘m.

Ushbu ob’yekt buyurtmachi tomonidan 2023-yilning 20-iyulida qabul qilingan. 

Shuningdek, 2023-yilda Toshkent shahar hokimligi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi buyurtmachiligi va «Allegro development projekt» MChJ loyihasi asosida «Grand road Tashkent» quruvchi firmasi Chilonzor metro bekatidan Sakkokiy ko‘chasigacha bo‘lgan taxminan 7 kilometr hududda piyodalar va velosiped yo‘lagi qurilishini amalga oshirgan.

O‘rganishlarga ko‘ra, yo‘laklarning buzilib ketgan qismlari, asosan, 2022-yilda bajarilgani, aniqrog‘i, «Trest-7» MChJ tomonidan qilingan ishlar ekani aniqlandi.

«Grand road Tashkent»ga tegishli qismi esa taxminan 2 ming kvadrat hisoblangan.

Hozirda tashkilot tomonidan yo‘lakning sifati buzilgan qismlarini qayta tiklash ishlari boshlangan. «Grand road Tashkent» qurib bitkazgan mazkur ob’yekt hali qabul qilinmagan bo‘lib, ayni paytdagi qayta tiklash ishlari tashkilot hisobidan amalga oshirilyapti.

Anomal sovuq vaqtida yo‘laklarga sepilgan tuz-qum aralashmasi beton yo‘laklarning yuza qismiga zarar yetkazgan. Qattiq qoplama zararlanganidan keyin tagidan beton changi chiqaveradi. Aslida qorishmada betonning yuzasi qattiq qismi hisoblanadi. Shuning uchun uning yuza qismiga zarar yetsa, sifati buzilib ketaveradi. U qayta tiklanmagunicha asl holiga kelmaydi.

«Trest-7» MChJ bo‘yicha esa qabul qilgan tashkilot Toshkent shahar hokimligi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi ekanligi sababli, bu borada biror ma’lumot berolmayman», – deydi Abdulla Arziyev.

Hokimlik mansabdori aytganidek, «Trest-7» MChJ bo‘yicha savollarimizni ochiq qoldirdi.

Ushbu masalaga aniqlik kiritish maqsadida Toshkent shahar hokimligi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi rasmiysi bilan bog‘landik.

Uning aytishicha, ayni paytda Uchtepa tumani Farhod ko‘chasida olib borilayotgan qayta ta’mirlash ishlari «Grand road Tashkent» hamda «Trest-7» MChJ ishtirokida amalga oshirilmoqda. U ham, o‘z navbatida, mazkur beton qoplamali yo‘laklarning sifati buzilishiga qish mavsumida undan noto‘g‘ri foydalanilgani sabab bo‘lganini bildirdi.

Shu o‘rinda yana savollar paydo bo‘ladi: quruvchi ishni sifatli qilibdi – yaxshi, lekin milliardlab sarflanayotgan davlat budjeti mablag‘lari evaziga tiklanayotgan yo‘lak yoki boshqa umumfoydalanishdagi ob’yektlardan to‘g‘ri foydalanishni kim nazorat qiladi?

Biri asfalt yotqizib ketganiga xursand bo‘lib turganimizda, ikkinchisi kelib quvur almashtirish uchun kavlab tashlasa, yana bir sifatli yo‘laklar (bu masala uzoqroq cho‘zilib ketgani uchun maqola e’lon qilinyapti. Piyoda va velosiped yo‘laklarining sifatli qurilgani haqidagi iddao, hozircha shahar va tuman hokimliginiki, – E.) qursa-yu, boshqasi kelib, qishda muzlarni «lom» bilan ko‘chirsa yoki tuz bilan eritib olsa – unda shaharning «darvozali» ekani qayerda qolyapti?

Yuqoridagi holat, birgina shahar markazida emas, chekka hududlardagi piyodalar yo‘laklari ham «o‘zidan ketguncha, egasiga yetgunicha» qabilida, qo‘l uchida qurilgani hech kimga sir emas. O‘sha yerlarda ham odamlar yashayapti, o‘sha yo‘laklarda yuribdi – ular tirik guvohlar (birgina misol: Toshkent viloyati O‘rtachirchiq tumani Mustaqillik mahallasini O‘rtasaroy mahallasi bilan bog‘lovchi yo‘l chetiga qurilgan piyodalar va velosiped yo‘lagini, farosatli quruvchi «yo‘lak» demagan bo‘lardi).

Qurilish sifatini nazorat qiluvchilar yuqoridagi kabi holat uchun anomal issiq yoki sovuqni sabab qilib ko‘rsatishsa, yo‘llardan foydalanishni nazorat qiluvchi tashkilotlar nima deyishadi?..

Xullas, eskilar aytganidek, «insofni o‘zimizga bersin». Hech kim hayotimizni chetdan kelib yaxshilab bermaydi. Hammasiga o‘zimizning aqlimiz, insofimiz «aybdor»…

Elbek

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring