Qozog‘istonda referendum: To‘qayevdan muhim bayonot, ovoz bergani kelgan 100 yoshli otaxon (foto)
Bugun, 6-oktyabr kuni Qozog‘istonda atom elektr stansiyasi qurilishi bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tmoqda.
Ovoz berish uchastkalarining umumiy soni 10 323 tani tashkil etadi.
Xabar.uz muxbiri chet ellik jurnalistlar qatorida jarayonni kuzatish uchun Ostona shahridagi 60- va 256-ovoz berish uchastkalarida, shuningdek, Oqmola viloyati Qosshi shahridagi 750-ovoz berish uchastkasida bo‘ldi.
Mamlakat Markaziy saylov komissiyasi ovoz berish uchun 12 million 244 ming 683 nafar fuqaroni ro‘yxatga olgan.
Referendumga kelgan fuqarolar «Siz Qozog‘istonda atom elektr stansiyasi qurilishiga rozimisiz?» degan savolga javob qaytarmoqda.
Erta tongdan ovoz bergan Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev referendumni «tarixiy hodisa» deb atagan.
«Xalq qanday qaror qabul qilishidan qat’i nazar, davlat uni qabul qiladi. Oqilona qaror qabul qilinishiga ishonaman», – degan u.
Qozog‘iston Energetika vazirligi avvalroq ko‘pchilik aholi referendumda AES qurilishini yoqlagudek bo‘lsa, pudratchi sifatida Xitoy, Janubiy Koreya, Rossiya va Fransiya kompaniyalaridan biri tanlanishini ma’lum qilgan edi. Prezident Q.To‘qayev ovoz berish uchastkasida jurnalistlar savollariga javob berar ekan, AES qurilishi uchun bir davlat shirkatini emas, balki ilg‘or texnologiyalarga ega kompaniyalarning xalqaro konsorsiumini tanlagan ma’qul ekanini ta’kidladi.
Uchastkalarda alohida ehtiyojli, ya’ni nogironligi bor fuqarolarga ham alohida e’tibor qaratilgan. Ovoz berish qulayligi uchun panduslar, taktil belgilari, brayl alifbosi bilan jihozlangan kabinalar, maxsus quloqchin va kompyuterlar o‘rnatilgan.
Darvoqe, referendum kuni Ostona, Turkiston, Aqto‘be kabi yirik shaharlarda jamoat transporti bepul qilib qo‘yilgan.
Hukumat va parlament vakillari asosan poytaxtda ovoz bermoqda. Ostona shahridagi 60-ovoz berish uchastkasida Qozog‘iston Respublikasi Raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vaziri Jaslan Madiyev ovoz berayotganiga guvoh bo‘ldik.
Plebissitni 30 davlatdan kelgan 177 nafar kuzatuvchi, shuningdek, MDH, ShHT, Turkiy davlatlar tashkiloti, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash kabi xalqaro tashkilotlar vakillari kuzatib bormoqda.
Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi o‘rinbosari Sa’di Ja’farov Xabar.uz muxbiriga aytishicha, xalqaro tuzilma Qozog‘istonga qisqa missiya bilan kelgan.
«Biz ovoz berish va ovozlarni hisoblash jarayonini kuzatib boramiz. Ovoz berish jarayoniga bag‘ishlangan matbuot anjumanida qatnashamiz. Soat 7 dan buyon uchastkalarda qonunchilikka nechog‘li rioya etilayotganini o‘rganmoqdamiz», – deydi TDT bosh kotibi o‘rinbosari.
AES qurilishi umummilliy ahamiyatga molik masala bo‘lgani sabab qozog‘istonliklar bu borada o‘z pozitsiyasini faol bildirishga urinmoqda. Masalan, Oqmola viloyati Qosshi shahrida yashovchi 100 yoshli urush faxriysi Nurqosim Ajitay o‘g‘li uchastkaga o‘zi kelib ovoz berdi.
Qozog‘iston prezidenti AES qurilishi masalasini umumxalq muhokamasiga qo‘yishni 2023-yil 1-sentyabrda taklif etgan. 2024-yil 2-sentyabr kuni referendumni 2024-yil 6-oktyabrda o‘tkazish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan.
Ovoz berish soat 7:00 dan 20:00 gacha davom etadi. Referendumning yakuniy natijalari 7 kun ichida e’lon qilinadi.
Ovoz berish huquqiga ega fuqarolarning yarmi qatnashgan taqdirda referendum bo‘lib o‘tgan deb hisoblanadi.
MSK ma’lumotiga ko‘ra, soat 12 da ovoz berish huquqiga ega 4 804 182 nafar qozog‘istonlik (elektoratning 39,23 foizi) konstitutsiyaviy huquqidan foydalanib bo‘ldi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter