Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonning futbol bo‘yicha ayollar jamoasiga yangi bosh murabbiy tayinlandi

O‘zbekistonning futbol bo‘yicha ayollar jamoasiga yangi bosh murabbiy tayinlandi

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyati O‘zbekiston ayollar milliy terma jamoasi bosh murabbiyligiga nomzod Kotrina Kulbite bilan uchrashdi. Dastlab, litvalik mutaxassis mamlakat futboli tarixi va qo‘lga kiritilgan yutuqlar bilan tanishtirildi. Shuningdek, bugungi kunda yurtimizda ayollar sporti, xususan, futbolga berilayotgan e’tibor haqida ma’lumot berildi.

O‘FA rahbariyati ayollar futboli kun sayin rivojlanayotgani va futbol bilan shug‘ullanayotgan qizlar soni ortib borayotganini e’tirof etib, O‘zbekiston mezbonlik qiladigan 2029-yilgi ayollar Osiyo kubogida munosib ishtirok etish, Jahon chempionati va Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olish asosiy maqsadlar ekani, shuningdek, joriy yilning iyun oyida o‘tkaziladigan 2026-yilgi ayollar Osiyo kubogi saralash bosqichida yuqori natija ko‘rsatib, qit’a turniriga yo‘llanma olish zarurligini ta’kidladi.

O‘z navbatida Kotrina Kulbite ulkan tarix va katta potensialga ega jamoa bosh murabbiyi etib tayinlanayotganidan mamnun ekani va O‘zbekistonda ayollar futboli yanada rivojlanishida bor kuch-g‘ayratini ishga solishga tayyorligini bildirdi.

Shundan so‘ng, UYeFAning «Pro» litsenziyasiga ega bo‘lgan Kotrina Kulbite bilan shartnoma masalasida dastlabki muzokaralar olib borildi. Litvalik mutaxassisning vazifalari muhokama qilindi va kelgusidagi rejalar xususida fikr almashildi.

Ma’lumot o‘rnida, Kotrina Kulbite UYeFAning murabbiylarni o‘qitish bo‘yicha instruktori hisoblanadi. Litva ayollar terma jamoasi va turli yosh toifalaridagi qizlar terma jamoalarida bosh murabbiy va yordamchi murabbiy lavozimlarida faoliyat yuritgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring