O‘zbek-qirg‘iz chegarasida yana ikkita bojxona posti ochildi
Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumani Qorasuv shahrida joylashgan «Qorasuv» chegara bojxona posti 14 yillik tanaffusdan so‘ng yana o‘z faoliyatini qayta tikladi.
«Qorasuv» chegara bojxona posti 3 gektardan ziyod maydonga ega bo‘lib, endilikda post orqali kuniga 12 ming nafardan ziyod fuqarolar o‘tib-qaytishlari mumkin.
Chegara bojxona postida yo‘lovchilar asosan yopiq inshootlar bo‘ylab harakatlanishadi. Postda bojxona nazorati va rasmiylashtiruvini tezkor va samarali amalga oshirish uchun barcha sharoitlar nazarda tutilgan.
Postning ochilishi qo‘shni davlat fuqarolari uchun ham bir qator qulayliklarni yuzaga keltiradi.
Jumladan, Qirg‘iziston Respublikasining O‘sh viloyatidan Jalolobod viloyatiga o‘tish uchun shu vaqtga qadar 120 km masofa bosib o‘tilgan bo‘lsa, endi ushbu masofa 101 km.ga qisqarib, O‘zbekiston hududi bo‘ylab tranzit tarzida atigi 19 km harakatlanish, kifoya.
Qayd etilishicha, 2017 yilda ikkala davlat o‘rtasida 2,3 million nafar fuqarolar harakatlangan bo‘lsa, bu raqam 2023 yilga kelib 16 million nafarga yetgan.
Davlat bojxona qo‘mitasi bergan ma’lumotga ko‘ra, bugun Namangandagi «Uchqurg‘on» chegara bojxona posti ham faoliyatini qayta tiklaydi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter