O‘smir va yoshlar oldida yangi xavf: giyohvandlik va psixotrop moddalarga qaramlik
AOKAda mas’ul xodimlar, mutasaddi tashkilotlar hamda OAV, yangiliklar saytlari bosh muharrirlari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda aynan shu masala yuzasidan xavf tug‘dirayotgan muammolar atroflicha muhokama qilindi.
Xususan, aholi, shu jumladan, o‘smir va yoshlarning giyohvandlik moddalari va psixotrop, tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari hamda yangi turdagi sintetik moddalar iste’moli sog‘lom avlodni shakllantirishdagi tahdidlarini ommaviy axborot vositalari orqali yoritish, bu kabi salbiy illatlarga qarshi kurashni keng targ‘ib qilish choralari yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Shuningdek, aholi orasida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarga nisbatan qarshi immunitetni shakllantirish, inson salomatligini ta’minlashga qaratilgan ishlarda OAVning rolini kuchaytirish tahlillar asosida ko‘rsatildi.
Shu bilan birga, yangi turdagi sintetik giyohvandlik vositalari va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni inson omilisiz Internet va ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan holda aholi, ayniqsa yoshlar orasida oson tarqatilayotgani mas’ul davlat tuzilmalarining, shu jumladan, media vakillarining bu boradagi faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish zarurati qayd etildi.
Ta’kidlanishicha, respublikamizda giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasining barvaqt oldini olish, aholida ularni iste’mol qilishga nisbatan «immunitet»ni shakllantirish orqali genofondimizga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni bartaraf etish imkoniyatini hosil qilish mumkin.
Mutasaddilar O‘zbekistonda giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha 2024-2028 yillarga mo‘ljallangan Milliy strategiyadagi ustuvor maqsadlarni amaliyotda qo‘llash ahamiyati borasida alohida to‘xtalishdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter