O‘limga olib kelishi mumkin bo‘lgan yangi siroplar topildi
Janubiy va Shimoliy Amerika, Sharqiy O‘rta Yer dengizi, Janubi-Sharqiy Osiyo va G‘arbiy Tinch okeani mamlakatlarida tarkibida bolalarning o‘limiga sabab bo‘ladigan zaharli modda mavjud allergiya va yo‘tal siroplari topildi. Bu haqda Reuters Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bayonotiga tayanib yozmoqda.
Avvalroq JSST Gambiya, Indoneziya va O‘zbekistondagi 300 dan ortiq bolaning o‘limini Hindiston va Indoneziyaning oltita farmatsevtika kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan yo‘tal siroplari bilan bog‘lagan bo‘lsa, endi gap Pokistonning «Pharmix Laboratories» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan sifatsiz siroplar haqida ketmoqda.
Ma’lum qilinishicha, siroplar tarkibida avtomobil dvigatellari uchun sovitish suvi (antifriz) ishlab chiqarishda qo‘llanadigan etilen glikol birikmasi kritik darajada yuqori. Yuqorida aytilgan preparatdagi etilen glikol bilan ifloslanish darajasi 0,62 foizdan 0,82 foizgacha, mumkin bo‘lgan daraja esa 0,10 foizdan kamroq bo‘lishi kerak.
Noyabr oyida Pharmix Laboratories korxonasida o‘tkazilgan rejali tekshiruv chog‘ida Alergo yo‘tal siropi tarkibida zaharli modda aniqlangan. Keyingi testlar farmatsevtika kompaniyasining bir qator boshqa dori vositalarida ham etilen glikol borligini aniqladi. Pharmix Laboratories barcha ichiladigan suyuq dori-darmonlarni ishlab chiqarishni to‘xtatishga qaratilgan.
JSST ma’lumotlariga ko‘ra, zaharli modda «Alergo», «Mucorid», «Zinsell» siroplari va «Emidon» va «Ulkofin» suspenziyalarining 23 partiyasida topilgan.
«Ushbu sifatsiz dori-darmonlar xavfli va ulardan foydalanish, ayniqsa bolalarda, jiddiy aks ta’sirga yoki o‘limga olib kelishi mumkin», – deb ogohlantirdi JSST.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter