Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Navro‘za Biynazova: «Shaytanat»dagi rolimga Rayhon G‘aniyeva sababchi bo‘lgan» (video)

Navro‘za Biynazova

Telejurnalist, ssenariynavis, kinorejissyor.

«Shaytanat» serialidagi Zaynab obrazi ijrochisi.


1988 yil. Bekatda avtobusini kutayotgan 17 yoshli qizni bir ayol kuzatib turarkan, qiz ham buni payqagach, ayol muddaoga ko‘chadi: «Men «O‘zbekfilm»danman. Yangi chehralarni izlayotgandik. Fotosinov topshirib ko‘ring!»

Qiz  fotosinov topshirgani «O‘zbekfilm» kinostudiyasiga boradi. Lekin uning yoshi bo‘lajak film qahramonining turli yosh davrlarini ijro qilish uchun to‘g‘ri kelmaydi. «O‘zbekfilm» ostonasidan ilk bor xatlagan 17 yoshli qiz bu dargohga maftun bo‘lib qoladi. Bu uning kino bilan, kino muhiti bilan ilk uchrashuvi edi! Qiz oradan 10 yil o‘tib, taqdiri yana kino bilan  tutashishini xayoliga ham keltirmagandir, ehtimol...

Mana o‘sha 17 yoshli qizning fotosinov uchun tushgan surati. Yuzdagi istara sizga tanishmi?... Eslab ko‘ring-a? Ayniqsa, nigohlardagi sirlilik sizga kimni eslatayapti?  

 

U kelajakda san’atning boshqa yo‘lini tutgan bo‘lsa-da, baribir, taqdir taqazosiga ko‘ra kinoda birgina obrazi bilan tomoshabin yodida qoldi. Bu uning – «Shaytanat» serialidagi Zaynab obrazidir. To‘g‘ri, u professional aktrisa emasdi. Lekin asar muallifi, yozuvchi Tohir Malikning Zaynab obraziga nomzodlar borasida bildirgan fikri hal qiluvchi qaror bo‘lgandi.

«Shaytanat» seriali rejissyori Jahongir Qosimov bilan bitta telekanalda faoliyat yuritganmiz. Birgalikda ko‘rsatuv tayyorlardik. Rejissyorga serial uchun muharrir kerak bo‘lgan. Shu tariqa, serial jamoasiga qo‘shilgandim. Zaynab ijrochisini uzoq vaqt izlashgan. Kinosinovga juda ko‘p qizlar kelishgan. Ular  orasida mashhur chehralar ham bor edi. Xonanda Rayhon G‘aniyeva ham kinosinovga kelgan. U kinosinovni juda yaxshi topshirgandi. Biroq ijodiy guruh uning nomzodida nimagadir ikkilanishgan. Shunday bo‘lsa-da, qarangki, meni kinosinov topshirishimga Rayhon G‘aniyeva sababchi bo‘lib qolgan. U kelgach, ijodiy guruh a’zolari ikkimizning yuz tuzilishimizdagi o‘xshashlikni payqab qolib, menga «Sen ham kinosinov topshirib ko‘rgin!» deyishgan. Kinosinov topshirdim. Kimdir qarshi bo‘ldi, yana kimdir men tomon... Keyin yana qayta ikki-uch marta kinosinov topshirdim. Nomzodlarni kuzata turib, juda muvaffaqiyatli kinosinovlarni guvohi bo‘lganman. Lekin baribir, hal qiluvchi qaror gapni asar muallifi, atoqli yozuvchi Tohir Malik aytganlar: «Mana shu qiz – haqiqiy otasining qizi!» 

Bu mavzudagi seriallar bizda kamyob bo‘lganligi uchun ham xalq «Shaytanat»ni o‘zgacha qiziqish bilan kutib olgan, deb o‘ylayman.  Shu sababli ham, serialning har bir qahramoni tomoshabinga yaxshi tanishdir, ehtimol. Garchi so‘zlari va dialoglari kam bo‘lishiga qaramay, serialning boshqa qahramonlari qatorida negadir Zaynab ham tomoshabin yodida qolgan. O‘sha paytda men uchun Zaynab ikkinchi planda qolib ketgandek, faol emasdek ko‘ringan. Hozir ham shu fikrdaman. Qahramon qahramonligini qachon qiladi? Qachonki, o‘z munosabatini, o‘z qilmishini sezilarli darajada sodir etsagina! Lekin yana bir tomoni, serialning keyingi qismlarida Zaynab butunlay o‘zgaradi. Balki shuning uchun ham serialning boshida u faol emasdir. Dastlabki qismlarda uni sokin, sipo tarzda tasvirlanishi sababi keyingi qismlarga qaraganda taqqoslash uchun bo‘lgandir, deb ham o‘ylab qolaman.

O‘shanda 27 yoshda edim. Sog‘inaman suratga olish jarayonlarini... Serial suratga olingan makonlarni qo‘msayman... O‘sha eski uylar, «Labzak»dagi hovlilar... Bir kuni borganman o‘sha uylarni izlab. Lekin topolmadim. Balki buzilib ketgandir, balki manzilda adashdim. Zaynabni o‘g‘irlab ketishganidan keyin bitta uyga olib kelishadi-ku. U uy juda eski, qadimiy uy edi-da, antiqa. Ilgari o‘sha uy karvonsaroy bo‘lgan ekan. Uch qavatli, uyning tagida shunaqa qismi bor ediki, xuddi yerto‘laga o‘xshab ketardi. U yerga otlarni bog‘lashgan ekan. Suratga olish paytida peshonam yorilishiga sababchi bo‘lgan darvoza ham shu uyning darvozasi edi. Meni uyga boshim bilan eshikka turtib, olib kirishgan va  peshonam bilan darvozaga urilganman. Ikki-uch karra qilingan  repetitsiyada bu narsa bo‘lmagan. Aktyor har safar tirsagi bilan ochardi eshikni. Negadir, suratga olish paytida buni aksi bo‘ldi. Aktyor eshikni tirsagi bilan ochishga ulgurolmaganmi, esidan chiqib qolganmi, bilmadim, xullas, buni oqibatida peshonam yorilgan...

Aktrisa bo‘lmaganligim uchun Zaynabni talqin qilish qiyin tuyulgan. O‘zimga savol berardim: Qanday o‘ynayman? O‘zi u qanaqa qahramon? Keyin umuman, Zaynab meni tabiatimga yot qahramon edi. O‘zimga yaqinroq bo‘lsa-ku, boshqa gap. Masalan, Zulfiqor Musoqov filmlarida ham epizod rollarni ijro qilganman. Bu rejissyor bilan ishlash menga qulay va jarayon oson kechadi. Chunki, aslida, hech narsani ijro qilish kerak emas, balki kadrda o‘zim bo‘lib turib beraman.

«Shaytanat» serialida bitta epizod bor: Zaynab uyiga qaytib kelgach, otasi bilan birinchi uchrashuvi. Bu epizod uzun bitta planda suratga olingan. Bitta repetitsiya qildim, ko‘rishdi. Kimdir yaxshi, kimdir yana qayta ishlash kerak, dedi. Keyin ikkinchi dubl qiladigan bo‘lishdi. Men uchun bu vaziyat, aytayotgan tavsiya, ko‘rsatmalari tushunarsiz kechayotgandi. Shunda menga rahmatli aktyor Jamshid Zokirov yordam berganlar. «Ota-qiz uchrashuvi» epizodi mohiyatini osongina tushuntirdilar, hayotiy qilib: «Nima bo‘lgan bo‘lsa ham, bunda seni aybing yo‘q! Bo‘lgan voqeada o‘zingni aybdor sanama! Lekin otang bilan yuzma-yuz kelishing muqarrar!...» Shundan keyingin-a, ichki sezgi bilan shu epizodni ijro qilganman. Jamshid aka o‘sha gapni o‘ta xotirjamlik bilan aytgandilarki va ana shu hotirjamlik  menga ham yuqqandi va albatta, ijroimga ham...

Rejissyor «Motor!» deganidan so‘ng yoki o‘sha narsa bo‘ladi yoki yo‘q! Aytishadi-ku, bu lahzada bir ilohiy ilhom to‘lqini keladi-da va sizni o‘zi boshqaradi. Beixtiyor sodir bo‘ladi hammasi! Mana shu narsa uchun kamera qarshisida turging kelaveradi!  

Zaynab qahramoni orqali xalqqa tanildim. Ko‘rsatuvlarim mavzusi tor doiraga mo‘ljallanganligi uchun hamma ham ko‘rmasdi shekilli. Ko‘cha-ko‘yda «Siz o‘shami?» deyishadi. Ba’zida ha, deyman, ba’zida esa yo‘q. O‘xshayman, lekin u emasman, deb ham javob beraman (kuladi).

Navro‘za Biynazova bilan suhbatimiz Zaynab obrazi haqida boshlanib, davomi esa uning televideniye sohasida faoliyat yuritgan yillari va ssenariynavislik ijodida yetakchi o‘rin tutgan ayollar mavzusi haqida bo‘ldi. Shuningdek, ijodkor o‘zining sevimli kitoblari borasidagi fikrlari bilan ham bo‘lishdi. Suhbatni batafsil xabar.uzning  youtube sahifasida tomosha qiling.

Lobar Qobilova suhbatlashdi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring