Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Mahobatli Ayo Sofiya masjidi va mashhur vatandoshlarimiz haqida hikoya qiluvchi muzey (foto)

Mahobatli Ayo Sofiya masjidi va mashhur vatandoshlarimiz haqida hikoya qiluvchi muzey (foto)

Ayo Sofiya masjidi.

Foto: Xabar.uz

Turkiya madaniyat va turizm vazirligi tashkil etgan «Turkiyada Ramazon» dasturi doirasida o‘zbekistonlik va ozarbayjonlik ommaviy axborot vositalari xodimlari, jumladan, Xabar.uz muxbirining safari davom etmoqda.

18-mart kunining ikkinchi yarmida ular Istanbuldagi Ayo Sofiya tarixi muzeyi va masjidi hamda Islom fan va texnologiya tarixi muzeyi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Quyidagi hikoyamiz shu haqida.

Ayo Sofiya tarixi muzeyi Sultonahmat maydonining yonida joylashgan. Garchi yomg‘ir yog‘ib tursa-da, muzeyga kiruvchilar soni juda ko‘pligiga guvoh bo‘ldik. Turli millat va din vakillaridan iborat tashrif buyuruvchilarni nima o‘ziga bunchalik tortyapti, yomg‘irli, biroz sovuq havoga qaramasdan, ularni uzun navbatda turishga nima majburlayapti? Sabr bilan o‘z navbati kelishini kutayotganlar safiga qo‘shilganimizda shu savollar xayoldan o‘tdi.

Muzeyga kirgach, savollarga javobni topdik. Muzey Ayo Sofiya masjidining 1700 yillik tarixini sanoqli daqiqalarda taqdim etadi. Muzeyning ikki yuqori qavatida keng ko‘lamli audio-vizual dastur mavjud, uchinchi qavat Rim davrini, ikkinchi qavati esa Usmonli davrini qamrab oladi. Tashrif buyuruvchilar 13 ta hudud bo‘ylab sayohatga otlanadilar.

Eng ilg‘or texnologiyalar, interaktiv displeylar va immersiv audio hikoyalardan foydalangan holda muzey tarixni jonlantiradi, mehmonlarni yashirin hikoyalarni o‘rganishga undaydi. Darhaqiqat, ko‘p tilli garnituralar yordamida masjid tarixini o‘z ona tilingizda tinglaysiz, video ko‘rinishda esa jonli tarixni ko‘rasiz va oxirida qoyil qolasiz. Muzeydan chiqqach uzoqdan ko‘rinib turgan me’moriy mo‘’jiza — Ayo Sofiya masjidiga boshqacha nigoh bilan qaraysiz. Tarixni jonlantirish ham san’at. Oldingi tasavvuringizdagi masjidni yangitdan ko‘rishni boshlaysiz. Ana shu taassurotlar bilan masjid sari yurdik.

Yong‘in va zilzilani boshdan o‘tkazan Ayo Sofiya — Turkiyadagi me’moriy yodgorlik, Vizantiyaning «oltin davri» ramzi. 532–537-yillarda Vizantiya poytaxtida qurilgan.

U zamonaviy Istanbulning tarixiy markazida, Sultonahmet tumanida joylashgan. 1985-yildan buyon Ayo Sofiya Istanbulning tarixiy markazidagi boshqa yodgorliklar qatori UNESCOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Balandligi 55,6 metrni tashkil qiladi. Hozir tomosha qilish uchun keladiganlar masjid orqa tarafidan kiritiladi. O‘ziga xos, aylanma yo‘ldan ko‘tarilib, masjdining eng yuqori qavatidan turib tomosha qilish mumkin. Ibodat qilmoqchi bo‘lanlar esa masjid old tarafidan kirishadi. Mahobat va salobat, o‘ziga xos sirlilik sizni qamrab oladi.

Istanbul Islom fan va texnologiya tarixi muzeyi — Gulhane bog‘idagi sobiq Imperial Stables binosida joylashgan. Muzey 2008-yil 25-mayda ochilgan bo‘lib, unda musulmon olimlarining IX–XVI asrlarga oid ilmiy asbob-uskunalari nusxalari namoyish etiladi. E’tiborlisi, muzeyda vatandoshlarimiz Mirzo Ulug‘bek va Ibn Sino faoliyati, fan taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi haqida hikoya qiluvchi stend tashkil qilingan.

Bizni kuzatishda davom eting, keyingi hikoyalarimiz Bursadagi tarixiy obidalar haqida bo‘ladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring