Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jahongir Otajonovning O‘zbekistonni tark etishiga taqiq qo‘yildi

Jahongir Otajonovning O‘zbekistonni tark etishiga taqiq qo‘yildi

Foto: Videodan lavha

Ijtimoiy tarmoqlarda xonanda Jahongir Otajonovning Urganch shahar aeroportidan Istanbulga ucha olmagani bunga Majburiy ijro byurosi tomonidan qo‘yilgan taqiq sabab bo‘lgani aytilgan videomurojaat tarqaldi. MIB axborot xizmati mazkur murojaat yuzasidan «Daryo»ga ma’lumot berdi.

MIB tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish ishlari davomida Jahongir Otajonov tomonidan sudlar qarorlariga asosan — fuqarolar S.F., M.S. va Ye.I.ga 3 nafar voyaga yetmagan farzandlari uchun aliment undiruviga oid uchta ijro ishlari mavjudligi aniqlangan.

Ushbu ijro ishlari bo‘yicha byuro organlari tomonidan majburiy ijro harakatlari olib borilgan. Jumladan, fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudining ijro hujjatiga asosan qarzdor Jahongir Otajonovdan undiruvchi S.F. foydasiga aliment undirish belgilangan. Byuroning Olmazor tuman bo‘limi tomonidan majburiy ijro harakatlari olib borilgan va undiruvchi S.F. ijro hujjatini ijrosiz qaytarish yuzasidan ariza bilan murojaat qilgani sababli, 2020 yil 21 yanvarda ijro hujjati undiruvchiga qaytarilgan va ijro ishi tamomlangan.

Shuningdek, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Urganch tumanlararo sudining ijro hujjatlariga asosan qarzdor Jahongir Otajonovdan undiruvchilar M.S. va Ye.I. foydasiga aliment undirish belgilangan. Byuroning Yunusobod tuman bo‘limi tomonidan majburiy ijro harakatlari olib borilgan va uning O‘zbekistondan chiqish huquqi vaqtinchalik cheklangan.

Ta’kidlanishicha, mazkur taqiqlar «Sud hujjatlari va boshqa organ hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi qonunning 42-1-moddasiga muvofiq qo‘yilgan.

«Respublikamizda sud qarorlariga ko‘ra, 300 mingdan ortiq alimentga oid ijro ishlari mavjud bo‘lib, 400 mingdan ortiq voyaga yetmagan farzandlarning huquqiy manfaatlarini himoya qilish bugungi kunning dolzarb masalalardan biri bo‘lib qolmoqda. Qarzdor fuqarolar o‘z vaqtida aliment bo‘yicha to‘lovlarni to‘lab borsa yoki o‘zaro kelishuvga ko‘ra, to‘lovlarni amalga oshirib, moddiy ta’minoti masalasiga e’tibor bersa, undiruvchilar tomonidan sudlarga ham murojaat qilishiga hojat ham qolmaydi», — deyiladi MIB munosabatida.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring