Istirohat bog‘lari va xiyobonlarni xususiylashtirishni taqiqlovchi qonunni Senat ma’qulladi

Senatning navbatdagi yalpi majlisda «Yer uchastkalaridan foydalanish tartibi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanishicha, yer va shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilik, shaharsozlik reglamentlari talablariga rioya etilishini ta’minlash, yerdan foydalanuvchilar, ijarachilar va mulkdorlarning yer uchastkalaridan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi xabardorligini oshirish maqsadida yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanish turlarini aniqlashtirish zarurati yuzaga kelmoqda.
Shuningdek, respublikada skverlar, istirohat bog‘lari, xiyobonlar, sayilgohlar hududlarini hamda ularda ekilgan daraxtlar muhofaza qilinishini kuchaytirish, ular yerlarida bino va inshootlar qurilishini oldini olish choralarini ko‘rish lozim.
Qonun bilan yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanish turlari joriy etilishi, aholining madaniy-maishiy ehtiyojlarini qondirish va dam olishi uchun foydalaniladigan yerlarni xususiylashtirish yoki begonalashtirish, hududlarini qisqartirish, ularda bino va inshootlar qurish taqiqlanishi qat’iy belgilanmoqda.
Ushbu cheklovlarni buzganlik uchun jinoiy javobgarlik kuchaytirilishi, botanika bog‘larini xususiylashtirish va ularning hududlarida qurilishni amalga oshirish taqiqlangan holda botanika bog‘larining muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ro‘yxatiga kiritilishini nazarda tutuvchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Xususan, Qonun bilan Yer kodeksi alohida bob bilan to‘ldirilib, yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanish tizimini joriy etish, ularni belgilash va o‘zgartirish tartibi tatbiq etilmoqda.
Qonunning qabul qilinishi yer resurslaridan oqilona foydalanish va boshqarish samaradorligini oshirish, yer fondining barcha toifalaridagi yer uchastkalarini bozor va kadastr baholash sifatini yaxshilash, yerdan foydalanuvchilar, ijarachilar va yer uchastkalari mulkdorlarining yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanish turlari bo‘yicha xabardorligini oshirish va sohada nazorat samaradorligini oshirishga xizmat qiladi, deyiladi xabarda.
Shuningdek, madaniy hordiq maskanlari va ularning hududlarini saqlab qolish, botanika bog‘lari va ularning yerlarini begonalashtirish, hududida bino-inshootlar qurish yoki qurilish osti maydonlarini kengaytirishni taqiqlaydi hamda mansabdor shaxslarning mas’uliyatini oshiradi.
Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter