Isroilning G‘arbiy Sohildagi asosiy maqsadi ochiqlandi

Isroil tanklari G‘arbiy Sohildagi qochqinlar lagerida. 2025 yil 23 fevral.
Falastinning ishg‘ol ostidagi hududi – G‘arbiy Sohilda bir oydan ziyod vaqt mobaynida harbiy amaliyot olib borayotgan Isroil armiyasi Tulkarm shahridagi qochqinlar lagerini vayron qildi va 12 mingdan ziyod kishini yashash joyini tashlab chiqishga majbur etdi.
Tulkarm hokimi Faysal Selame Isroil armiyasi hujumidan ko‘zlangan maqsad mintaqaning aholi tarkibini o‘zgartirish ekanini ta’kidlagan. Bu yerda yashovchi minglab aholini majburiy ko‘chirish amaliyoti ham ana shuni tasdiqlaydi.
Avval xabar berganimizdek, Isroil armiyasi HAMAS harakati bilan G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish haqida bitimga kelishganidan ikki kun keyin, 21 yanvar kuni G‘arbiy Sohilda keng ko‘lamli harbiy amaliyot boshladi. Hujum «aksilterror operatsiyasi» deya niqoblangan.
Isroil armiyasi G‘arbiy Sohildagi o‘nlab binolarni portlatdi. Yahudiy davlati armiyasi ushbu binolardan terrorchilar foydalanganini iddao qilgan. BMT esa hududda zo‘ravonlik kuchayib ketganidan xavotir izhor etgan.
Tahlilchilar G‘azo sektorini yashash uchun butkul yaroqsiz holga keltirgan Isroil armiyasi endilikda G‘arbiy Sohilda ana shunday vayronkor amaliyot o‘tkazayotganini aytmoqda.
Falastin sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, bir oylik harbiy amaliyot davomida G‘arbiy Sohilda 61 kishi o‘ldirilgan.
Buyuk Britaniyada joylashgan «Save the Children» tashkiloti hududda bolalarni o‘ldirish ko‘rsatkichi keskin ortganidan ogohlantirgan.
Avvalroq Isroilning radikal qanotga mansub moliya vaziri Betsalel Smotrich G‘arbiy Sohilda yahudiy uylarini qurish uchun mablag‘ ko‘paytirilishini ma’lum qilgandi. Xalqaro huquqqa zid bu tashabbus Yevropa Ittifoqi va boshqa davlatlar tomonidan qoralangan.
Isroil 1967 yilda bosib olingan Falastin hududlari – G‘arbiy Sohil va Sharqiy Quddusda ko‘p yillardan buyon noqonuniy yahudiy uylarini qurib keladi.
Isroildagi Peace Now inson huquqlar tashkiloti Binyamin Netanyahu hukumatining noqonuniy turarjoylar qurish harakatini qoralar ekan, bu orqali G‘arbiy Sohilni butunlay ishg‘ol etish ko‘zlanganidan ogohlantirgan.
BMT ham ko‘p yillardan buyon Tel-Avivning okkupatsiya siyosatini qoralab keladi. Xususan, BMT Xavfsizlik kengashining 2016 yil 23 dekabr kuni qabul qilingan rezolyusiyasida Isroildan ishg‘ol ostidagi Falastin yerlarida g‘ayriqonuniy turarjoylar qurishni butkul to‘xtatish talab qilingan.
So‘nggi vaqtlarda G‘arbiy Sohilda noqonuniy uylarda yashovchi yahudiylar tomonidan falastinliklarga nisbatan zo‘ravonlik harakatlari ham avj olgan. Tel-Aviv ma’muriyati tomonidan ularga qurol-aslaha tarqatilishi esa qonli fojialarga sabab bo‘lmoqda.
Inson huquqlari tashkilotlari Isroilni noqonuniy manzilgohlarda yashovchi o‘z fuqarolarining falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligiga qarshi zarur choralar ko‘rmaslikda ayblaydi.
G‘arb davlatlari Isroildan G‘arbiy Sohilda falastinliklarga nisbatan sodir etilayotgan zo‘ravonlik harakatlarini to‘xtatishni talab qilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter